Jamoa sharmandalarcha pastga shўnғiyapti
Oxirgi bir oy “Lion” uchun haqiqiy “qora kunlar” bo‘ldi. Bu jamoa avvaliga Fransiya kubogidan, keyin Yevropa ligasidan sharmandalarcha chiqib ketdi. Endi bo‘lsa, “Lion” ichki chempionatda ham kuchli uchlikdan tushib qolib, tobora pastga sho‘ng‘iyapti.
O‘yinni ko‘rgan odamning naq uyqusi keladi. Tarkibda Meytland-Naylz, Shults kabi “yulduzlar” maydonga qaytgan bo‘lsa-da, o‘yinda na shiddat bor, na bir tayinli hujum. 90 daqiqa davomida “Lion” raqib darvozasiga atigi 2 marta aniq zarba berdi, xolos. To‘pga egalik qilish bor, lekin gol urishga kelganda hamma “oyoq-qo‘li bog‘langandek” bo‘lib qoldi.
Raqib “Anje” ham uncha uzoqqa borgani yo‘q — ular o‘yin davomida darvozaga birorta ham aniq zarba yo‘llashmadi. Xullas, har ikki jamoa ham “sen tegma, men tegmay” qabilida zerikarli futbol namoyish etdi.
Agar “Lion” mana shunday yurishda davom etsa, kelasi mavsumda na Chempionlar ligasini, na boshqa nufuzli musobaqani ko‘radi. Hozircha ular turnir jadvalida 6-o‘ringa tushib ketish arafasida turibdi. “Lion” fevral oyidan beri g‘alaba nimaligini bilmayapti. Muxlislar esa: “Qachon futbol o‘ynaysizlar?” deb dod solishyapti.
Navbatdagi o‘yin “Loryan”ga qarshi. Agar o‘shanda ham g‘alaba bo‘lmasa, “Lion”ning ahvoliga maymunlar yig‘lashi aniq.
Fikrlar