
"Fulxem" futbolchilari o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan o‘smirni hayotga qaytardi
Joriy mavsumda "Fulxem" APLga qaytish uchun asosiy da’vogar bo‘lib turdi. Mark Silva boshchiligidagi yigitlar elitada qaytish uchun barcha imkoniyatlarga ega. "Bristol Siti" bilan bahsning 50-daqiqasida Aleksandr Mitrovich raqib darvozasini ishg‘ol qilgach, golni nogironlar aravachasida o‘tirgan bolakay bilan nishonlashga qaror qildi. Bugungi hikoyamiz aynan shu yigit haqida...
13 yoshli Ris Porter "Fulxem" jamoasining ashaddiy muxlisi. U epilepsiya va tanasining yarmi falaj bo‘lgani bois, nogironlar aravachasiga mixlanib qogan. Ris Porterni klub ardoqlaydi. Siz, jamoaning rasmiy saytiga kirsangiz, uni futbolchilar ro‘yxatida uchratishingiz mumkin. Marek Rodar va Paulo Gazzaniganing o‘rtasidagi bolakayga e’tibor qarating!
Ris Londonning g‘arbiy qismida - Aksbridjda dunyoga kelgan. Kasal bo‘lishiga qaramay, futbol bilan shug‘ullanishda davom etmoqda. Unga, bu imkoniyatni "Feltxem Biz" jamoasi taqdim etdi. "Brentford" klubi qoshidagi bolalar jamoasi Porterni har jabhada qo‘llab-quvvatlab keladi. Unga, o‘yinlarda darvozani qo‘riqlash imkoniyatini taqdim etadi. Bolalar musobaqasidagi bir bahsda, "Feltxem" klubi bosh murabbiyi darvozaga Porterni joylashtirdi. Bu voqeani suratga olganlar ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirdi.
O‘zining futbol matchi turli ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketganidan xabar topgan bolakay, muxlislarning reaktsiyasi bilan qiziqdi. Achinarlisi shundaki, bildirilgan fikrlarning 90 foizi negativ edi. Mazax qilingan, tahqirlangan Ris chuqur depressiya holatiga tushib qoldi. Uning ahvoli haqida "Evening Standart" nashriga intervyu bergan onasi vaziyatga oydinlik kiritdi.
"Nega o‘rningdan turmayapsan? Agar oyoqlaring bo‘lmasa, futbol o‘ynab nima qilasan? Nogironlarga futbolda nima bor?" shu va shu kabi turli ayanchli izohlarni o‘qigan o‘spirin xonasini ichidan qulflab oldi va bir necha kun hech kim bilan so‘zlashmadi. Bu voqea omma yuzini ko‘rgach, barcha futbol vakillari uni ko‘nglini ko‘tarishga oshiqdi. "Chelsi", "Brentford", "Fulxem", "Everton", "Arsenal" klublari rasmiy xat bilan uni o‘z jamoasida ko‘rmoqchi ekanligini ma’lum qildi. Ko‘p o‘tmay, Ris "Uembli"dagi falaj futbolchilardan tashkil topgan Angliya terma jamoasi mashg‘ulotida ishtirok etish maqsadida xonasidan chiqdi.
Ertasi kuni BBC "Fulxem" bazasida shug‘ullanayotgan Ris Porter haqida kattagina ko‘rsatuv efir yuzini ko‘rdi. U o‘z sevimli jamoasi a’zolari bilan mashqlarda ishtirok etar ekan, baxtdan ko‘zlari chaqnab turar edi. Klub himoyachisi - Tim Rim Porterni mahkam bag‘riga bosdi. Jonli muloqot bo‘lishiga qaramay, 13 yoshli bolakay yig‘lab yubordi.
"Avvaliga men haqimdagi insonlarning fikrini o‘qib, juda xafa bo‘ldim. Meni dard, alam bilan yolg‘iz qoldirmagan barchaga rahmat. Hozir, xayriya ishlari bilan shug‘ullanuvchi Scope bilan hamkorlikni boshladim. Maqsadim, o‘zim singari imkoniyati cheklangan sportchilarni qo‘llab-quvvatlash."
O‘spirin 5 ming funt xayriya puli jamg‘arishni niyat qilgan. "Buni uddala", deb nomlangan harakat Britaniyada keng ommalashib ketdi. U o‘z seyvlarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashda davom etmoqda. Ayni damda, uning jamg‘armasidagi summa 20 ming funtdan oshib ketdi. Bu boshlanishi xolos.
"Fulxem" klubining rasmiy saytida shunday jumla yozilgan:
"Ris - sen "Fulxem" klubisan! Biz sen bilan faxrlanamiz!". "Bristol Siti" bilan o‘yindan so‘ng, Porter o‘z tvitter akauntida quyidagicha izoh qoldirdi:
"Ha Ris Porter "Bristol Siti" bilan o‘yinda kutilgan natijaga erisha olmadi, ammo kiritilgan golni birga nishonladik. Bu quvonchni men bilan baham ko‘rganingiz uchun rahmat. Sizning qo‘llab-quvvatlashingiz juda ham muhim."
Darhaqiqat, bu negativ komment sababli o‘z hayotiga qasd qilmoqchi bo‘lgan o‘spirinning ajib hikoyasi edi. Hayot juda qisqa. Uni salbiy narsalar uchun sarflashdan tiyiling. Atrofga boqing! Dunyo go‘zalikka to‘la.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar