
Husanovning ustozi APLni “yorvordi”!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanovning “Lans”dan “Manchester Siti”ga transferi ustida ishlagan “shaharliklar”ning sobiq sport direktori Chiki Begiristayn bosh murabbiy Xosep Gvardiolaning Angliyadagi faoliyati qanday boshlagani haqida gapirdi.
Avval “Barselona” va “Bavariya”ni muvaffaqiyatli boshqargan ispaniyalik mutaxassis “Manchester Siti”ni 2016 yili qabul qilib olgan edi. Gvardiolaning Manchesterga kelishida Begiristaynning “qo‘li bor”.
Ilgari Kataloniya superklubida Xosep Gvardiola bilan birga ishlagan Chiki Begiristayn Manchesterga 2012 yili kelib, klubning kadrlar siyosati bilan shug‘ullangan.
- Bilasizlarmi, ko‘pchilik Gvardiolaning Angliya Premer-ligasida muvaffaqiyatli ishlashiga umuman ishonmagan.
Ular “Gvardiolaning futboli Angliyaga muvaffaqiyat keltirmaydi, chunki bu er Ispaniya emas, shiddatli to‘qnashuvlarsiz hech narsa qilib bo‘lmaydi”, deyishgan edi. Ammo Pep kelganidan keyin APLni “yorvordi”, - dedi 61 shli Chiki Begiristayn.
Xosep Gvardiola qo‘l ostida “shaharliklar” umumiy hisobda 18 ta sovrinni qo‘lga kiritgan. Shulardan oltitasi Angliya chempionligidir. “Manchester Siti” Angliya Premer-ligasida ketma-ket to‘rt marta g‘olib chiqqan birinchi va hozircha yagona jamoa.
Bundan tashqari, “Manchester Siti” Evropa Chempionlar ligasidagi ilk g‘alabasiga ham aynan Xosep Gvardiola boshqaruv davrida erishdi.
Gvardiola – eng zo‘r murabbiy
Ayni paytda Saudiya Arabistoni chempionatida “Al-Ahli” sharafini himoya qilayotgan mashhur futbolchi Riyod Mahrez o‘zi avval o‘ynagan “Manchester Siti” bosh murabbiy Xosep Gvardiola haqidagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Jazoirlik yulduz 2018-2023 yillar davomida ispaniyalik mutaxassis qo‘l ostida “shaharliklar” jamoasida yulduzli onlarini o‘tkazgan va keyin Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tgan.
- Men Xosep Gvardiolani eng zo‘r murabbiy, deb hisoblayman. U menga yangi cho‘qqilarni zabt etishiga yordam bergan. Odamlarning uning qanchalar zo‘r murabbiy ekanini tasavvur qila olmaydi.
Ba’zan o‘rtamizda kelishmovchilik va ziddiyatlar kelib chiqardi. Lekin men doim uning tanloviga hurmat bilan munosabatda bo‘lganman.Hatto ko‘proq o‘ynashni istaganimda va undan xafa bo‘lganimda ham hurmatni yo‘qotmaganman.
Xosep Gvardiola murabbiy sifatida, ayniqsa, o‘yinga taktika tanlashda benazir mutaxassis, - dedi Riyod Mahrez qadrdon ustozi haqida.
Eslatib o‘tamiz, Xosep Gvardiolaning “Manchester Siti” bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning 30 iyunigacha davom etadi.
Fikrlar