Hakim Fuzaylov: "Jamoam 75 foizga yangilandi, ularga ozgina ishonch etishmayapti"
Bugun pro liganing 2-turiga start berildi. G‘uzorda “Sho‘rtan” o‘z maydonida “Buxoro” bilan kuch sinashdi va unda 0:0 hisobi qayd etildi.
Shu tariqa, buxoroliklar chempionatni ketma-ket ikkita durang bilan boshladilar. G‘uzordagi bellashuvdan keyin “Buxoro” bosh murabbiyi Hakim Fuzaylov bugungi uchrashuv borasida klub matbuot xizmatiga o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Hozir mavsumning boshida bunaqa o‘yinlar bo‘lishi tabiiy hol. Oldin aytganimdek, men o‘tgan yili ham pro ligada ishlagandim va yana qaytaraman: ligada kuchsiz jamoalar yo‘q, hisobi. Turdan-turga qiziqarli o‘yinlar ko‘payib boraveradi. O‘yin jihatidan ham jamoalar bir-biriga yaqin. Shu sababli qiyinchiliklar bo‘lib turadi.
Yana aytaman: mavsum endi boshlandi. Bahor fasli, mashg‘ulotlarimiz bir salqinda, bir yomg‘ir ostida o‘tyapti. Masalan, bugun dim havoda to‘p surdik, bu ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklar tug‘dirdi. Shunga qaramay, butun o‘yin davomida jamoalar barchani xayajonda ushlab turishdi. Jamoam 75 foizga yangilangan. Ularga ozgina ishonch etishmayapti. Lekin men futbolchilarimga ishonaman. Ularga vaqt kerak va albatta g‘alabalar bo‘ladi”, - dedi Hakim Qayumovich.



Fikrlar