
“Inter” uchun hayot-mamot jangi yoxud “Real” Ramossiz nimadir qila oladimi?
Chempionlar Ligasining joriy yilgi mavsumi nisbatan kutilmagan natijalarni kamroq taqdim etmoqda. 4 ta guruhda etakchilar pley-off masalasini hal qilib ulgurdi.
Ammo bir guruh borki, unda favorit deya qaralgan klublar ham so‘nggi turgacha kelgusi bosqich ilinji bilan yashashga majbur qilinmoqda. Bizning xayolimizda hali ham ushbu jamoalar guruhni birinchi va ikkinchi o‘rinlarda yakunlaydigandek tuyulmoqda. Bu birinchi davrani mag‘lubiyatsiz o‘tkazgan “Borussiya” Myunxengladbaxga nisbatan adolatsizlik. Turnir avvalida biz mutlaqo boshqacha stsenariy kutgandik: 3-4-turlarda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan ushbu qarama-qarshilik guruh g‘olibini aniqlab berishi lozim edi. Bugun ular guruhda kim qolib ketishi masalasiga oydinlik kiritib olish uchun “Juzeppe Meatstsa”da saf tortishadi. Jamoalarning bugungi holati va bahsning ahamiyati haqida quyida batafsilroq to‘xtalib o‘tishga harakat qilamiz.
“Inter”
Milanliklar A Seriyani yana beqarorlikda o‘tkazmoqdalar. Jamoa 8 ta turdan so‘ng, 15 ochko to‘plagan holda, 5-pog‘onada ketmoqda. Mavsum boshidan buyon tanqidlar ko‘chasidan chiqolmayotgan “Yuventus” ham ulardan oldinda bormoqda. Ko‘pchilik futbol muxlislari APL o‘yinlari bilan andarmon bo‘lib yurgan bir paytda, A Seriyadagi kurash ham ancha katta intriga kasb eta boshladi. Hamyurtlarimizning aksar qismi ushbu birinchilikni 2 futbolchi: Ronaldu va Shomurodov uchun kuzatib boradi. Ammo yaxshilab e’tibor bersangiz, Italiya milliy chempionatida naqd 8 ta klub chempionlik uchun jiddiy kurash olib boryapti. Ha, “Roma” va “Sassuolo”da ambitsiyalar biroz past. Rimliklar inqiroz holatida faoliyat olib borishda davom etyapti. “Sassuolo” esa Apennin yarimorolida yangi paydo bo‘la boshlagan grand jamoalardan biri. Uning taqdiri “Atalanta”nikiga o‘xshab ketadi.
“Nerradzurilar” mana shunday kuchli chempionatda bahs olib boryapti. Albatta, bu ularga xalqaro maydonda yordam berishi kerakdek edi. Ammo barchasi chappasiga ketyapti. Antonio Konte shogirdlari 2 ochko to‘plagan holda, guruhnging eng pastki pog‘onasidan joy olgan. Myunxengladbaxliklarga qarshi bellashuvda bazo‘r durangga erishgan bo‘lsalar, “Shaxtyor” postiga yo‘l topa olishmadi. “Bernabeu”dagi o‘yin esa haqiqiy dramaga aylanib ketdi.
Oldinda ularni mana shu holatda qoldirgan jamoalarga qarshi 3 ta bahs kutib turibdi. Har bir raqibdan birma-bir o‘ch olishga imkon bor.
Bugungi bellashuvda bir qator futbolchilarning maydonga tusha olmasligi milanliklarga halaqit berishi ham mumkin. Padelli muntazam ravishda asosiy tarkibda maydonga tushmaydi. Ammo Brozovich, Kolarov va Sensining yo‘qligi Kontening ko‘nglini biroz xira qilishi aniq.
Taxminiy tarkib: Xandanovich, Shkrinyar, De Vrey, Bastoni, Hakimi, Barella, Galyardini, Vidal, Yang, Lukaku, Martinez.
Ishtirok eta olmaydi: Padelli, Kolarov, Brozovich, Sensi.
So‘roq ostida: Pinamonti.
“Real”
Ispaniya La Ligasida eng barqaror jamoa Madrid klubi hisoblanadi. Ammo bu klub “Vanda Metropolitano”ni o‘ziga makon etgan. “Inter” kabi “Real” ham o‘tgan mavsumdagi eng kam gol o‘tkazib yuborgan jamoalardan biri hisoblanadi. Joriy yilgi chempionatda esa ular mutlaqo boshqacha ko‘rsatkichlarni qayd etmoqdalar. “Qirollik klubi” ketma-ket 8 ta o‘yindan buyon o‘z darvozasi dahlsizligini saqlab qola olmayapti. “Inter” esa so‘nggi 11 ta bahsning 9 tasida gol o‘tkazib yuborgan.
Bugungi kunga kelib, Lautaro Martines va Romelu Lukaku “nerradzurilar”ning to‘xtatib bo‘lmas gol mashinasiga aylanib qoldi. Ular har bir o‘yinda gol uradi, pas beradi va raqib himoyachilarini tahlikada ushlab turadi. Ularga qarshi Ramossiz harakat qilish ancha katta xatolarga sabab bo‘lishi mumkin.
Federiko Valverde ham uzoq vaqtdan buyon jarohati sabab maydonga tusha olmayapti. Jamoa sardoridan tashqari Karim Benzema va Eder Militao ham Milandagi bahsda jamoasiga yordam bera olmaydi. Zidan boshidan sovuq ter chiqib ketayotgan bo‘lsa ajab emas.
Taxminiy tarkib: Kurtua, Karvaxal, Varan, Nacho, Mendi, Modrich, Kazemiro, Vinisius, Azar, Asensio, Mariano.
Ishtirok eta olmaydi: Ramos, Benzema, Militao, Valverde, Yovich, Odriosola.
Murabbiylar
Antonio Konte: “O‘tgan bahsda biz to‘g‘ri kayfiyatda o‘yinni boshlagandik. Joriy mavsumdan e’tiboran, biz ko‘proq to‘pni nazorat qilishga intilmoqdamiz. Bu raqiblarimizga kamroq imkoniyatlar taqdim etishimiz uchun kerak. Oldin ham aytib o‘tganimdek, agar raqobatbardosh jamoaga aylanishni istasak, har jabhada rivojlanish tomon qadam tashlashimiz zarur”.
Zinedin Zidan: “Milandagi g‘alabadan so‘ng, 4 yil davomida ko‘p narsalarni o‘rgandim. Lekin o‘zligimni saqlab kelmoqdaman. Men murabbiylikni hali ham yaxshi ko‘raman va bu men uchun eng muhimi.
Biz himoya va hujumda baravar rivojlanishga intilmoqdamiz. Futbolda har xil vaziyatlar bo‘lishi mumkin: bir gal siz kuchliroqsiz, boshqa safar oldingizdagi vazifa qiyinroq ko‘rinish oladi. Biz bilan ham shunday holat yuz bermoqda”.
Xulosa o‘rnida
“Real”da yo‘qotishlar salmoqliroq ekanligi kundek ravshan. “Inter”ning hujumidagi yaxshi seriyani ham inobatga oladigan bo‘lsak, dominant maqomida kim ekanligi yanada oydinlashadi. Sababi, ushbu g‘alaba “Real”dan ham ko‘ra, Konte shogirdlari uchun hal qiluvchi maqomga ega.
Bugungi o‘yindan ham birinchisi kabi gollarga boy uchrashuv kutishga haqlimiz. Tun yarmida halovatingizning ketishiga arziydigan o‘yin oldida turibmiz.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar