Gvardiola Messiga Keynni sherik qilmoqchi?!

  • 04.01.2021 17:59
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol

Bir nechta ingliz nashrlari Keynning «Manchester Siti» safiga borib qo‘shilishi haqida bong urmoqda. Bunga ishonish qiyin, ammo «Siti»ga ushbu transfer juda muhim. Bugun biroz ushbu mish-mishlar haqiqatga qay darajada yaqin ekanligi borasida bosh qotiramiz.

Aguero va Jezus borku?!

ag1

Aslida, markaziy hujumchi xarid qilish uchun klubda bunga ehtiyoj bo‘lishi lozim. Ayniqsa, nishondagi hujumchi 100 million evroga baholanayotgan bo‘lsa. Agar bu punktga e’tibor bersak, Keynning transferi «shaharliklar» uchun muhim ekanligini darrov anglaymiz. Sababi, oddiy: Aguero 33 yoshni «urib» qo‘ydi. Boz ustiga, uning klub shartnomasi yil so‘nggida yakuniga etadi. Jarohatlar bilan o‘ralashib qolgan forvardga jamoa yangi shartnoma taklif etmasligi aniq. Serxio bu mavsumda APLda atigi 103 daqiqa to‘p surdi, xolos. Jezusga stabillik etishmaydi. Braziliyalik futbolchi 2 ta yorqin o‘yin o‘tkazgach, 2 hafta o‘ziga kela olmay qolishiga bir necha bor guvoh bo‘lganmiz. Jezus ortda qolgan 14 ta o‘yinning 7 tasidagina maydonga tushdi. Hatto Aguero jarohat olgan paytlarda ham Pep Gvardiola Jezusning o‘rniga boshqa futbolchilarni hujum markazida maydonga tashladi. Aslida, Gabriel ancha avvalroq «Siti»ni tark etmoqchi edi. So‘nggi bor o‘tkazilgan «Kopa Amerika»dan keyin, Gabriel o‘zi uchun yangi jamoa izlashni boshlab yuborgan edi. «The Athletic» nashrining ma’lum qilishicha, futbolchi yozda grand klublardan biri bilan shartnoma imzolashga yaqin edi, biroq pandemiya barchasini barbod qildi. Agueroni ham jamoa bejizga olib qolgani yo‘q. Pep qishdayoq argentinalik hujumchini transferga qo‘ymoqchi edi. Leo Messining transferi borasida mish-mishlar paydo bo‘lgach, «shaharliklar» Agueroni Messi uchun kurashda g‘olib chiqish uchun qurol sifatida tarkibda olib qoldi. Kun Aguero va Messi bir necha yillardan beri qalin do‘st ekanligi transferning amalga oshishini tezlashtirib yuborishi taxmin qilingan bo‘lsa, ajab emas. Agar qishda manchesterliklar Messi bilan shaxsiy shartnoma borasida kelishuvga erishsa, yozda Agueroga yana bir yillik shartnoma taklif etiladi.

Gvardiola favoritni aniqladimi?!

ag2

«Manchester Siti» uslubi uchun aslida Roberto Firmino tipidagi hujumchilar ko‘proq mos keladi. Markaziy hujumchilardagi muammolar sababli Pep Sterling yoki Ferran Torresni markaziy hujumda to‘p surishga majbur qilmoqda. Afsuski, bu yigitlarda «qotillik» instinkti juda past. Shu bois, ular gollarni qalashtirib tashlay olmaydi. Aslida, so‘nggi yillarda «Manchester Siti»ning transfer bozoriga chiqishi haqida turli fikrlar yangramoqda. Shu kunga qadar «shaharliklar» Lautaro Martines, Aleksis Sanches va Erling Xoland transferi haqida bosh qotirdi, biroq Jezus-Aguero tandemi bunga hojat qoldirmadi. Endi esa, ular sekin-asta chetga chiqib bormoqda. Ularning o‘rnini Pep Xarri Keyn bilan to‘ldirishga qodir. Keyn Angliya terma jamoasi sardori bo‘lsa-da, hali birorta sovrin yutgani yo‘q! Tasavvur qilyapsizmi? Birorta ham sovrin yutmagan super forvardga APL g‘olibligi uchun asosiy da’vogarlardan biri taklif bilan chiqmoqda. Boz ustiga, «shaharliklar» «shporlar»dan bir necha barobar kattaroq maosh to‘lashga qodir. «Tottenxem» uchun ham bu transfer juda muhim. O‘zining biznes rejalarini amalga oshirish bilan band Daniel Levi klub ancha qarzga botib qolganini sezib turibdi. Katta kreditlar evaziga qurilgan stadion pandemiya sababli hech qanday foyda keltirmayapti. Levining rejalarini pandemiya buzib tashladi. Endi qarzlar ulkan foizlar «tug‘ib» tashlamasligi uchun ham tezda klubni qutqarish lozim. Keynning transferi muxlislarni xafa qilishi mumkin, biroq Levi uchun qulay imkoniyat. «Manchester Siti» klubi 2020 yilda «Partizan»da o‘zini ko‘rsatgan 18 yoshli hujumchi Stevanovichni 8 million evro evaziga sotib olgan. Uni «Manchester Siti» istalgan paytda o‘z qarorgohiga chaqirtirishi mumkin. Agar Keyn tarkibga qo‘shilsa, katta ehtimol bilan serb futbolchisi zaxira forvardiga aylanadi.

Keyn «Siti»ni kuchaytira oladimi?

ag3

Agar turnir jadvaliga qaraydigan bo‘lsak, «Siti»ning ahvolini og‘ir deb bo‘lmaydi. Zaxiradagi ikkita o‘yinda 6 ochko qo‘lga kiritilsa, turnir jadvalida etakchilik qilayotgan «Liverpul» va «Manchester Yunayted» bilan o‘rtadagi farq minimal ko‘rinishga keladi.
Ayni damda ko‘plab mutaxassislar Evropa Chempionlar Ligasida g‘olib chiqish uchun «Siti»ni «Bavariya»dan keyingi favorit sifatida ko‘rsatmoqda. Shunday ekan, «shaharliklar» o‘sish uchun oldinga qadam tashlashi lozim. Eng muhimi, «Manchester Siti»da moliyaviy imkoniyatlar chegaralanmagan. Klub ortiqcha qiyinchiliksiz tarkibni kuchaytirib olishi mumkin. Pep Gvardiola har mavsum 50-60 million evroga himoyachi oladigan odat chiqardi. Markazda Kevin De Bryuyne boshchiligidagi yigitlar o‘z ishini munosib uddalamoqda. Hujumda esa, muammolar mavjud. Shu bois, mutaxassislar jamoani EChL g‘olibligi uchun birinchi raqamli da’vogar sifatida ko‘rmayapti.
Keyn chinakam gol mashinasi. Boz ustiga, u Aguerodan besh yoshga kichikroq. Jismonan baquvvat va muammosiz 90 daqiqalik pressingda ishtirok eta oladi. E’tiborlisi shundaki, Joze uni nafaqat yakunlovchi, balki sifatli vaziyat yaratuvchi futbolchi ekanligini ham ko‘rsatib berdi. Keyn 15 ta o‘yinda 10 ta assistni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Qo‘shimchasiga 9 ta gol ham uning hisobida mavjud. Bu kuchli beshlik a’zolari ichidagi eng yaxshi natija bo‘lib turibdi. Hozirda, Keyn nafaqat gol kiritish, balki jamoa uchun ham to‘p surishga qodir ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi.
«Manchester Siti» Evropa Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonishi uchun birinchi navbatda oldingi chiziqni kuchaytirishi lozim. Buning uchun bir nechta futbolchini transferga qo‘yish darkor. Boz ustiga, yozda Leo Messi bilan shartnoma tuzilishi mumkin. Agar Messi kelsa, Keyn bemalol markazda to‘p surishi mumkin. Bu ikki transfer «shaharliklarni» uzoq kutilgan ulkan g‘alabaga erishish uchun tashlangan katta qadam bo‘lib xizmat qilishi aniq. «Shaharliklar»ning rahbarlari butun boshli UEFA bilan sudlashib g‘alaba qozondi. Ularga bu transferlarni amalga oshirish ortiqcha muammo tug‘dirmaydi.

Evropani zabt etish maqsadida arab shayxlari pullarni ayab o‘tirmayapti. Tan olish lozim, Pep so‘nggi yillarda amalga oshirgan ishlari bilan hech bo‘lmaganda, EChLning finalida to‘p surishga haqli edi. Afsuski, har safar so‘nggi zarbani yo‘llashda futbolchilar oqsamoqda. Ayniqsa, markaziy hujumchilar katta sahnaga chiqishi kerak bo‘lgan o‘yinlarda «Siti» oqsamoqda. Balki, Keynning transferi jamoani yangi darajaga ko‘tarilishida muhim rol ijro etar. Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Yaxyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!