Jaloliddinov “Tambov”da qolmasligi aniq, unga xorijdan taklif bor!

  • 15 yanvar, 2021, 12:01
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘tgan yili legionerga aylanib, Rossiya futboliga qadam qo‘yganidan keyin kelajak faoliyati mavhum bo‘lib qolgan futbolchilarimizdan biri Jasur Jaloliddinovdir.

O‘z tengqurlari orasida dunyoning eng iqtidorli 60 nafar futbolchisi qatoriga kiritilgan Jasur Ispaniya, Italiya, Turkiya kabi mamlakatlar jamoalaridan taklif olganiga qaramay, Evropa futboliga osonroq moslashishi uchun Moskvaning “Lokomotiv” jamoasini tanlagan edi.

2020 yilning 29 iyul kuni “Lokomotiv” futbolchisiga aylangan 18 yoshli futbolchimiz Moskvada uzoq ushlanib qolmadi. Oston O‘runovdan farqli ravishda “temiryo‘lchilar” o‘zbekistonlik legionerni birorta uchrashuvda sinab ko‘rishni ham lozim topmadi.

Yozgi transferlar yakunlanishi arafasida Jaloliddinov “Tambov” jamoasiga mavsum oxirigacha ijaraga jo‘natildi. Qizig‘i, moliyaviy inqirozlar girdobida qolgan tambovliklar ham yosh yarim himoyachini premer-liganing birorta uchrashuvida maydonga tushirmadi. Jasur Rossiya kubogi musobaqasi doirasidagi bahsda bir necha daqiqa o‘ynadi xolos.

scale_1200

Hozircha, Jaloliddinov “Lokomotiv”ga kerak emas. Chunki moskvalik “temiryo‘lchilar” hamyurtimizni qishki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga taklif qilgani haqida birorta ma’lumot chiqmadi. Demak, ular chempionatning qolgan qismida ham o‘zbek futbolchisi xizmatlaridan foydalanmaydi.

“Tambov”ning ahvoli ancha murakkab. Klubni moliyalashtirish to‘xtatilganidan keyin u tarqalib ketishi arafsida. Tambovlikarda Jasurning masalasini hal qilishdan ko‘ra, muhimroq muammolar qalashib yotibdi.

Jasur Jaloliddinovning manfaatlarini himoya qilayotgan mutaxassis Yuriy Belous bugun jurnalistlar bilan suhbatda futbolchi “Tambov”ga qaytmasligini va faoliyatida o‘zgarish bo‘lishi kutilayotganini ma’lum qildi.

- Jaloliddinov “Tambov”ga o‘tganidan keyin, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasidan chaqiruv olib yurtiga ketdi. Koronavirus pandemiyasi tufayli yoshlar termasining  tayyorgarligi va o‘yini qoldirildi. Hatto O‘zbekiston chempionatida ham o‘tgan yili to‘xtalishlar bo‘ldi. Pandemiya tufayli ikki oy davomida O‘zbekistondan chiqa olmay qoldi. Koronavirus rejalarni chipakka chiqardi. “Tambov”ga kelganida u ma’lum sabablarga ko‘ra, o‘ynashga tayyor emasdi. Har holda uyida mustaqil shug‘ullanish bilan, murabbiy nazoratida ishlashning farqi katta.

Hozir uning kelajagini “Tambov” bilan ham, “Lokomotiv” bilan muhokama qilib turibmiz. “Lokomotiv” rahbariyati o‘zgargan. Ular bilan gaplashamiz. Shuni aytishim mumkinki, Jasur Jaloliddinov “Tambov”da qolmasligi aniq. Chunki unga xorij klublaridan yaxshi takliflar bor. Hali hammasi yaxshi bo‘ladi, - dedi Yuriy Belous championat.com nashri jurnalisti Maksim Paxomov bilan suhbatda.

Jasur Jaloliddinov O‘zbekiston milliy chempionatlari yuqori ligasi tarixida maydonga tushgan eng yosh fubolchi hisoblanadi. “Bunyodkor”dagi debyut uchrashuvini 2018 yilning 2 avgustida “Qo‘qon-1912” jamoasiga qarshi o‘tkazilgan O‘zbekiston Superligasi bahsida nishonlagan. 2019 yilning 6 aprel kuni Superligada “Navbahor”ga qarshi o‘tkazilgan bellashuvda birinchi golini urishga muvaffaq bo‘ldi.

Iste’dodli yosh futbolchi ikki mavsum davomida “Bunyodkor” tarkibida 29 ta o‘yin o‘tkazib, raqiblar darvozasini uch marotaba aniq nishonga oldi. U O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida bitta o‘yinda maydonga tushgan.

15235595_1

Ayni paytda futbolchimiz Moskvaning “Lokomotiv” klubi bilan besh yillik shartnomaga ega.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!