Goli Nzolaga yozilgan, qoshi yorilgan Husanovning o‘yinini Evropada qanday baholashdi? (foto)

  • 23 dekabr, 2024, 18:30
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Frantsiya kubogi doirasida “Lans” o‘z maydonida PSJ bilan kuch sinashdi. Bellashuvning asosiy vaqtida 1:1 hisobi qayd etildi. G‘olib penaltilar seriyasida aniqlandi. Lotereyada omad parijliklarga kulib boqdi – 3:4.

Tecno

Uchrashuv qahramoni Abduqodir Husanov bo‘ldi. 66-daqiqada hamyurtimizning kuchli zarbasi jamoadoshi Mbala Nzolaga tegib, darvoza to‘ridan joy oldi. Bu holatda gol angolalik hujumchiga, assist legionerimizga yozildi.

O‘yin yakunlanishi arafasida Husanovning qoshi yorildi va murabbiylar shtabi uni zaxiraga olishga qaror qildi.

Frantsiya futbolini yoritib kelayotgan manbalar, xususan, lensois.com portali ekspertlari “Lans” o‘yinchilarining harakatlarini quyidagicha baholadi.

Uchrashuvning eng yaxshi futbolchilari

Abduqodir Husanov

O‘zbek legioneri himoyadagi aqlli o‘yinlari bilan parijliklar hujumchilariga darvozaga xavf solish imkonini bermadi. Shu bilan birga Abduqodir hujum chizig‘ida ham o‘ynay olishini ko‘rsatdi.

Burchak to‘pi uzatilgan vaziyatda zarur paytda, kerakli joyda paydo bo‘ldi. Jarima maydonchasi ichidan darvoza tomon kuchli zaba yo‘lladi. To‘p yo‘l-yo‘lakay MBala Nzolaga tegib, Matvey Safonov darvozasidan joy oldi.

Husanov raqib hujumchilari Bredli Barkola va Gonsalu Ramushni bir necha bor to‘xtatib qoldi. Ana shunday vaziyatlarning birida qoshi yoritib, jarohat oldi.

Erve Koffi

Darvozada Bris Samba o‘rnini egallagan Koffi saviyali posbon ekanini namoyish qila oldi. Debyuti muvaffaqiyatli chiqdi deyish mumkin. O‘yinda xatoga yo‘l qo‘ygan vaziyatlar ham bo‘ldi, biroq ularni yuvib ketadigan seyvlarni ham amalga oshirdi. Penaltilar seriyasida qahramon bo‘lishi mumkin edi. Lekin buni uddalay olmadi.

Pshemislav Frankovski

Polshalik legioner keyingi uchrashuvlarda ancha ishonchli o‘ynamoqda. Bu gal raqib hujumlarini qaytarish barobarida o‘zi ham PSJ darvozasiga xavf tug‘dirdi.

Ishonchni oqlamagan o‘yinchilar

Anjelo Fuljini

PSJga qarshi uchrashuvda o‘zini ko‘rsatishi kutilgan Fuljini bu gal ishonchni oqlay olmadi. Parijliklarga qarshi bunday o‘ynab bo‘lmaydi.

Kevin Danso

Tajribali markaziy himoyachining xatosi tufayli Gonsalu Ramush hisobni tenglashtirishga erishdi. Shu tariqa, jamoasining ikki daqiqa avval kiritgan goli foydasiz bo‘lib qoldi.

Mbala Nzola

O‘yinga qo‘shilib keta olmadi. Texnikasi juda ko‘p bor pand berdi. Bir vaziyatda darvozani aniq nishonga ola bilmadi. Gol uning nomiga yozilgan bo‘lsa-da, hamma ishni Husanov bajardi.

Ta’kidlash joizki, PSJ Abduqodir Husanov uchun da’vogar klublardan hisoblanadi. 20 yoshli markaziy himoyachimizning bu galgi o‘yini ham Parij superklubi xo‘jayinlariga ma’qul kelgan, deb umid qilamiz.

Ana xolos: Husanovning transferiga qarshi chiqishmoqda!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Исмаилов Бахтияр
23/12/2024 16:58
Офарин узбек арслони Абдукодирга! Факат куз ёмон суздан узинг асра шу ёш юлдузни. Бутун ишкибозларнинг диккат марказида. Шу омон эсон кадрдон клубингга утвол псж ми ё бошкасими. Кейин Уз сборнийда порла ЖЧ да!!!!