Futzal. "Surxon" Oliy ligadan chetlatildi

"Surxon" futzal jamoasi 2025/2026 yilgi mavsum Oliy liga musobaqasidan chetlatildi. Bu xabarni Oʻzbekiston futzal federatsiyasi matbuot xizmati tarqatdi. 

"Oʻzbekiston futzal federatsiyasi Ijroiya qoʻmitasining navbatdan tashqari yigʻilishida mamlakat milliy chempionatining 8-tur uchrashuvlariga Termizning “Surxon” jamoasi yetib kelmagani masalasi koʻrib chiqildi.

Federatsiya 2025/2026 yilgi mavsumda Oʻzbekiston futzal federatsiyasi tomonidan oʻtkaziladigan futzal musobaqalari Reglamentining 8.6-bandiga muvofiq, “Surxon” jamoasiga 8-tur doirasidagi “Neftchi” hamda “Qizilqum” jamoalariga qarshi uchrashuvlarda texnik magʻlubiyat yozildi. Shuningdek, Fargʻona va Navoiy viloyati jamoalariga texnik gʻalaba berildi.

Ijroiya qoʻmita Reglament talablariga rioya etilmagani hamda jamoa 8-turda ketma-ket ikki uchrashuvga kelmagani sababli “Surxon”ni 2025/2026-yilgi mavsum Oliy liga va Kubok musobaqalarida ishtirok etish huquqidan mahrum etish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston futzal federatsiyasi Musobaqalarni tashkil etish va oʻtkazish departamentiga Reglamentga muvofiq ravishda “Surxon” jamoasi futbolchilarining Oliy va Birinchi liga klublari bilan qoʻshimcha shartnoma imzolashi hamda futbolchi sifatida ishga joylashishi uchun 2026-yil 14-fevraldan 27-fevralga qadar istisno tariqasida transfer oynasini ochish vazifasi yuklatildi", - deyiladi xabarda.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!