
FR: Cheranning gollari xato hisoblangan
"Paxtakor" matbuot xizmati Superliga startidan avval jamoa o‘yinchilarining O‘zbekiston chempionatidagi statistikasini keltirdi. Infografikada "sherlar" etakchisi Dragan Cheran nomiga 117ta gol yozilgan ("Transfermarkt" portali ham bu ma’lumotni tasdiqlayapti).
Aslida esa serbiyalik futbolchi tomonidan chempionatimizda kiritilgan to‘plar sonini hisoblashda kichik xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Aniqrog‘i, raqib himoyachisi o‘z darvozasiga to‘g‘rilab qo‘ygan avtogollardan biri Draganning nomiga yozilgan. Gap 2020 yilgi mavsumning 20-turi doirasida Termizda o‘tkazilgan uchrashuv haqida ketyapti. O‘sha o‘yinning 43-daqiqasida Cheran tomonidan yo‘llangan noaniq zarba "Surxon" vakili Asror G‘ofurovga rikoshet hosil qilib, darvoza to‘riga borib tushadi.
Yodingizda bo‘lsa, o‘sha o‘yin atrofida qiziq voqealar sodir bo‘lgan edi. Dastlab, rasmiy protokolda gol "Paxtakor" legioneri tomonidan urilgani qayd etiladi. Keyinroq O‘FA hakamlar va inspektorlar qo‘mitasi vaziyatni avtogol sifatida baholagan hamda uchrashuv qaydnomasiga o‘zgartirish kiritilgan edi.
Xullas, Cheranning Superligadagi gollari hozircha 116ta bo‘lib turibdi. Ulardan 82tasi "Paxtakor", 34tasi "Nasaf" libosida kiritilgan. Serbiyalik futbolchi O‘zbekiston chempionati tarixidagi eng mahsuldor legioner hisoblanadi.
Faxriddin Ro‘ziev
Fikrlar