Husanov yana bir raqobatchidan qutiladi
“Manchester Siti” rahbariyati bosh murabbiy Xosep Gvardiola talabi bilan jamoa tarkibini qisqartirish siyosatini davom ettirmoqda.
Ispaniyalik mutaxassis boshchiligidagi murabbiylar shtabi joriy mavsumda jamoa o‘zagini tashkil qiladigan o‘yinchilarni aniqlab olgan. Asosiy tarkibga kirishga qiynalayotgan va o‘yin amaliyoti berilmayotgan bir necha o‘yinchilar klubni tark etmoqda.
Evropaning “top-ligalari”da yozgi transferlar oynasi yopildi. Hozircha, bir necha mamlakatlar ligalarida kirish transferlarini amalga oshirish mumkin. Bir necha kundan keyin bu darcha ham yopiladi.
Yozgi transferlar davrida “Manchester Siti” Kevin de Bryuyne, Skott Karson, Vitor Reys, Maks Alleyn, Jek Grilish, Jeyms Makeyti, Klaudio Echeverri, Manuel Akanji, Ederson va Ilkay Gyundog‘an bilan xayrlashdi.
Ketganlar orasida Vitor Reys, Maks Alleyn va Manuel Akanji ampulasi nuqtai nazaridan markaziy himoyachilar bo‘lib, Abduqodir Husanovning to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchilari hisoblanadi. Xosep Gvardiola bu mavsum jamoada o‘zbek futbolchisini olib qolishni ma’qul topdi.
Endi Husanov bilan bir pozitsiyada o‘ynaydigan yana bir yulduz – Natan Ake ham jamoasini o‘zgartirishi kutilyapti. 30 yoshli niderlandiyalik markaziy himoyachi ichki raqobatda o‘z jamoadoshlari, xususan, Abduqodir Husanovni imkoniyatni boy bermoqda. Xosep Gvardiola boshqa markaziy himoyachilar bilan ishlashni ma’qul ko‘ryapti.
Bu vaziyat sekin-asta Natan Akega chiqish eshiklarini ochmoqda. Hozirgi paytda “Tottenxem” bu futbolchi atrofidagi vaziyatdan kelib chiqib, uni o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtira boshladi.
“Shporlar” Natan Ake transferini yanvarga mo‘ljallagan. Ular niderlandiyalik himoyachi jamoaning mudofaa chizig‘iga barqarorlik olib kiradi, degan fikrni ilgari suryapti.
Yana bir manba – CaughtOffside ma’lumotlariga ko‘ra, “Tottenxem” bosh murabbiyi Tomas Frank yozda ham Natan Akeni olish istagini bildirgan. Endi klub direktorlar kengashi uning fikrini qo‘llab-quvvatlayapti. Ular Akening Premer-liga va Evropa Chempionlar ligasida to‘plagan boy tajribasi jamoaga qo‘l kelishiga qat’iy ishonmoqda.
Xosep Gvardiola esa, yoshi o‘tib borayotgan yana bir o‘yinchidan qutilishdan xursand. Ispaniyalik mutaxassis himoya markazida asosan Jon Stounz, Abduqodir Husanov, Yoshko Gvardiol va Ruben Diashga tayanmoqchi ekanini va ular orasida Natan Akega o‘yin amaliyoti kafolatlanmasligini ochiq ko‘rsatdi. Xuddi shunday pozitsiyada bo‘lgan Manuel Akanji ham klubni tark etishiga to‘g‘ri keldi.
Natan Akening o‘zi ham vaziyatni to‘g‘ri qabul qilgan holda muhitni va jamoani o‘zgartirishga qarshi emas. Chunki jahon chempionati bo‘ladigan mavsumda tajribali o‘yinchi zaxirada qolib ketishdan ko‘ra, boshqa jamoaga o‘tgani to‘g‘ri variant bo‘ladi.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, “Tottenxem” o‘zining transfer rejalarini amalga oshirish uchun qishki transferlar davrida ham xarajat qilishga tayyor.
Xosep Gvardiola esa, jamoada tarkib ixchamroq bo‘lib, qo‘l ostidagi o‘yinchilar muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishini istaydi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, jamoada markaziy himoyachilar sonining qisqarishi qolganlar,xususan, Husanovning ko‘proq o‘yin o‘tkazishini ta’minlaydi.
Husanovni tanqid qilishdi: “O‘ylamay o‘ynayapti!”
Vinisius, Husanov bilan birga o‘ynaysan!
Husanovning ustozi APLni “yorvordi”!
Husanovda ayb yo‘q!
Husanovni oxirigacha o‘ynatmagan Gvardiola alamli mag‘lubiyatdan keyin nima dedi?
Husanov – “Siti”dagi hech kimda yo‘q uch sifatga ega yagona futbolchi!

Fikrlar