FR: "Navbahor"ga transfer taqiqi qo‘yiladimi?

  • 7 may, 2023, 21:58
  • Odilbek Fayzullayev
  • 1
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

Namangan klubiga transfer taqiqi xavf solyapti. Bu haqda SPORTS.uz jurnalisti Faxriddin Ro‘ziev xabar berdi:

IMG_4578_1

"Bugun "Navbahor" uchun qayg‘uli kun (jamoa tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Viktor Romanovich Jalilov vafot etdi). Biz esa "lochinlar" uchun yana bir noxush xabarni etkazishga majburmiz.

Gap shundaki, klubga transfer taqiqi xavf solyapti. Bu namanganliklarning boshqa jamoalar oldida anchadan beri bajarilmay kelayotgan majburiyatlari bilan bog‘liq.

Aniqroq aytsak, "Navbahor" 2022 yilning yozida Aleksandr Kasyanning ijarasi, Doniyor Abdumannopovning transferi uchun OKMK va "So‘g‘diyona"dan qarzdor bo‘lib qolgan edi.

photo_2022-11-12_13-23-48

O‘sha shartnomalarda Namangan klubi Abdumannopovning transfer pulini o‘tgan yilning 1 oktyabriga qadar, Kasyanning ijara haqqini esa 15 dekabrgacha to‘lab berish majburiyatini olgan. Oradan ancha o‘tsa ham, puldan darak bo‘lmadi. Natijada, OKMK va "So‘g‘diyona" rahbariyati haqlarini undirib berishni so‘rab, O‘FAning tegishli qo‘mitasiga murojaat qildi.

O‘FA qoshidagi Futbolchilarning maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mita aprel oyining avvalida aynan shu masala bo‘yicha yig‘ilgan edi. Uzrli sabablarsiz "Navbahor" tomonidan hech kim qatnashmagan yig‘ilishning yakunida ish da’vogarlar foydasiga hal qilindi (bu haqda 10 aprel kuni xabar berganmiz).

Unda "lochinlar" Olmaliq va Jizzax klublari oldidagi qarzidan yaqin 20 kun ichida qutulishi aytilgan. Aks holda, "Navbahor-Lochinlari" futbol klubi 2ta transfer oynasi (yozgi va qishki)da yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkaza olmasligi to‘g‘risida ogohlantirilgan...

Bu qaror O‘FA rasmiy sahifalarida e’lon qilinmadi. Lekin aprel oyining 13-kunida ishtirokchi tomonlar pochtasiga yuborilgan va o‘sha kundan kuchga kirgan ekan.

Bugun qaror kuchga kirganiga 24 kun bo‘ldi. Demak, unda ko‘rsatilgan muhlat ham ortda qolgan. Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida OKMK va "So‘g‘diyona" mutasaddilari bilan bog‘landik. Afsuski, javob ijobiy bo‘lmadi...

Aftidan, "Navbahor" chigal vaziyatga tushib qolgan. Agar bizdagi ma’lumotlar rost bo‘lsa, Namangan klubi yaqin 2ta transfer oynasida hech kimni ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydi.

Hozircha bu haqda hech qanday rasmiy ma’lumot berilmadi. Kutishda, kuzatishda davom etamiz...", — deyiladi "FR| futbol ANALIZI" kanalida.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Абдурахмон лидер
08/05/2023 06:46
Ассалому алайкум. Хабарни Навбахорчиларга хижолат бўлиб етказишизни қаранг. Худди этда бошқача инсонлар ишлайдигандек. Хозиргиларга умуман фарқи йўқ ким ўлади ким йўқ бўлиб кетади. Шунақа инсонлар орсида яшаябмиз ўртоқ муаллиф. Афсус....