Gvardiola: "Men murabbiylik ishini so‘ginmayman, hayotni qaytadan kashf etmoqchiman"
«Manchester Siti» va «Barselona» klublarining sobiq bosh murabbiyi Xosep Gvardiola hozirgi kunda murabbiylik faoliyatini umuman so‘ginmayotganini aytdi. Eslatib o‘tamiz, ispaniyalik mutaxassis o‘tgan mavsum yakunlangach «shaharliklar» jamoasini tark etgan edi.
«Ruhiy jihatdan menda so‘ginish yo‘q. 37 yoshimdan murabbiylikka kirishganman, butun hayotim futbol bilan bog‘liq bo‘lgan. Endi esa o‘zim uchun boshqa bir hayotni kashf etgim kelyapti, futboldan tashqari biror ish bilan shug‘ullanib, shu orqali baxtli bo‘lishni istayapman. O‘z ishimni yaxshi ko‘raman, lekin shunday palla keladiki, tanaffus kerakligini his qilasan. Balki bir kuni uyg‘onib: «Mayli, yana murabbiylikka qaytishni istayapman», derman. Lekin bu qarorga kelishim uchun avval shu ishni so‘ginishim kerak, hozir esa bunday his tuyg‘u yo‘q», — deydi Gvardiola.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda u o‘zining yangi hayoti qanday bo‘lishini anglab yetishga harakat qilmoqda.
«To‘xtash haqidagi qarorimga keldim, chunki o‘zimga ko‘proq e’tibor qaratmoqchiman. Farzandlarim va 95 yoshga kirgan otam bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishni istayman, u hali ham hayot. Mening yoshim 56 da, endi yosh emasman, dunyoqarashim biroz o‘zgardi. Hali-hanuz murabbiylikdan keyingi hayotga ko‘nikayapman, lekin hozircha hammasi juda yomon emas», — deya Gvardiolaning so‘zlarini keltiradi Sky Sport Italia.
Ayni paytda bir rassom Gvardiola va «Siti»ning 11 nafar futbolchisini bir vaqtning o‘zida tasvirlagan kartina yaratgani ham ma’lum qilindi.

Fikrlar