"Istiqlol" varianti bo‘lmaganida "Navbahor"da qolardim, O‘zbekistonga yanada kuchliroq bo‘lib qaytaman, Namangandagi maoshim hozirgisidan ko‘proq edi - tojikistonlik Amir Jo‘raboev ko‘plab mavzularda ochiq gapirdi

  • 12 sentabr, 2020, 23:57
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bir yil davomida “Navbahor” sharafini himoya qilgan tojikistonlik Amir Jo‘raboev maydonda o‘zini ayamasdan o‘ynashi bilan ishqibozlarning hurmatini qozongandi. Baribir hamma narsa bir tekisda ketavermaydi, vaziyat shunday bo‘ldiki, yakunda Jo‘raboev Tojikistonga qaytishga qaror qildi. Kuni kecha ushbu o‘yinchi sports.uz muxbiriga bir qancha qiziqarli mavzular bo‘yicha intervyu berdi.

Tecno

-  “Navbahor”dagi o‘yinlaringiz orqali sizni yaxshi bilamiz va legioner sifatida o‘zingizdan yomon taassurot qoldirmagandingiz. Lekin Namangandagi faoliyatingiz uzoq davom etmadi...

-  Men haqimda bildirilgan iliq fikrlar uchun avvalo minnatdorlik bildirmoqchiman. O‘zimning ketishim haqida nima deyishim mumkin? Uzoq vaqt uyimda bo‘lmaganim tufayli ketish men uchun eng yaxshi qaror bo‘lishini tushunib etdim. Axir har qanday inson oilasi, yaqinlari davrasida bo‘lishni istaydi. 6-7 oylab yaqinlar diydorida bebahra qolish oson emas. Bu qarorim haqida murabbiylar shtabi vakillari bilan bamaslahat ish tutdim. Ular meni tushunishdi. Shuning barobarida oilamdagilar bilan ham o‘yinchilik faoliyatimga doir qaysi qaror to‘g‘ri bo‘lishi yuzasidan o‘zaro fikr almashdim. Albatta, rahbariyat shartnomani yanada uzaytirishni va qolishimni istagandi. Ammo o‘rtadagi bitimni bundan buyon uzaytirmaslikka ahd qilib oyoq tirab turib oldim.

-  “Navbahor”dagi faoliyatingiz o‘zingizga yoqdimi? Ilk bor Andrey Kanchelskis bilan ishladingiz. U sizda qanday taassurot qoldirdi? Masalan, klubda o‘ynab ketgan ayrim legionerlar murabbiy to‘g‘risida u qadar ham iliq gaplarni aytmagandi...

-  Namangandagi faoliyatim haqida shuni aytishim kerakki, menda hammasi joyida edi. U erda roppa-rosa bir yilni o‘tkazdim. Yana qaytaraman, hammasi joyida edi: rahbariyat, jamoadoshlar bilan o‘zaro munosabat...hammasi menga yoqardi. Barchasi uchun rahmat, bundan ortiq biror gap ayta olmayman. Bosh murabbiy masalasiga kelsak, Andrey Kanchelskis haqida hech bir yomon fikr ayta olmayman. U o‘z vaqtida juda zo‘r futbolchi bo‘lgan. Umid qilamanki, endi Kanchelskis murabbiy sifatida ham katta natijalarga erisha oladi. Uning faoliyatiga faqat muvaffaqiyatlar tilab qolaman. Shuni aytishim joizki, o‘zaro hamkorlik chog‘ida o‘rtamizda hech bir kelishmovchilik yoki nizo kelib chiqmadi. To‘g‘ri, aksar hollarda o‘yinlarda zaxira o‘rindig‘ida qolib ketish menga yoqmasdi. Buning uchun undan xafa emasman. Chunki o‘tgan yili u menga ko‘proq ishonch bildirib, maydonga tez-tez tushirardi. Bu yil ehtimol o‘yinimda qandaydir o‘zgarish ko‘zga tashlangan bo‘lsa kerak, bosh murabbiy shunday to‘xtamga kelgan ko‘rinadi. Balki Kanchelskisning joriy mavsum uchun belgilagan taktik sxemasiga qaysidir jihatlarim bilan mos kelmagan ko‘rinaman. Buning uchun aybni murabbiydan emas, o‘zimdan qidirishim kerak bo‘ladi. To‘g‘ri, ko‘p vaqtimni zaxirada o‘tkazish o‘zimga ham erish tuyuldi. Biroq negadir o‘yin chog‘ida qisqa paslar bilan to‘p surishda ishlarimiz ko‘ngildagidek kechmasdi. Shuning hisobiga uchrashuv chog‘ida nazoratni qo‘limizda ushlab tura olmadik. Buning oqibatida esa muhim ochkolarni boy berdik. Nima bo‘lgan taqdirda ham hammasi joyida deya olaman. Namanganda unutilmas bir yilni o‘tkazdim.

-  Klubdan ketganingizdan so‘ng sizga o‘zimizning jamoalardan ham taklif bo‘lgani haqida eshitgandim. Ammo nima uchun yana “Istiqlol”ga qaytdingiz?

-  Ha, xizmatimga qiziqish bildirilgan takliflar etarlicha bo‘ldi. Lekin aniq bir taklif bo‘lmagani meni biroz ikkilantirdi. Faqat “Istiqlol” tomonidan yuborilgan taklif meni to‘la qanoatlantirdi. Ular hammasini lo‘nda, oshkora o‘rtaga tashlashdi. Shundan so‘ng, “Navbahor” bilan tuzilgan shartnomani o‘z xohishim bilan bekor qilishga qaror qildim. Agar “Istiqlol” variantini tanlamaganimda, “Navbahor”da qolgan bo‘lardim. Shuningdek, “Istiqlol”dagilar OFK Kubogida ishtirok etish imkonini taqdim etishdi. Keyin bilishimcha, OFK bu musobaqani bekor qildi. Uzoq vaqt uyimda bo‘lmaganim bois “Istiqlol” yuborgan taklif tufayli sog‘inch bo‘shlig‘ini to‘ldirish men uchun eng afzal yo‘l bo‘ldi. O‘zimni yana tojik chempionatida sinab ko‘rish istagi ham yuqori bo‘lganligini aytib o‘tishim kerak. Balki oradan ma’lum vaqt o‘tganidan so‘ng yana O‘zbekistonga qaytishim mumkin. Chunki yurtingiz menga yoqib qoldi. Xudo xohlasa, O‘zbekistonga yanada kuchliroq o‘yinchi bo‘lib qaytaman.

-  Superligamiz saviyasini ko‘rdingiz. Agar “Istiqlol” O‘zbekiston chempionatida ishtirok etganida qaysi o‘ringa da’vogarlik qilishi mumkin edi?

-  O‘zbekiston birinchiligiga kelsak, uning saviyasini past deyishga tilim aylanmaydi. O‘ylaymanki, agar “Istiqlol” bugungi tarkib bilan o‘zbek chempionatida ishtirok etgan taqdirda kamida kuchli oltilikda borardi.

-  Yaxshi bilamizki, “Istiqlol” Tojikistonning birinchi raqamli klubi. Hech bir jamoa unga jiddiy qarshilik ko‘rsata olmayapti. Bunday chempionatda ishtirok etish zerikarli emasmi?

-  Ha, albatta bu masalada siz haqsiz. “Istiqlol” chindan ham Tojikistonda top-klub hisoblanadi. Boshqa jamoalar haqida gapiradigan bo‘lsam, to‘g‘risi, ular “Istiqlol”ga etarlicha raqobat ko‘rsata olishmaydi. Shuning hisobiga Tojikiston chempionati zerikarli ko‘rinadi. To‘g‘ri, hamma ishtirokchi jamoani saviyasi past deb hisoblash ham noo‘rin. Masalan, “Xo‘jand” “Istiqlol”ga etarlicha raqobat ko‘rsatishga harakat qiladi. Ularda ham tarkib yaxshi shakllangan. Lekin boshqa klublar haqida bunday fikr bildirishim dargumon. Buning asosiy sababi shundaki, “Istiqlol”dan tashqari boshqa klublarning byudjeti unchalik baland emas. Shuning evaziga qolganlar “Istiqlol” bilan tengma-teng bellasha olmaydilar. “Istiqlol”dan keyingi ikkinchi kuch bu “Xo‘jand” jamoasidir.

-  Yaqinda tojikistonlik Ehson Panchshanbe “Navbahor”ga ko‘chib o‘tdi. U sobiq klubingiz haqida sizdan maslahat so‘radimi? 

-  Ha, men Ehson haqida eshitdim. U mening yonimga kelib, “Navbahor”dan taklif bo‘layotganini aytdi. Men unga Namangan yaxshi shahar, “Navbahor” esa shunga mos jamoa ekanligini aytdim. Men Ehsonga O‘zbekiston chempionatiga ko‘chib o‘tib to‘g‘ri yo‘l tutishni bildirdim. U uzoq yillar “Istiqlol”da o‘ynaganidan keyin o‘zini boshqa chempionatida sinab ko‘rishni ma’qul topdi. “Navbahor”ga ko‘chib o‘tish esa uning uchun oldinga tashlangan qadam bo‘ladi, deb baralla aytishim mumkin. Umid qilamanki, Ehson “Navbahor”da albatta o‘zini ko‘rsata oladi. U iqtidorli o‘yinchi. Nima bo‘lgan holatda ham ushbu yurtdoshim uchun xursandman. Chunki u o‘zini chetdagi chempionatda sinab ko‘rishga qaror qildi.

-  Tojikiston milliy termasini boshqarib borayotgan hamyurtimiz Usmon Toshev haqida nima deya olasiz? Tojikiston ushbu murabbiy bilan maqsadiga erisha oladimi?

-  Usmon Toshevni juda kuchli mutaxassis, deb hisoblayman. Shuningdek, Roman Pilipchuk ham yomon murabbiy emas. U “Spartak-2”da tajriba orttirib qaytgan. Usmon Toshev futbolchilarning ko‘ngliga yo‘l topa oladigan inson. Terma jamoa bilan bog‘liq masalaga to‘xtaladigan bo‘lsam, biz saralashni yaxshi boshladik. O‘yinlarda har doim asosiy e’tiborni hujumga qaratish bilan birga to‘pni ko‘proq nazoratimiz ostida saqlashga harakat qilyapmiz. O‘ylaymanki, biz bu murabbiy bilan muvaffaqiyatga erishamiz. Shunchaki, Usmon Toshevga boshlagan ishini oxiriga etkazish uchun imkon berish kerak xolos. U bilan munosabatim yaxshi. Toshev mendan O‘zbekistondagi faoliyatim haqida ham ko‘p so‘rab turadi. Shunday mutaxassis bilan yaxshi natijalarga erisha olamiz, deb o‘ylayman.

-  “Navbahor”dagi muxlislarning qanchalik jonkuyar ekanligini o‘zingiz ko‘rdingiz. Tojikistonda ham mana shunday ishqibozlar bormi?

-  Muxlislar masalasiga kelsak, ha, namanganlik ishqibozlar rostdan ham o‘ta talabchanlar. Ular sevgan klubini shu qadar qo‘llab-quvvatlashadiki, hayron qolasan kishi. Buning uchun ishqibozlardan faqat minnatdor bo‘lish kerak. Bilasizmi, ilgari “Istiqlol”da o‘ynab yurgan kezlarimda ham bo‘sh paytlarimda O‘zbekiston chempionati doirasidagi o‘yinlarni tomosha qilardim. Chunki bizda shunday kanal bor. Menga ayniqsa, Namangandagi o‘yinlarni kuzatish boshqacha zavq bag‘ishlardi. “Navbahor” jonkuyar muxlislari tufayli “Paxtakor”, “Bunyodkor”, “Lokomotiv” kabi raqiblaridan bemalol ochkolarni tortib olardi. Muxlislar bilan to‘lib-toshgan stadionda to‘p surish har qanday futbolchidagi g‘ayrat va shijoatni yanada jo‘shtirib yuboradi. To‘g‘ri, Tojikistonda ham xuddi Namangandagi kabi muhitni eslatib yuboradigan ayrim shaharlar bor. Masalan, Qulob, Istaravshan shaharlarni olishim mumkin. U erlarda o‘yinlarni tomosha qilish uchun ko‘plab ishqibozlar tashrif buyurishadi. To‘g‘ri, o‘sha erlarda 30 ming emas, balki 10-15 ishqiboz stadionga keladi.

-  “Navbahor” bilan “Istiqlol”da olayotgan maoshingiz o‘rtasidagi farq kattami?

-  “Istiqlol”da aytishim kerakki, “Navbahor”dagidan kam bo‘lmagan miqdorda haq olyapman. Lekin yashirmayman, “Istiqlol”dan ko‘ra, “Navbahor”da olgan maoshim hozirgisidan ko‘proq edi.

-  Amir, ayni paytda Tojikistonda eng kuchli futbolchi kim?

-  Juda murakkab savol berdingiz. Bizning chempionatda ham xorij birinchiliklarida o‘ynashga layoqatlik bo‘lgan futbolchilar topiladi. Shu bois ulardan aniq kimnidir ajratib ko‘rsata olmayman. Shunday bo‘lsa ham ayrim nomlarni sanab o‘tishim kerak, Alisher Jalilov, Parviz Umarboev, Jahongir Ergashev, Nuriddin Davron, Fatxullo Fatxulloev...umuman shu kabi talaygina futbolchilarimiz bor.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!