Flik uch futbolchidan xavotirda. Oldinda PSJ bilan to‘qnashuv bor
«Barselona» bosh murabbiyi Hans-Diter Flik jamoa tarkibidagi bir nechta muhim futbolchi sog‘ligi yuzasidan xavotirga tushgan.
«Betis»ga qarshi o‘yinda Jerar Martin va Erik Garsiya jarohatga o‘xshash og‘riqlar sabab maydonni tark etdi. Jamoaning yana bir himoyachisi Jyul Kunde ham kichik muammolarga duch kelgani aytilmoqda.
«Hozirgi paytda eng asosiy masala – futbolchilarning tiklanishi. Bu juda muhim. Seshanba kuni bo‘ladigan uchrashuvda o‘yin vaqti qanday taqsimlanishini o‘ylab ko‘ramiz. 11 nafar asosiy futbolchini tanlashimiz kerak bo‘ladi.
Hozircha Garsiyaning ahvoli aniq emas, Kundeda ham kichik muammolar bor, Martinda ham shunday. Ko‘ramiz. Oldimizda yana ikki kun bor, shundan keyin holatni baholaymiz. Avvalo tibbiy ko‘rik natijalarini kutishimiz kerak», – deya Flikning so‘zlarini Goal nashri keltiradi.
«PSJ» va «Barselona» o‘rtasidagi uchrashuv seshanba kuni, 21 oktabrga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan 00:00da bo‘ladi.

Fikrlar