
Hujumi no‘noq, himoyasi esa umuman yo‘q "Barselona"! Kulgili mag‘lubiyatiga aybdorlarni izlaymiz!
La Liga 22-turi doirasida "Barselona" "Vilyarreal" bilan kuch sinashdi va 3:5 hisobida raqibga mag‘lub bo‘ldi. Uchrashuv stsenariysini ko‘rgan odam esdan og‘ishi hech gap emas. Bilmadim, Xavi va uning jamoasi qanday qilib bu qadar qo‘pol va dahshatli xatolarga yo‘l qo‘ymoqda, tushunolmay hayronman. "Vilyarreal" u qadar ham zo‘r o‘ynab yuborgani yo‘q. Kulgili xatolar chiroyli o‘ynagan "Barselona"ni alamli mag‘lubiyatiga olib keldi.
"Vilyarreal"ning birinchi goli!
Quyidagi suratda tartibdan boshqa hamma narsa bor "Barselona" himoyasini ko‘rishingiz mumkin. Jerar Moreno o‘ta qulay nuqtadan zarba yo‘lladi. Unga hech kim xalaqit ham bergani yo‘q. Eng qizig‘i, hujumning tashkil etilishi ham juda sodda bo‘ldi. Alberto Moreno qanotdan Syorlotga to‘pni otib berdi. "Og‘ir karvon" norvegiyalik u qadar ham o‘zini qiynab o‘tirmay, "Barsa" jarima maydoni ichida "sayr qilib yurgan" Jerar Morenoga to‘pni uzatdi va gol!
Ikkinchi gol!
"Sariq suv osti kemasi"ning ikkinchi goli ham Xavi shogirdlarining xatosidan so‘ng kiritildi. "Barselona" himoyalanishda yaqqol xatoga yo‘l qo‘yayotgan jihat bu - markaziy himoyachilarning o‘ta oldinga tortilib o‘ynashi. Balki bu to‘pni tezkorlik bilan olib qo‘yib, hujumni qo‘llab-quvvatlashda ancha foydali hisoblanar, ammo jamoa 5 ta gol o‘tkazib yuborayotgan bir paytda hujum haqida o‘ylashga haqqi yo‘q. Avval mana bu muammo tuzatilishi kerak. Albatta, bu epizodda Kanseluning xatosi golga sababchi bo‘ldi. Portugal muxlislardan uzr so‘radi. Agar hamma xatosi uchun shunday qilganidida butun boshli "Barsa" mudofaasi va ularni joylashtiruvida no‘noqlik qilayotgan Xavi ham maydonni o‘zida bu ishni qilishi kerak edi.
Uchinchi gol!
"Barselona" uchinchi golni urib, kambek amalga oshirgach, o‘ta xotirjamlikka berildi. To‘pni o‘zida ortiqcha ushlab turish, bo‘sh zonalar vujudga kelayotgan holatda ham mayda pas o‘ynab, bellashuv haroratini tushirishga harakat qildi. Ushbu maqola sarlavhasida "Barsa"ni harorat jamoa, deb atadim. Ha, chindan ham hozirgi Xavi jamoasi ko‘p kambeklar amalga oshiryapti yoki kambeklar qurboni bo‘lyapti. Umuman olganda, har bir uchrashuvda raqiblari bilan bir-birini "go‘shtini eyapti". Oddiy, xotirjamgina o‘ynab, uchrashuvni nazorat ostida ushlab turib, g‘alaba qozona olmayapti Xavi shogirdlari. O‘zlari uchun diskomfort yaratib olib, o‘sha vaziyatdan chiqishga urinishlar har doim ham ish beravermaydi. Hozirgi "Barsa" tarkibida ko‘plab futbolchilar juda yosh va tajribasiz. Bu futbolchilarni konstruktiv ko‘rsatmalar orqali jamoa o‘yiniga hissasini oshira olish murabbiyning tajribasiga bog‘liq. Biroq Xavi ham xuddi futbolchilar kabi mahoratli, ammo tajribasiz! Ha aytgancha, quyida "Barselona"ning uchinchi goli qanday qabul qilib olinganini ko‘rishingiz mumkin. Qanot himoyachisi Kanselu qaerda yuribdi? Qaerda yurganini-ku ko‘rdik, ammo nega Gedeshni yopishga harakat qilmay markazga intilyapti, hayronman.
Tekin tomosha yoxud to‘rtinchi gol
To‘rtinchi golni ko‘rib, do‘stlarim bilan pul tashlashib, sun’iy maydonda to‘p tepgan paytlarim esimga tushib ketdi. Axir, yo‘qotadigan yoki yutsak, o‘zimiz bilan olib ketadigan narsamiz yo‘q. Himoyada ham va kerak bo‘lsa darvoza chizig‘i yonida ham fint qilishga, raqibimizni aldab o‘tishga harakat qilaverar edik. "Barsa" himoyachilariga durang ham ko‘plik qildimi yoki bir ochko olgandan ko‘ra mag‘lub bo‘lganimiz ma’qul deb hisoblashdimi, bilmadim. Xullas, stadionga kirganlar futbol ko‘rishdan tashqari o‘yin so‘nggida bepul "masxarabozlar" tomoshasiga ham guvoh bo‘ldi.
Bahsli penalti
Barcha aybni "Barselona" futbolchilari, himoyachilari yoki Xaviga ag‘darishdan yiroqman. Bugun "Barselona"ning yutadigan o‘yini edi. Realizatsiya va himoya oqsaganidan tashqari uchrashuv bosh hakami bir epizodda yaqqol penaltini "sariq suv osti kemasi" darvozasi tomon belgilamadi. Himoyachi qo‘lini olib qochishga harakat qildi, ammo to‘p baribir uning qo‘liga tegdi. Buning oqibatida potentsial xavfli hujum to‘xtab qoldi. To‘p elka aralash qo‘lga ham emas, aynan tirsak aralash bilakka tekkani ham penalti ehtimolini oshiradi. Yaqinda O‘zbekiston ishtirokidagi uchrashuvda hujum keskinligiga ham ta’sir qilmagan va shunchaki erda tayanch vazifasini bajarib bergan qo‘lga to‘pning nozikkina tegishi qoidalar asosida o‘n bir metrlik nuqta, deb topilgan bo‘lsa, mana bu epizod top-toza penalti bo‘lishi kerak emasmi? Balki, Ispaniyada qoidalar biroz boshqachadir, FIFA'ning ham "tishi o‘tmas" La Liganing ichki qoidalariga! Mazkur vaziyat o‘yinda burilish nuqtasi bo‘ldi. Agar mazkur holat penalti deb topilganda va "ko‘k-anorranglilar" undan unumli foydalana olganda, natija umuman boshqacha bo‘lishi ehtimoli yuqori edi. Shunda ham asosiy aybdor referi emas. 5 ta gol o‘tkazib yuborgan "Barselona" himoyasi bu maqomga hammadan ko‘p munosib.
Undan boshqa kim aybdor bo‘lishi mumkin?
Ayni damda Kataloniya klubida yaxshi tarkib bor. Har bir pozitsiyada bir-birini o‘rnini bemalol to‘ldira oladigan ijrochilar. Biroq eng katta muammolardan biri klub kuchli va tajribali tayanch yarim himoyachi bilan shartnoma imzolamagani, chamamda. Shuningdek, endi Xavi o‘rniga "qon ko‘rgan" tajribali mutaxassisni olib kelishning ham payti keldi. Xavi "Barselona" moliyaviy inqirozga tushib qolgan payti La Masiya futbolchilari va transfer bozorida "ikkilamchi" futbolchilar bilan amallab jamoani topda ushlab turgandi. Balki unga mana shunaqa pozitsiyada bo‘lish, aniqrog‘i, katta bo‘lmagan, muammoli jamoada vaziyatni barqarorlashtirib turish qulayroqdir. Har holda, klub ancha-muncha puli oshib-toshib ketayotgan klublar havas qilgulik futbolchilarni qo‘lga kiritgach, talablar ham oshadi. Xavi mana shu talablar, yirik titullarni yutishni istayotgan rahbariyat va muxlislar fonida salbiy natijalarning asosiy aybdori bo‘lib qolmoqda. Rostdan ham u istagan deyarli hamma futbolchilar olib kelingandan so‘ng natijalar yomon bo‘lsa, boshqa yana kim aybdor bo‘lishi mumkin?
Xudayqulov Karim maqolasi
Fikrlar