"Jamoamga ishonaman. Klubiga ishonmagan murabbiy u erda ishlamasligi kerak" - Anvar Berdiev "Sho‘rtan"ni pley-off orqali Superligaga olib chiqadimi?

  • 04.11.2023 01:00
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol

G‘uzorning “Sho‘rtan” jamoasi pro liga yakunlariga ko‘ra 5-o‘rinni oldi va endi Superliga yo‘lidagi pley-off uchrashuvlarida qatnashadi. Buning uchun dastlab “Mash’al” to‘sig‘idan o‘tishi kerak. Undan keyin “Qo‘qon-1912” va so‘ngra Superligada 12-o‘rin egasiga qarshi uchrashuv kutmoqda.

“Sho‘rtan” pro liganing so‘nggi turida “Dinamo”ni mag‘lub etish evaziga pley-offda qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Ortda qolgan uchrashuvlar va bo‘lajak bahs oldidan jamoa bosh murabbiyi Anvar Berdiev Sports.uz saytiga intervyu berdi.

- Pro liganing oxirgi turida “Sho‘rtan” “Dinamo”ni yutish orqali pley-off yo‘llanmasiga ega chiqdi. Jamoangiz Superligaga chiqqan klubning chempionatdagi mag‘lubiyatsiz seriyasiga nuqta qo‘ydi. Dastlab shu xususida to‘xtalsangiz.

- Uyimizda “Dinamo” bilan juda qiyin o‘yin bo‘ldi. Hammani xabari bor, “Dinamo” pro ligada mag‘lubiyatsiz kelayotgandi. Ular bizga qarshi uchrashuvga ham yaxshi tayyorlanishgandi va Samarqanddan ham ancha muxlislar kelishdi. Ammo men o‘z jamoamga ishongandim. Klubiga ishonmagan murabbiy bu jamoada ishlamasligi kerak, deb o‘ylayman. Ozgina imkoniyatdan maksimal darajada foydalanib, faqat g‘alaba qozonishimiz kerak edi. Bu bizning vazifamizga aylangandi. Xudoga shukr, o‘sha g‘alabani qo‘lga kiritdik. Xursand bo‘ldik, futbolchilarga minnatdorchilik bildirdim. Klub rahbari Shamil aka Yarulin, jamoamiz homiylariga alohida rahmat. Oldimizga qo‘yilgan vazifani qo‘ldan kelganicha bajarishga harakat qildik. Birinchi davrada ham biz Samarqandda “Dinamo”ga yutqazmagandik. Demak, ularga qarshi o‘yinlarda 4 ochko olishga erishdik.

anvar berdiev4_1

- “Sho‘rtan” dastlabki pley-offda yon qo‘shnisi “Mash’al”ga qarshi o‘ynaydi va bu derbi maqomida. Ushbu uchrashuvga tayyorgarlik qanday olib borilyapti?

- Bilasiz, derbida kutilmagan vaziyatlar bo‘ladi. “Mash’al” shakllangan jamoa. Har doimgidek tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Pley-off bitta o‘yindan iborat. Hamma narsa bo‘lishi mumkin. Ammo bizda ozgina bo‘lsa ham imkoniyat bor ekanmi, oxirigacha kurashishga tayyormiz. Yigitlarimizga 3 kunlik dam bergandik va 31 oktyabrdan yana tayyorgarlikka kirishganmiz. 15 noyabrda bo‘ladigan derbiga hozirlik ko‘rishda davom etyapmiz. Vazifamiz har bir uchrashuvda g‘alaba uchun kurashish. Ajoyib o‘yin bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bor kuchimiz bilan kurashamiz. U yog‘i Allohga ayon.

- Umumiy olganda, “Sho‘rtan”ni chempionatdagi ishtirokini qanday baholaysiz?

- Mavsum boshida bosh murabbiy Aleksey Evstafeev edi. O‘shanda jamoamiz oldiga 4-o‘rindan pastga tushmaslik vazifasi qo‘yilgan. Bilasiz, o‘sha paytda natijalarimiz biroz ko‘ngildagidek bo‘lmadi va Evstafeev ishdan ketdi. Jamoani esa menga ishonib topshirishdi. O‘shanda ham maqsad o‘zgarmagan. Pley-offga ilinib qolganimiz meni unchalik qoniqtirmaydi. Chunki ayrim uchrashuvlarda to‘g‘risi, hakamlarning xatosi bo‘ldi. Masalan, uyimizda “Xorazm”ga yutqazganimiz, safarda “Navbahor-farm” bilan uchrashuvimizda ham hakamlarning xatolari qimmatga tushdi. “Lokomotiv”ga qarshi safardagi o‘yinda ham jamoamiz ajoyib harakat qildi. Oxirgi daqiqalarda xushyorlikni yo‘qotib gol o‘tkazib yubordik. Ungacha hakam foydamizga yaqqol penaltini bermadi. Shuningdek, uyimizda “Aral”ga qarshi ham biroz omadimiz kelmadi. Agar ushbu uchrashuvlarda g‘alaba qozonganimizda bemalol vazifamizni 2-3 tur oldin bajarsak bo‘lardi.

anvar berdiev1_1

- Baribir “Sho‘rtan”da ham Superligaga chiqish imkoniyati saqlanib turibdi. Faqat buning uchun uchta o‘yinda yutishi kerak bo‘ladi. Vaziyatga real qarasak, “Sho‘rtan” Superligaga tayyormi yoki pley-off bahslarida shunchaki omadini sinab ko‘rmoqchimi?

- Avvalambor, jamoamga ishonaman. Bu yilgi o‘yinlarimizda birorta jamoaga 2-3 ta to‘p farqi bilan yutqazmadik. Masalan, uyimizda “Lokomotiv”ga 1:2 hisobida engildik. Safarda esa 1:0 hisobida mag‘lub bo‘ldik. Samarqandda “Dinamo” bilan durang o‘ynadik va uyimizda bu jamoani yutdik. Qo‘qonliklar bilan G‘uzorda durang qayd etdik, mehmonda oxirgi daqiqalarda penaltidan gol o‘tkazib yuborib, mag‘lub bo‘ldik. “Mash’al” bilan ham shunga o‘xshash holat bo‘ldi. Aytmoqchimanki, biz Superligada o‘ynagan klublarga qarshi tengma-teng kurashdik. Faqat qaerdadir o‘zimiz muvozanatni yo‘qotib gol o‘tkazib yubordik. Yana qaytaraman: men jamoamga ishonaman. Futbolda ozgina imkoniyat bo‘lsa ham oxirigacha kurashish kerak. Bizda imkoniyat paydo bo‘ldi. Avvalo “Mash’al” haqida o‘ylayapmiz. Qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz. Buning uchun jamoamizga shart-sharoitlar yaratilgan, moliyaviy tomondan ham muammolar yo‘q. Bizdan faqat maydonga chiqib kurashish kerak xolos.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Жабборов Ахмаджон
05/11/2023 06:42
Анваржонга омад.