Italiya terma jamoasida yangi davr
Roberto Manchini Italiya terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida ish boshlagandan buyon yosh, ikki fuqarolikka ega futbolchilarni boshqa terma jamoalarga boy berib qo‘ymaslik masalasiga alohida e’tibor qaratmoqda.
Italiya allaqachon boshqa mamlakatlar safida o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lgan bir qator yosh futbolchilarni yig‘inga jalb qildi. Ular orasida Braziliya terma jamoasi e’tiboridagi Samuele Inasio, Kot-d'Ivuarga chaqirilishi mumkin bo‘lgan Issa Dumbiya, Shveytsariya terma jamoasi kuzatayotgan Alessandro Romano, shuningdek, Kot-d'Ivuar va Burkina-Faso terma jamoalarida o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lgan Muhammad Ali Zoma bor.

Manchini bu strategiyasini ochiqchasiga tushuntirdi. Italiyalik mutaxassis kelgusi to‘rt yil davomida terma jamoa loyihasining bir qismiga aylanishi mumkin bo‘lgan yosh futbolchilarni imkon qadar tezroq aniqlashni maqsad qilgan.
“Agar yoshi katta futbolchilarni chaqirganimda, tanqidlar bo‘lardi. Men yoshlarni chaqirdim, chunki kelajakda kuchli jamoaga ega bo‘lish uchun ularni bevosita tanish juda muhim.
Kелgуси to‘rt yil davomida biz bilan qolishi mumkin bo‘lgan futbolchilarni tezda aniqlashimiz kerak. Odatdagidan ko‘proq futbolchi chaqirdim, chunki ularni maydonda bevosita ko‘rishni istayman.
Yosh futbolchilar chet elga ketayotganidan shikoyat qilib o‘tirish mumkin emas. Buning yechimini topishimiz kerak. Yechim esa ularni o‘zimiz izlab topish va imkon qadar tezroq terma jamoaga chaqirish, ayniqsa ikki fuqarolikka ega futbolchilarni boy berib qo‘ymaslikdir. Zoma Germaniyaning B Seriyasiga ketdi. Bu juda yuqori saviyadagi chempionat. U yerda o‘zini yaxshi ko‘rsatmoqda va umid qilamizki, rivojlanishda davom etadi”, — dedi Manchini.

Endilikdagi navbatdagi vazifa esa Germaniya U-21 terma jamoasida muntazam chaqirilayotgan iqtidorli hujumchi Nikolo Tresoldini Italiya terma jamoasini tanlashga ko‘ndirish bo‘ladi.
Shu tariqa, Manchini nafaqat hozirgi tarkibni shakllantirish, balki kelajak uchun ham ikki fuqarolikka ega iqtidorli futbolchilarni ushbu tizimida ushlab qolishga harakat qilmoqda.

Fikrlar