
Husanovni Chempionlar ligasida katta tarixiy voqea kutmoqda
UEFA tomonidan o‘tkazilayotgan eng nufuzli xalqaro turnir – Chempionlar ligasining umumiy bosqichida ishtirok etadigan barcha jamoalar nomi ma’lum bo‘ldi.
Buguni kunda “ko‘hna qit’a”ning eng kuchli 36 ta jamoasi keyingi bosqich yo‘lidagi raqiblarini bilib oldi. Qoidaga ko‘ra, har bir jamoa qur’a ro‘baro‘ qilgan sakkiztadan jamoa bilan o‘zaro kuch sinashadi. Har bir jamoa shu o‘yinlardan to‘rttasini o‘z maydonida va qolgan to‘rttasini safarda o‘tkazishi belgilab qo‘yilgan.
Evropa Chempionlar ligasining bu yilgi mavsumida o‘zbek futbolchilaridan faqatgina Abduqodir Husanov ishtirok etishi kutilmoqda.
“Manchester Siti” Angliya Premer-ligasining o‘tgan mavsumini uchinchi o‘rinda yakunlab, eng nufuzli xalqaro turnir yo‘llanmasini naqd qilgan edi.
Qur’a natijasiga ko‘ra, Xosep Gvardiola shogirdlari yangi mavsumda Ispaniyaning “Real Madrid” va “Vilyarreal”, Germaniyaning “Borussiya Dortmund” va “Bayer Leverkuzen”, Italiyaning “Napoli”, Norvegiyaning “Budyo-Glimt”, Turkiyaning “Galatasaroy” hamda Frantsiyaning “Monako” klublari vakillari bilan kuch sinashadi.
Statistika bilan shug‘ullanadigan Opta markazi ekspertlari “Manchester Siti” va “Budyo-Glimt” uchrashuviga alohida e’tibor qaratdi. Manbaga ko‘ra, Abduqodir Husanov jamoasi musobaqa tarixida ilk bor Norvegiya klubi bilan to‘qnash keladi.
Qolaversa, “shaharliklar”ning norvegiyalik to‘purari Erling Xoland uzoq yillik tanaffusdan keyin “Budyo-Glimt”ga qarshi o‘ynaydi. 25 yoshli forvard 2018 yili “Molde” tarkibida o‘ynab yurgan kezlari “Budyo-Glimt” jamoasi darvozasini ishg‘ol qilgan.
Abduqodir Husanovga to‘xtaladigan bo‘lsak, 21 yoshli markaziy himoyachi Evropa Chempionlar ligasida o‘ynash tajribasiga ega. U Frantsiyaning “Lans” tarkibida ham, “Manchester Siti” tarkibida ham qit’aning eng yirik turnirida to‘p tepgan.
Ayniqsa, o‘tgan mavsum o‘zbek legionerining “Santyago Bernabeu”da “Real”ga qarshi ko‘rsatgan o‘yini mutaxassislar tomonidan yuqori baholangan.
Bundan tashqari, Husanov Frantsiya chempionati doirasida “Lans” futbolchisi sifatida “Monako” bilan bo‘lgan bahsda maydonga tushganini ham inobatga olish mumkin.
“Budyo-Glimt”dan tashqari, “Vilyarreal”, “Bayer”, “Borussiya Dortmund”, “Napoli” va “Galatasaroy” bilan bo‘ladigan uchrashuvlar hamyurtimiz uchun yangilik hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov “Bunyodkor” akademiyasida tahsil olgan. Lekin professional faoliyatini Belarusning “Energetik-BGU” klubida boshladi.
Husanov 2023 yilning yozida Frantsiyaning o‘sha paytdagi vitse-chempioni “Lans” safiga ko‘chib o‘tdi. 2025 yilning 20 yanvarida esa, “Manchester Siti” legionerimizni 40 million evro to‘lab, Angliyaga olib ketdi.
Abduqodir Husanov “Lans” tarixida klubga eng katta moliyaviy foyda keltirgan futbolchi sifatida qadrlanadi.
Husanovning rekordi joyida qoldi!
Fayzullaev uzoq tanaffus olishga majbur bo‘ldi
Husanov bor, bu yulduz kerak emas!
Gvardiola Husanov bo‘yicha qarorini aytdi
Gvardiola, Husanovdan voz kechib, katta xato qilding!
Fikrlar