FIFA Jahon chempionati huquqlarini sotishdan voz kechdi
Xalqaro futbol assotsiatsiyasi federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino taklif etgan jahon chempionati huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish rejasidan voz kechdi. Bu haqida New York Post nashri xabar berdi.
Manbaning taʼkidlashicha, bunday qaror loyiha FIFA doirasida keskin tanqidga uchragani va tashkilot ichida jiddiy ixtilof kelib chiqqanidan soʻng qabul qilingan. Xabarga koʻra, FIFA rahbariyati ayniqsa Evropadagi kayfiyatni yetarlicha inobatga olmagan – aynan Evropa terma jamoalari va klublari futbol industriyasidagi daromadning asosiy qismini taʼminlaydi.
"Ular bu gʻoyadan xursand emas. Hech qanday holatda bu tartibsizlikda ishtirok etishni davom ettirishni istamaydi", – deya keltiradi nashr manbalardan birining soʻzlarini.
Infantino taklifiga avvalroq Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA), Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi mamlakatlari futbol konfederatsiyasi (KONKAKAF), Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFC) va Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi (KONMEBOL) qarshi chiqqan edi. UEFA vakillari hatto FIFA homiyligidagi musobaqalarni boykot qilish ehtimoli haqida ochiq bayonot bergan.
FIFA rejasiga koʻra, tashkilotning asosiy erkaklar va ayollar musobaqalarini boshqaradigan alohida kompaniya tuzish ko‘zda tutilgan edi. Infantinonning fikricha, FIFA Forward Enterprise nomli bunday tuzilma FIFAga aʼzo assotsiatsiyalar daromadini oshirib, butun dunyoda futbol rivojiga turtki berishi kerak edi. FIFA bu sxema orqali 4,2 milliard dollargacha investitsiya jalb etish mumkinligini maʼlum qilgan.
Biroq tashabbus koʻplab futbol amaldorlari, milliy federatsiyalar va boshqa tuzilmalar tomonidan qattiq tanqid va rad etilishiga uchradi. Natijada FIFA mazkur loyihani amalga oshirishdan voz kechishga majbur boʻldi.

Fikrlar