Iste’dod.UFC ning yaqin kelajakdagi yulduzlaridan biri kim bo‘lishi mumkin... Tanishing va tomosha qiling?!
Iste’dod ruknimizning navbatdagi sonini MMAga qaratamiz. Ayni vaqtda yarim engil vazn toifasi ya’ni 65.77 kgda UFC janglarida ishtirok etayotgan dog‘istonlik Zabit Magomedsharipov ko‘plab muxlislarning yoqimtoyiga aylanib ulgurgan. Uning o‘ziga hos xatti-harakatlari, jang uslubidagi rang-baranglik tomoshabinga zavq ulashadi. Qolaversa, uning imkoniyati, jang uslubi shunchaki jozibadan iborat emas. Balki, juda kuchli va raqiblari uchun juda noqulayliklar tug‘diradi. Shu nuqtai nazardan, uni o‘z vazn toifasida UFCning yaqin kelajakdagi chempionlaridan, megayulduzlaridan biri bo‘lish ehtimoli yuqori.

Ushbu qahramonimiz 1991 yil 1 martda Dog‘istonning Xavasyurt shahrida tavallud topadi. U 10 yoshidan erkin kurash bilan shug‘ullana boshlaydi. Qizig‘i u futbol to‘garagiga ham ma’lum bir vaqt qatnaydi. Kikboksing sir-asrorlarini o‘rganadi. Keyinchalik ushu-sanda bilan muntazam mashg‘ulotlar olib boradi.

Zabit MMAda 2012 yil o‘z debyut jangini o‘tkazadi. 2014 yilda Rossiyaning nufuzli promousheni ASV janglarida ilk bora oktagonga chiqadi.2016 yil 9 martda u mazkur promoushenning yarim engil vazn toifasida chempion bo‘ladi.
2017 yil may oyida esa Magomedsharipov UFC bilan to‘rtta jangga imzo chekadi va 2 sentyabrda UFC Fight Night turnirida birinchi bor Nik Xeynga qarshi o‘z jangini o‘tkazadi. Debyut omadli chiqib, u raqibini ikkinchi raundda bo‘g‘ish usuli bilan taslim etadi.

Navbatdagi jangi ham, 2017 yil 25 noyabrda UFC Fight Night doirasida bo‘ladi. Bu safar u to‘rtinchi raundda yana bo‘g‘ish usuli bilan Sheymon Moraesni mag‘lub etadi.
Dog‘istonlik uchinchi jangida 2018 yil 7 aprelda UFC 223 da Kayl Bochnyakka qarshi oktagonga ko‘tariladi. Ushbu jang bir muncha qiyinchiliklar tug‘diradi. Yakunda, esa Zabit hakamlarning yakdil ovoziga ko‘ra, g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ladi.
To‘rtinchi to‘qnashuv esa, Brendon Devisga qarshi bo‘ldi. Mazkur jangda Magomedsharipov og‘riqli usulni qo‘llagan holda zafar quchdi.
Ushbu g‘alabalardan so‘ng, u UFCning to‘laqonli a’zosiga ega bo‘la oldi.
U so‘ngi jangini joriy yilning 2 martida Jeremi Stivensonga qarshi o‘tkazdi va ochkolar hisobida ustun keldi.
Umuman olganda dog‘istonlik jangchi MMAda 18 ta jang o‘tkazgan. Ularning 17 tasida g‘alaba qozongan. Shularning 6 tasida nokaut qayd eta olgandi. Faoliyatida bir marotaba mag‘lubiyatga uchragan. U yagona mag‘lubiyatini 2013 yil 14 aprelda “ProFC” musobaqasida Igor Egorovdan qabul qilib olgandi.

Zabit Magomedsharipov roppa-rosa ikki haftadan keyin ya’ni 9 noyabr kuni Moskvada tashkil etiladigan, UFC Fight Night 163 turnirida Kelvin Kattarga qarshi mazkur promoushendagi oltinchi jangini o‘tkazadi.
Bir so‘z bilan aytganda, Zabit Magomedsharipov yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, MMA olamida jumladan UFCning eng iste’dodli vakillaridan sanaladi. Undan muxlislari ulkan g‘alabalarni kutishmoqda.



Fikrlar