"Inter" Lukakuni qanchaga sotishi ma’lum qilindi
"Inter" rahbariyati jamoaning belgiyalik to‘purari Romelu Lukakuni sotish masalasini muhokama qila boshladi. Bu haqda Corriere dello Sport nashri xabar tarqatmoqda.
Yuqoridagi manbaga ko‘ra, agar Lukaku masalasida “neradzurrilar”ni qanoatlantiradigan taklif kelib tushsa, milanliklar uni sotib yuborishi mumkin. Lekin shu bilan birga “Inter” Lukakuni o‘zida saqlab qolish istagini ham bildirmoqda. Ammo koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan kuchli moliyaviy inqiroz ushbu klubga ham bevosita katta zarar etkazdi. Shu sababli “Inter” rahbariyati yozda jamoaning ayrim etakchi futbolchilarini, shu qatorda Lukakuni ham sotishga majbur bo‘lishi mumkin.
Ayrim xabarlarga qaraganda, "Inter" Lukakuni 120 mln evrodan kamiga qo‘yib yubormoqchi emas. Aytish lozimki, milanliklar uni 2019 yilning yozida "Manchester Yunayted"dan 74 mln evro evaziga sotib olgan edi.
Romelu Lukaku joriy mavsum "Inter" safida jami 34 ta o‘yinda maydonga tushdi. Belgiyalik futbolchi ushbu o‘yinlarda raqiblari darvozasiga 25 ta gol urdi va yana 7 ta golga assistentlik qildi.

Fikrlar