
Futbol olamini hayratda qoldirayotgan qariyalar ramziy jamoasi
«Milan» jamoasi etakchisi Zlatan Ibrahimovich og‘ir jarohatdan so‘ng, safga qaytdi va «Torino» bilan o‘yinda maydonga tushdi. Uning ortga qaytishidan ilhomlangan SPORTS.uz evro futboldagi «qariyalar»ni yodga olishga qaror qildi.
Darvozabon: Jiji Buffon – 42 yosh
28 yanvar sanasida futbol olamining tirik afsonasi 43 yoshni qarshi oladi. Uning moliyaviy imkoniyatlari cheksiz bo‘lishiga qaramay, futbolga bo‘lgan qiziqishini to‘liq saqlab qolgani tahsinga sazovor. U nafaqat tarkibga kiritilish va zaxirada o‘tirish, balki maydonda ham «Yuventus»ga yordam berishdan to‘xtamayapti. Uning ajoyib o‘yini sababli «Yuve» «Kamp Nou»da gol o‘tkazib yubormadi. Shu g‘alaba sababli, «Yuventus» Kataloniya klubini EChL guruh jadvalida quvib o‘tdi va birinchi o‘rinni egalladi. Buffon hali-hamon sifatli futbol namoyish etishda davom etmoqda.
Himoyachilar: Kristian Madjo – 38 yosh
Madjo bir oydan so‘ng 39 yoshga kiradi. Qahramonimiz o‘z futbolchilik faoliyatini 20-asrda boshlagan edi. U «Fiorentina» va «Napoli» safidagi o‘yinlari bilan muxlislarga yaxshi tanish. Qahramonimiz 2010 yildagi JCh va 2012 yildagi Evropa chempionatida ishtirok etgan. Ayni damda, tajribasiz murabbiy – Filippo Inzagi qo‘l ostida «mo‘’jiza» ko‘rsatishda davom etmoqda.
Xilton – 43 yosh
«Monpele» himoyachisi 15 yildan beri «Liga» 1 da to‘p surmoqda. 2009/10 yilgi mavsumda u «Marsel» bilan chempionlikni qo‘lga kiritgan edi. Oradan ikki yil o‘tgach, «Monpele» safida yana bir bor chempion bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi. Ayni damda ham braziliyalik futbolchi «Monpele»ning asosiy tarkib futbolchisi sanaladi.
Bruno Alvesh – 39 yosh
«Zenit» bilan shartnoma imzolagan portugaliyalik futbolchi tez orada butsalarini mixga ilishi taxmin qilingan edi. Rossiyadan ketgach, Bruno o‘zining ikkinchi yoshligini boshlab yubordi. Portugaliya bilan Evropa chempionligini qo‘lga kiritdi. Hozirda, «Parma» safida har bir uchrashuvda 90 daqiqa harakat qilmoqda.
Fil Jagelka – 38 yosh
Filni ingliz futboli muxlislari «Everton»dagi o‘yinlari orqali yaxshi taniydi desak, adashmagan bo‘lamiz. U “Sheffild”da dunyo kelgan. Balki shu bois, futbolchilik faoliyatining so‘nggi mavsumlarini «Sheffild Yunayted»da o‘tkazayotgandir. U «irislar» a’zosiga aylanishdan avval, 300 ta o‘yinda «Sheffild» sharafini himoya qilgani ko‘pchilikka noma’lum bo‘lsa kerak. O‘z faoliyatini 1999/00 yilgi mavsumda boshlagan Jagelka hali-hamon «Sheffild»ning asosiy tarkib futbolchisi sanaladi.
Yarim himoyachilar: Andres D'alessandro – 39 yosh
Argentina futboli afsonasi ham butsalarini mixga ilmoqchi emas. «River Pleyt» afsonasini Rikelme singari Evropani zabt etishini taxmin qilgan edi, ammo u kutilgan darajada grand klublarda to‘p surmadi. Angliya, Italiya va Ispaniyadagi omadsiz mavsumlardan so‘ng, yarim himoyachi Braziliyaga yo‘l oldi. Kutilmaganda, u «Internasional» safida super o‘yin ko‘rsatishni boshladi. Bundan bir necha kun ilgari esa, uni Urugvayning «Nasional» jamoasi o‘z safiga qo‘shib oldi. Katta ehtimol bilan qahramonimiz aprel oyidagi tug‘ilgan kunini Urugvay poytaxtida nishonlaydi.
Xoakin Sanches – 39 yosh
Xoakin Ispaniya terma jamoasiga katta g‘alabalar kelguniga qadar, 150 dan ortiq uchrashuvda maydonga tushgan edi. Afsuski, Luis Araganesning jamoasida unga joy topilmadi. Shunga qaramay, Sanchesning faoliyatini omadsiz deb bo‘lmaydi. U o‘tgan mavsumda «Betis» safida butun mavsum 90 daqiqa to‘p surdi va barchani hayratda qoldirdi. Afsuski, yaqinda virus yuqtirib oldi va yana safdan chiqdi. Shunday bo‘lsa-da, uning kamida 40 yoshga qadar yuqori darajada futbol namoyish etishiga ishonchimiz komil.
Lucho Gonsales – 39 yosh
Braziliyada mashhurlikka erishgan yana bir argentinalik futbolchi. Lucho mana bir necha yildirki, «Atletiko Paranaense» safida yorqin futbol namoyish etib kelmoqda. «Portu» va «Marsel» safida qo‘lga kiritilgan sovrinlar orasida Braziliya chempionligi ham paydo bo‘lib qolishi mumkin. Lucho hozir aynan shu maqsad sari intilmoqda.
Hujumchilar: Jermeyn Defo – 38 yosh
2014 yilda Defo futbolchilik faoliyatini MLSda davom ettirishga qaror qildi. Ko‘plab mutaxassislar ingliz hujumchisi tez orada butsalarini mixga ilib yuborishiga shubha qilmay qo‘ydi. E’tiborlisi shundaki, Defo evrofutbolni sog‘indi va ko‘p o‘tmay «Toronto» safini tark etib, ortga qaytdi. Avvaliga, «Sanderlend» va «Bornmut» safida to‘p surdi. Hozirda esa, Stiven Jerrard boshchiligidagi «Reynjers» bilan chempionlik sari odimlamoqda. Bu chempionlik uning faoliyatidagi birinchisi bo‘ladi!
Rodrigo Palasio – 38 yosh
5 fevral sanasida argentinalik hujumchi o‘z tug‘ilgan kunini nishonlaydi. Bu hujumchilar uchun katta yosh biroq, qahramonimiz «Bolonya» safida stabil futbol namoyish etishda davom etmoqda. «Jenoa» va «Inter»dagi ajoyib mavsumlardan so‘ng, Palasio «Bolonya» bilan shartnoma imzoladi va bir necha yildan beri klub sharafini munosib himoya qilmoqda. Uning hisobida A Seriya»da o‘tkazilgan 400 ta o‘yin va 112 ta gol mavjud!
Zlatan Ibrahimovich - 39 yosh
Futbol olamidagi eng izzattalab qariya ham bugungi ramziy jamoamizdan o‘rin egallagan. Uning qaytishi, butun boshli «Milan»ni ruhlantirib yubordi. Shu bois, klub ulkan g‘alabalar sari harakat qilishni davom ettirmoqda. Bu mavsumda Ibra o‘zini super hujumchi ekanligini isbotlashda davom etmoqda. Jarohat olib safdan chiqqishidan avvalroq, 7 ta o‘yinda 10 ta gol kiritgan edi. Hozir esa, tiklanish jarayonini boshidan o‘tkazmoqda. Ayni damda, uning tipidagi “maqtanchoq” sayyoramizda boshqa yo‘q.
Fikrlar