Islom Ismoilov: "Toif shahri dengiz sathidan deyarli 1900 metr balandlikda joylashgan. Bu erda futbol o‘ynash oson emas"

  • 16 aprel, 17:41
  • Oybek Yo’ldoshev
  • 1
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Xabaringiz bor, ertaga O‘zbekiston U-17 terma jamoasi KXDR bilan o‘ynaydi. Uchrashuv oldidan bosh murabbiy Islombek Ismoilov va jamoa futbolchisi Sadriddin Hasanov matbuot anjumanida ishtirok etishdi. 

— Raqibimiz bu bosqichga qadar yaxshi o‘yin namoyish etdi. KXDR yuksak jismoniy tayyorgarlikka ega jamoa. Ushbu jamoaning turnirdagi o‘yinlarini tahlil qilganimizda, 90 daqiqa davomida tinimsiz pressingda ishlayotganiga guvoh bo‘ldik. Bir qancha taktik xatolar ham kuzatilgan, biroq ularga qarshi oson o‘yin bo‘lmasligi aniq. O‘z imkoniyatlarimizdan foydalanib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.

Turnir davomida jamoa ko‘rsatayotgan o‘yin va futbolchilar motivatsiyasi haqida

— Musobaqa davomida ko‘rsatayotgan o‘yinimiz faqat motivatsiya samarasi emas, murabbiylar shtabi va jamoa shifokorlari katta hajmda mehnat qilmoqda. Toif shahri dengiz sathidan deyarli 1900 metr balandlikda joylashgan. Bu erda futbol o‘ynash oson emas. Futbolchilar doimiy ravishda intensiv va yuqori darajada o‘ynay olishlari uchun birinchi navbatda to‘g‘ri tayyorgarlik muhim o‘rin tutadi. Har bir uchrashuvdan oldin va keyin futbolchilarimiz bilan ham taktik, ham psixologik suhbatlar o‘tkazamiz. Erishayotgan natijalarimiz jamoa mehnati samarasidir.

Har ikki jamoa musobaqada ko‘p gol urayotgani haqida

— Ikki hujumkor jamoa o‘yiniga guvoh bo‘lamiz. Bizning o‘z strategiyamiz va tanlagan yo‘limiz bor. Maqsadimiz doim hujumkor futbol namoyish etish. O‘z himoyamizni raqibning uchinchi zonasida qurishga harakat qilamiz. Bu shuni anglatadiki, jamoamiz doimiy ravishda yuqori pressingda harakat qiladi.

Biz yillar davomida aynan shu uslub uchun harakat qildik. Har qanday raqibga qarshi o‘yin uslubimizni o‘zgartirmaymiz. To‘g‘ri, o‘yinning borishiga qarab futbolchilarning maydondagi harakatlariga biroz o‘zgartirishlar kiritishimiz mumkin. Lekin asosiy g‘oyamiz o‘zgarmaydi. Shu bilan birga, raqibning kuchli hujum chizig‘ini to‘xtatishga va o‘zlari uchun qulay uslubda harakat qila olmasligi uchun harakat qilamiz", - dedi Islombek Ismoilov.

Ertaga KXDR jamoasiga qarshi o‘yin o‘tkazamiz. Uchrashuvga yuz foiz tayyormiz. Nasib qilsa, oldimizga qo‘ygan maqsadlarimiz yo‘lida hech bir jamoa to‘siqinlik qila olmaydi. Murabbiylarimiz ko‘rsatmasi bilan har bir uchrashuvda borimizni beramiz va o‘zimizga yuklatilgan vazifalarni mukammal tarzda bajarishga harakat qilamiz", - deya fikr bildirdi Sadriddin Hasanov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Давлат
16/04/2025 17:57
Олға Ўзбекистон. Худо хохласа ғалаба қиламиз. Омад доимо ҳамрох бўлсин