Husanovning aybini aytishdi!

  • 21.05.2026 06:14
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

“Manchester Siti” tarkibida porlayotgan Abduqodir Husanov butun dunyo bo‘ylab muxlisu mutaxassislar eʼtibori va eʼtirofini qozonib kelmoqda.

Professional faoliyatini 2022 yilda boshlagan yosh futbolchi qisqa fursat ichida jahonning eng murakkab ligasida “Manchester Siti”dek qudratli klubning eng asosiy o‘yinchilaridan biriga aylandi.

2025-2026 yildagi mavsum Abduqodirning faoliyatida juda samarali bo‘ldi. 22 yoshli futbolchimiz Angliya ligasi kubogi va Angliya kubogi singari nufuzli musobaqalarda g‘olib chiqib, ushbu mamlakatda sovrin yutgan birinchi va hozircha yagona o‘zbek futbolchisiga aylandi.

Bu mavsum Abduqodir zahira o‘yinchisidan “shaharliklar” himoya chizig‘ining asosiy o‘yinchisi va yetakchisiga aylandi.

Aksariyat mutaxassislar Husanovning salohiyatini yuqori baholab, uning tezligi, shiddati, turli masofalarga aniq pas uzatishi va o‘yinni tushunish qobiliyatini alohida tilga olib keladi.

Tunislik skaut, sharhlovchi, tahlilchi va futbol eksperti sifatida faoliyat yuritadigan Muhammad Fathalli X ijtimoiy tarmog‘i orqali Abduqodir Husanovning kamchiliklari va yozda mashg‘ulotlarda eʼtibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

- Abduqodir Husanov katta ehtimol bilan kelasi yozda quyidagi jihatlarni yaxshilash ustida ishlashi lozim.

Himoyaga qaytayotganda u baʼzan to‘pga ortiqcha eʼtibor qaratadi, shu sababli atrofdagi vaziyatni kech baholaydi, to‘liq ko‘ra olmay qoladi va xavfni payqagandan keyin ham qaror qabul qilishda biroz kechikadi.

Balkim, u hali ham bunday vaziyatlarni tuzatish uchun jismoniy kuchiga va tezkorligiga haddan tashqari tayanaotgandir?, - deb yozdi Muhammad Fathalli.

Taʼkidlash joizki, “Manchester Siti” murabbiylari Abduqodir Husanovning mahoratini oshirish bo‘yicha muayyan ishlarni qilayotgani maydonda namoyon bo‘lmoqda. Legionerimiz Manchesterga kelganidan beri uning o‘yinida o‘zgarishlar ham ro‘y bormoqda.

Xususan, keyingi paytda Abduqodirning o‘ziga ishonchi ortdi, to‘pni nazorat qilish, hujum tashkil etish, oldinga chiqish, turli masofalardan zarba berish, uzoq masofalarga aniq pas oshirish kabi qobiliyatlarini avvalgiga nisbatan ancha rivojlantirib oldi.

Joriy mavsum Husanov barcha musobaqalarda 37 marotaba maydonga tushib, himoyadagi ishonchli o‘yini bilan ajralib turdi va ikki marta sariq kartochka bilan ogohlantirildi.

Husanov “Siti”ni goldan qutqarsa bo‘lardi!? Abduqodirning o‘yini qanday baholandi?
Husanovdan tashqari yana bir o‘zbek futbolchisi Evropa Chempionlar ligasida qatnashadi

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!