
Husanov Xoland bilan birga uzoq o‘ynaydigan bo‘ldi
“Manchester Siti” yaqinda kuzatilgan muvaffaqiyatsizliklardan keyin tarkibini tartibga solishga kirishdi.
“Shaharliklar” qishki transferlar vaqtida eng muammoli hisoblangan himoya chizig‘iga Abduqodir Husanov va Vitor Reys kabi yangi avlod markaziy himoyachilarini, hujumga “Ayntraxt” to‘purari Umar Marmushni oldi.
Shu bilan birga klub mutasaddilari bosh murabbiy Xosep Gvardiola suyangan futbolchilar bilan shartnomalarni yangilay boshladi.
Xususan, jamoaning eng zo‘r to‘purari Erling Xoland Manchesterda 2034 yilning yarmigacha qolish uchun yangi bitimga imzo chekdi.
Manbalarda ta’kidlanishicha, norvegiyalik forvardning avvalgi shartnomalarida uni transfer qilish huquqini beruvchi barcha bandlar yangi bitimdan olib tashlangan. Xoland bir imzo bilan klubda eng katta maosh oladigan o‘yinchiga aylandi.
24 yoshli Erling Xoland Norvegiyaning “Bryune” va “Molde” klublaridan etishib chiqqan. Bir yil Avstriyaning “Zaltsburg” jamoasida to‘p tepganidan keyin 2020 yilning yanvarida uni “Borussiya Dortmund” o‘z safiga qo‘shib oldi.
Mohir to‘purar Angliya Premer-ligasiga 2022 yilning yozida ko‘chib o‘tdi. Xoland hozirga qadar klublar miqyosidagi musobaqalarda jami 309 ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga 246 ta gol va 51 ta assist yozdirib qo‘ygan.
Bundan tashqari, mohir to‘purar xalqaro miqyosida ham tinimsiz gol urmoqda. Erling Norvegiya milliy terma jamoasi safida 39 ta o‘yinda qatnashib, raqiblar darvozasini 38 marotaba ishg‘ol qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov faoliyatini “Manchester Siti”da davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. “Shaharliklar” O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi uchun Frantsiyaning “Lans” klubiga jami 50 million evro o‘tkazib berishga rozi bo‘lgan. Manchesterliklar o‘zbekistonlik charm to‘p ustasiga uzoq muddatli shartnoma bergan.
Fikrlar