Islom Ismoilov: "Bu o‘yin jahon chempionatidan oldin bizga foyda bo‘ldi"

  • 15.10.2025 12:21
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Jahon chempionatiga munosib tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston U-17 terma jamoamiz kuchli raqiblarga qarshi nazorat o‘yinlarini o‘tkazishda davom etyapti.

Kecha Islom Ismoilov boshchiligidagi U-17 terma jamoamiz turkiyalik tengqurlariga qarshi maydonga tushishdi. Murosasiz tarzda kechgan bellashuvda darvozalar daxlsiz qoldi - 0:0.

Garchi bu o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lsa-da, futbolchilar maydonda jon-jaxdlari bilan kurashdilar. Balki shu bois bo‘lsa kerak, o‘yin davomida biroz tortishuvli vaziyatlar ham kuzatildi.  

O‘yindan keyin U-17 terma jamoamiz bosh murabbiyi Islom Ismoilov O‘FA matbuot xizmatiga fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Bu o‘yin jahon chempionatidan oldin bizga foyda bo‘ldi, deb bemalol ayta olaman. Sababi, birinchi navbatda bu erdagi muhit. O‘yinni bosimi, baribir muxlislar bilan boshqacha ruhda o‘tadi. Ikkala uchrashuvda biz ikki xil taktik sxemalarni nazoratdan o‘tkazdik.

Albatta, uzoq vaqtdan keyin yana uyda o‘ynayapmiz. Buni o‘ziga yarasha yaxshi tomonlari ham bor va mas’uliyatli jihatlari ham ko‘p.

Hozirgi zamonaviy futbolda uchinchi zonada chuqur himoyalanayotgan jamoani yorib o‘tish qiyin. Futbolchilar bilan buning ustida tinimsiz ishlayapmiz. Ammo vaqti kelib bu hal qilsa bo‘ladigan muammo. O‘yinni ko‘rib chiqib, qaerda muammolar bo‘layotgan bo‘lsa, bartaraf qilishga harakat qilamiz.

Jamoamiz ayni paytda 90 foizga tayyor. Yana qolgan 10 foizini Dubaydagi yig‘inda ko‘ramiz. U erda uchta kuchli raqiblarga qarshi o‘yinlar o‘tkazamiz. Ushbu uchrashuvlar orqali to‘ldiramiz.

Bu futbolda bo‘ladigan tabiiy jarayon. Chunki futbol hissiyotlarga boy o‘yin. Qaysi epizodda nizo kelib chiqishini bilmaysiz. Turkiya terma jamoasi ham etarlicha qarshilik ko‘rsatdi. Ular ham agressiv jamoa. Ko‘p provokatsion holatlarni chiqarishga harakat qilishdi. Biroq bularni barchasi boya aytib o‘tganimdek, jahon chempionatidan oldin biz uchun yaxshi bo‘ldi. Futbolchilarni ruhiy holati, jismoniy tayyorgarligi va taktik sxemalarni ko‘zdan kechirdik", - deydi Ismoilov.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!