
Jahon chempionatlarining asosiy favoritlari, daxshatli tarkibga ega va dunyodagi eng titulli jamoa — Braziliya
JCh-2022 startiga tobora oz vaqt qolmoqda. Muxlis va mutaxassislarni intizorlik bilan kuttirayotgan turnir tez orada boshlanadi.
Qaysi terma jamoalar "JCh-2022"da ishtirok etishini yaxshi bilasiz. Agar hamon bundan xabardor bo‘lmasangiz yana bir bor eslatib o‘tib ketamiz.
Mundial startiga 8 kun qolgan va biz ketma-ketlikda termalar bilan sizni tanishtirib o‘tamiz. Demak, "G" guruhining ilk vakili Braziliya terma jamoasi orqali o‘ziga xos "chellenj"imizni davom ettiramiz.
Jamoa haqida
Braziliya futbol konfederatsiyasi. Laqabi — “pentakampeonlar”.
Tashkil topgan yil: 1914 yil (FIFAga 1923 yil a’zo bo‘lgan)
Jamoa bosh murabbiyi: Tite
Jamoa sardori: Dani Alvesh
Ilk rasmiy uchrashuvi: Argentina – Braziliya 3:0 (1914)
Eng yirik g‘alaba: Braziliya – Nikagarua 14:0 (1975)
Eng yirik mag‘lubiyat: Braziliya – Germaniya 1:7 (2014)
Braziliya terma jamoasi ayni payt FIFA reytingida 1-o‘rinni egallab turibdi. “Yashil-sariqlar”ning eng yomon natijasi esa 22-pog‘ona hisoblanadi. Ular 2012 yilda ushbu natijaga “erishgan”.
To‘rt yilda bir marta muxlislar qalbini to‘lqinlantirib turadigan jahon chempionatlari haqida shu qadar ko‘p yozilganki, “Amerikani kashf qilish”dan ma’no yo‘q.
O‘ylaymanki, dunyoda jahon chempionatlarini o‘z ko‘zlari bilan yoki televizor orqali tomosha qilmagan odam bo‘lmasa kerak. Braziliya terma jamoasida Leonidas da Silva, Artur Fridenrayx kabi buyuk futbolchilar o‘ynaganini, Pele, Garrincha kabi charm to‘p qirollari bo‘lganini barcha bilsa kerak. Ammo Braziliya yigirma ikkita jahon chempionatida o‘z jamoasi sharafini himoya qilgan yagona davlat ekanligini ko‘pchilik bilishmasa kerak.
Braziliya jahon chempionatlari tarixidagi eng muvaffaqiyatli milliy terma jamoa bo‘lib, beshta chempionlikni qo‘lga kiritgan (Shvetsiya 1958, Chili 1962, Meksika 1970, AQSh 1994 va Janubiy Koreya/Yaponiya 2002). Braziliya Argentina, Ispaniya va Germaniyadan tashqari o‘z qit’alaridan tashqarida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan davlatlardan biridir (Janubiy Koreya/Yaponiya 2002). Braziliya futbol bo‘yicha jahon chempionatining barcha turnirlarida ishtirok etgan yagona terma jamoa hisoblanadi. Shuningdek, Braziliya jahon chempionatlari tarixidagi eng yaxshi natija qayd etgan: 109 o‘yinda 73 g‘alaba, to‘plar farqi +124, 237 ochko to‘plagan. “Yashil-sariqlar” mundiallarda 18 marta mag‘lubiyat mag‘lubiyat alamini tortib ko‘rgan.
Braziliyaning asosiy raqibi Argentina hisoblanadi. Bu ikki davlat jahon chempionatlari tarixida to‘rt marta o‘zaro to‘qnash kelishgan, ikki marta Braziliya (G‘arbiy Germaniya 1974 va Ispaniya 1982) g‘alaba qozongan bo‘lsa, Argentina (Italiya 1990) bir marta raqibidan ustun kelgan. Bir bellashuvda esa (Argentina 1978) tomonlar durang o‘ynagan.
Braziliyaga qarshi JChda eng ko‘p o‘ynagan mamlakat Shvetsiya bo‘ldi: 7 marta Braziliya terma jamoasi beshta g‘alaba g‘alaba qozongan va ikkita bahs durang bilan yakunlangan.
Qatardagi turnirda braziliyaliklar "G" guruhidan ishtirok etishadi. Braziliyaning guruhdagi raqiblari: Serbiya, Shveytsariya va Kamerun. Ushbu guruh ishtirokchilari Rossiyadagi 2018 yilgi chempionat kvartetini deyarli farq qilmaydi. Faqatgina Kamerun o‘rnida Kosta-Rika bor. Bu tasodif guruhdan qaysi jamoalar qiyinchiliksiz chiqishni bashorat qilishimizga yordam berishi mumkin.
Tarixdagi 22-jahon chempionatida Braziliya terma jamoasini Tite nomi bilan mashhur bosh murabbiy Adenor Leonardo Bakshi boshqaradi. Bakshi futbolchilik faoliyatini 28 yoshida yakunlashga majbur bo‘lgan. Bunga tizzasidan olgan og‘ir jarohat sabab bo‘ldi. U 1990 yildan boshlab o‘zining murabbiylik faoliyati boshlandi. Sobiq yarim himoyachi iqtidorli murabbiy bo‘lib chiqdi va 2016 yilda Braziliyaning asosiy terma jamoasini qabul qilib oldi.
Braziliya terma jamoasi eng titulli terma jamoa hisoblanadi.
Braziliyaliklar besh marta jahon chempioni bo‘lishgan: 1958, 1962, 1970, 1994 va 2002 yillarda.
Jamoa 1919 yildan 2019 yilgacha - 9 marta Amerika kubogi g‘olibi va to‘rt karra Konfederatsiyalar kubogi chempionlikni qo‘lga kiritgan.
Olimpiya o‘yinlarining ikki karra chempioni: 2016, 2020.
2014 yilning 8 iyulida braziliyaliklarning obro‘siga putur etdi. O‘sha kuni Germaniya terma jamoasiga qarshi jahon chempionati yarim final uchrashuvida maydonga tushgan “pentakampeonlar” o‘yinning dastlabki 30 daqiqasidayoq o‘z darvozasidan 5 ta gol o‘tkazib yubordi. Uchrashuv 1:7 hisobida yakunlandi va terma jamoa tarixidagi eng yirik mag‘lubiyatga qabul qilib oldi.
Turnirgacha bosib o‘tgan yo‘li
Braziliya Qatardagi mundialga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan 4-jamoa bo‘lgan. Ular o‘z qit’asida 45 ochko bilan muddatidan oldin JCh chiptasiga ega chiqishdi.
Umuman olganda, Janubiy Amerikada 10 ta jamoa mundial uchun kurash olib boradi. “Pentakampeonlar” 45 ochko to‘plagan holda 1-o‘rinni egallashdi. Guruhda ulardan tashqari Argentina, Urugvay, Ekvador, Peru, Kolumbiya, Chili, Paragvay, Boliviya, Venesuela kabi terma jamoalar ham bor edi.
“Yashil-sariqlar” turnir davomida biror marta ham mag‘lubiyatga uchramadi. Faqatgina 3 ta jamoa Braziliyadan ochko olishni uddaladi — Kolumbiya – Braziliya 0:0, Ekvador – Braziliya 1:1 va Argentina – Braziliya 0:0.
Qolgan raqiblar esa shunchaki besh karra jahon chempionlari oldida ojiz qolishdi.
Jamoa etakchilari
Umuman olganda, Braziliyaning har bir chizig‘ida jahon darajasidagi futbolchilar bor. Oddiy misol, darvoza chizig‘ida Alisson hamda Ederson kabi kiperlar harakat qilishadi. Ular hozirda Evropaning ikki top-klubi – “Liverpul” va “Manchester Siti”ning asosiy tarkib futbolchisi hisoblanadi.
Shuningdek, himoya chizig‘ida ham “Real”, “Yuventus”, PSJ va “Chelsi” sharafini himoya qiladigan fulbek va tsentrbeklar bor. Yarim himoyada esa Kazemiro, Fred va Gimaraes kabi futbolchilar o‘ynashadi. Bizningcha, Braziliyaning eng nozik nuqtasi ushbu pozitsiya bo‘lsa kerak.
“Pentakampeonlar”ning hujum chizig‘idagi nomlar istalgan jamoani cho‘chitib qo‘yishi tabiiy. Sababi Neymar, Vinisius, Rodrigo, Jezus, Rafinya, Risharlison va Antoni kabi futbolchilarni ortiqcha tanishtirishning hojat yo‘q.
Neymar
Ha, Neymarning faoliyati ham asta-sekin oxiriga yaqinlashmoqda (30 yosh), lekin u hali ham Braziliya terma jamoasining asosiy o‘yinchisi hisoblanadi. Hujumchi 2022/23 yilgi mavsumni PSJ bilan ajoyib boshladi va 13 o‘yinda 20 ta gol urdi. Qolaversa, 2022 yilgi jahon chempionati saralashi doirasidagi 10 ta o‘yinda 8 ta gol urdi va shuncha miqdordagi golli uzatmani amalga oshirdi. Shunchaki, ajoyib futbolchi. Qatarda u nimalar qilar ekan, kuzatamiz!
Risharlison
"Tottenxem"da o‘ynayotgan Risharlison ayni damda Braziliyaning birinchi raqamli markaziy hujumchisi hisoblanadi. Ha, Gabrieel Jezus bor, lekin Tite har doim Risharlisonni afzal ko‘radi. Jezus ko‘p hollarda zaxiradan maydonga tushib, o‘yinni kuchaytiradi. Risharlison haqiqatan ham gollarga chanqoq futbolchi. U 2022 yilgi jahon chempionati saralash bosqichining sakkizta uchrashuvida oltita gol urgan. Qolaversa, sentyabr oyida to‘rtta nazorat o‘yinida to‘rtta golni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan.
Vinisius
Vinisius Junior o‘tgan mavsumda katta yutuqlarga erishdi. 22 yoshli braziliyalik vinger "Real" Madridning asosiy o‘yinchilaridan biri bo‘lib, Karlo Anchelotti boshchiligidagi "qaymoqranglilar"ga yana bir bor La Liga va Chempionlar Ligasini yutishda yordam berdi. Vinisius ushbu mavsumni ham ajoyib boshladi. U 18 uchrashuvda 10 ta gol va to‘rtta golli uzatmani amalga oshirdi. Vinisius ham Qatardagi mundialda o‘zini ko‘rsatishi kutilmoqda.
Braziliyaning jahon chempionatiga boradigan futbolchilar ro‘yxati:
Darvozabonlar: Alisson (“Liverpul”), Ederson (“Manchester Siti”), Ueverton (“Palmeyras”);
Himoyachilar: Aleks Sandro, Bremer, Danilo (barchasi – “Yuventus”), Aleks Telles (“Sevilya”), Dani Alves (“Pumas”), Eder Militao (“Real”), Markinos (PSJ), Tiago Silva (“Chelsi”);
Yarim himoyachilar: Kazemiro, Fred (ikkisi ham – “Manchester Yunayted”), Everton Ribeyro (“Flamengo”), Fabino (“Liverpul”), Lukas Paketa (“Vest Xem”), Bruno Gimaraes (“Nyukasl”);
Hujumchilar: Antoni (“Manchester Yunayted”), Gabriel Martinelli, Gabriel Jezus (ikkisi ham – “Arsenal”), Neymar (PSJ), Pedro Abreu (“Flamengo”), Rafinya Dias (“Barselona”), Risharlison (“Tottenxem”), Rodrigo, Vinisius Junior (ikkisi ham – “Real”).
JCh-2022dagi taqvimi
1-tur
24 noyabr. Braziliya – Serbiya
2-tur
28 noyabrya. Braziliya – Shveytsariya
3-tur
2 dekabr.Kamerun – Braziliya
Fikrlar