FIDE Sindarovning mag‘lubiyatsiz seriyasiga e’tibor qaratdi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) O‘zbekiston va Germaniya terma jamoalari o‘rtasidagi Jahon shaxmat Olimpiadasining sakkizinchi tur uchrashuvida Javohir Sindarovning o‘yini alohida qayd etdi.
Mezbonlar ushbu turda musobaqadagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi — hisob 1,5:2,5. Shu bilan birga, Sindarov ikkinchi doskada Mattias Blyubaumni mag‘lub etib, jamoasiga yagona g‘alabani olib keldi.
«Aka-uka Svanalar qozongan g‘alabalar Mattias Blyubaumning ikkinchi doskada Javohir Sindarovga qarshi mag‘lubiyatini to‘liq qopladi. Sindarov o‘zining taassurotli mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirmoqda — yetti uchrashuvda 5,5 ochko», — deya ta’kidlanadi FIDE sharhida.
Birinchi doskada Nodirbek Abdusattorov Vinsent Keymerga qarshi durang natija qayd etdi. Germaniya termasiga hal qiluvchi ustunlikni esa Frederik va Rasmus Svana ta’minladi — ular mos ravishda Nodirbek Yakubboev va Shamsiddin Vohidovni mag‘lub etdi.
Sakkiz turdan so‘ng O‘zbekiston va Germaniya terma jamoalari 14 tadan jamoaviy ochko to‘pladi. Qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobga olinganida, O‘zbekiston terma jamoasi turnir jadvalida peshqadamlikni saqlab qoldi.
Eslatib o‘tamiz, Javohir Sindarov jahon shaxmat takhti uchun da’vogar hisoblanadi. Noyabr oyida u amaldagi jahon chempioni Dommaraju Gukeshga qarshi jahon chempioni unvoni uchun titul bahsini o‘tkazadi.

Fikrlar