Janubiy Koreyada murabbiylik qilayotgan hamyurtimiz!

  • 31 mart, 2019, 12:45
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Sanjar Asqaralievni yaxshi tanisangiz kerak-a? Namanganlik futbolchining faoliyati davomida «Navbahor», «Neftchi», «Andijon» kabi jamoalarda to‘p surib muxlislar mehrini qozongan yarim himoyachi oxirgi marta Farg‘onaning «Istiqlol» jamoasi sharafini himoya qilgandi. Shundan so‘ng Asqaraliev maydonda ko‘rinmay qolgandi. Ko‘pchilik esa Sanjarni Janubiy Koreyada murabbiylik ishi bilan shug‘ullanayotganini bilmasa kerak. O‘zingiz tushunib turganingizdek, ushbu maqolamiz Sanjar Asqaraliev haqida bo‘ladi.

Tecno

Ochig‘i, Asqaralievning Janubiy Koreyada murabbiylik qilayotgani e’tiborga molik xabar desak yanglishmaymiz. Biz esa avvalo uni qanday qilib Koreyaga ketgani haqida gapirdi.

- Janubiy Koreyaga oilaviy sabablaga ko‘ra ketdik. U erda rafiqamning qarindoshlari istiqomat qilishadi. O‘shalar menga bu erga kelib bemalol ishlashim mumkinligini aytib qolishdi. Ularning taklifiga ko‘ra ketdim va endilikda yosh bolalarni shug‘ullantiryapman. Hammasi yaxshi, o‘z ishimni yaxshi ko‘rganim bois u erdagi faoliyatim mazmunli o‘tyapti. Koreyaning Ansan shahridamiz va u erda «Shinsung» degan xususiy futbol maktabi bor. O‘sha erda bolalar bilan ishlayapman. 2009 va 2010 yillarda tug‘ilgan bolalarga murabbiylik qilyapman.

Bolalar futboliga murabbiylik qilayotgan Asqaralievda bu borada tegishli litsenziya bormi, degan haqli savol ham tug‘iladi. Mazkur masala haqida o‘zidan so‘raganimizda shunday dedi:

- Ha, ular mendan murabbiylik litsenziyamni so‘rashgandi. Litsenziyam esa bor, faqat O‘zbekistonda qolganini aytganman. Futbol maktabining rahbari men bilan yaxshi munosabatda bo‘lgani uchun menga ishonch bildirgan. Baribir qachondir O‘zbekistonga qaytib murabbiylik o‘quv-kurslarida o‘qishim kerak. Bungacha «S» litsenziyaga o‘qiganman va yana o‘qishim kerak.

Shunday qilib, Sanjar futbolchilik faoliyatini tugatgan ko‘rinadi. Lekin u bu haqida hali hech kimga aytmagandi. Shu bahonada Asqaraliev futbolchilik faoliyatini tugatganini e’lon qildi.

- Ha, futbolchilik faoliyatimni tugatdim deb hisoblasam bo‘ladi. Bo‘ldi endi, tugatadigan paytim kelgandi. Ammo futbolni erta tugatdim deb o‘ylamayman. Ayni paytda 38 yoshdaman. Shunday ekan, faoliyatimni yakunlaydigan davr ham kelgandi va buni o‘zim ham yaxshi tushunib turgandim. Yoshlarga ham yo‘l bo‘shatib berish kerak edi. Hadeb futbol o‘ynab futbolni ham qiynamaylik (kuladi).

Xo‘sh, sobiq futbolchiga aylangan Asqaraliev maydonda o‘tkazgan faoliyatidan qay darajada ko‘ngli to‘ldi? Bu haqida u quyidagicha javob berdi.

- Faoliyatimdan qanchalik qoniqdim? Menimcha, 50x50 bo‘lsa kerak. Nima bo‘lganda ham «Neftchi»dagi faoliyatim esda qolarli bo‘ldi. Ammo, afsuski, bu jamoa bilan chempionlikni qo‘lga kiritish nasib qilmagan. Kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritganmiz. Baribir chempionlik nasib qilmagani men uchun alamli bo‘lgan. Ko‘p mamlakatlarda bo‘ldik, Osiyo Chempionlar ligasi hamda OFK Kubogi musobaqasida ishtirok etdik. Albatta, bu vaq davomida yaxshi natijalarimiz ham bo‘lgan.

Endi yana Koreyadagi faoliyatiga qaytadigan bo‘lsak, yosh bolalar bilan ishlash bo‘yicha u erda tizim qanday? Hamyurtimizni e’tiborini tortgan jihatlar bo‘ldimi?

- Koreyada yosh bolalar futboli boshqacha ekan, - deydi Sanjar. - Bu erda bolalarni ertalab maxsus avtobus olib keladi va mashg‘ulotlardan so‘ng o‘sha avtobus olib ketadi. U erda mashg‘ulot uchun e’tiborni ko‘rsangiz, hech nimadan muammo yo‘q. Hamma sharoitlar faqat a’lo darajada. Agar O‘zbekistonda ham sharoit va e’tibor shunaqa bo‘lganida allaqachon Messi va Ronaldular etishib chiqqan bo‘lardi.

Bundan tashqari, u erda yaratilayotgan sharoitlar ham yuqori darajada ekanligi haqida alohida ta’kidlamoqda. Bunga quyidagi so‘zlari orqali guvoh bo‘lish mumkin.

- Koreyada maydonlardan hech qachon muammo yo‘q. Bolalar uchun 4-5 xil ko‘rinishdagi maydonlar bor. Mashg‘ulotning har 40 yoki 45 daqiqasidan keyin bolalar uchun choy-kofe, banan va meva-chevalar beriladi. Bolalar uchun umuman muammo yo‘q. To‘pmi, forma deysizmi, hamma-hamma narsasi bor. Shunday ekan, qanaqasiga bola o‘smasin?! Lekin bu erda bolaning futbolchi bo‘lish yoki bo‘lmasligini ko‘pincha ota-onalari hal qilishadi.

Xo‘sh, Asqaraliev ustozlik qilayotgan jamoa turli xil musobaqalarda qatnashishyaptimi? Har holda bolalar uchun o‘yin amaliyoti juda muhim hisoblanadi.

- Ha, musobaqalar bo‘lib turadi. Hozircha Ansan viloyati bo‘yicha tashkil etilayotgan turli turnirlarda qatnashib turamiz. Keyin bir marta Koreya poytaxti Seul shahrida o‘tkazilgan musobaqada ham ishtirok etib keldik, - deydi Asqaraliev.

Bolalar futboli bilan bog‘liq yana bir asosiy muammo shundaki, ko‘pincha ulardan natija ham talab qilinadi. Murabbiylar bolaning futbolchi sifatida o‘sishining o‘rniga jamoasining natija ko‘rsatishini ustivor vazifaga aylantirib olishadi va bunday holatlarga o‘zimizda ko‘p bor guvoh bo‘lganmiz. Bu borada Koreyada qanday? Asqaraliev esa shunday javob berdi.

- Bu erda natija haqida umuman hech kim hech nima demaydi. Nega yutdi yoki nega yutqazdi degan gap yo‘q. Bola mashg‘ulotga kelyaptimi, qilayotgan mehnatidan o‘zi xursandmi va bunda nota-onasi mamnunmi, bo‘ldi shuning o‘zi ular uchun etadi. Bolalar bilan ishlashda murabbiy maza qilib ishlaydi. Hech qanday bosimni his qilmaydi. Shuning uchun men ham bolalar bilan ishlashda aslo qiynalayotganim yo‘q. Bilasizmi, Koreyada iqtidorli bolalar juda ko‘p ekan, ularni ko‘rib o‘zim ham hayron qoldim. Bolalarning o‘zlarida futbol uchun qiziqish juda katta. Bu esa ularning asosiy yutug‘i hisoblanadi. Ammo, baribir u erda bolaning emas, balki ota-onasining aytgani bo‘lar ekan. Men esa bolalarning ota-onalari farzandining iqtidori borligini va futbol bilan oxirigacha shug‘ullanishini aytaman. Ammo ular bolasini ko‘proq o‘qitishga qiziqishadi.

Shuningdek, u erda murabbiylar uchun ham qanday sharoitlar yaratilgani bilan qiziqdik. Qolaversa, qancha miqdorda oylik maosh olayotgani borasida ham bilishni xohlagandik.  

- Murabbiylar uchun sharoitlar ham yaxshi. Nolishga also hojat yo‘q. Oylik maosh haqida esa gapirmay turganim yaxshi. Odamlar meni u erga pul yoki boshqa narsa uchun ketibdi deb o‘ylashmasin deymanda. Lekin tan olishim kerakki, oylik maoshim ancha baland. Sentyabr oyida vizam tugaydi. Keyin shunga qarab ish qilamiz.

Umuman olganda, hamyurtimiz Janubiy Koreyada yana qancha muddat faoliyat olib bormoqchi? Keyingi rejalari qanday? Bu savolga esa quyidagicha javob qaytardi.

- To‘g‘risi, hali keyingi rejalarim haqida bir nima deya olmayman. Ammo  Koreyadagi ishim o‘zimga ham yoqyapti. Shunga qaramay, ota-onam, qarindoshlar, umuman olganda, vatan sog‘inchi degan tuyg‘ular baribir o‘z so‘zini aytyapti. Sentyabrgacha yana hammasini o‘ylab ko‘raman. Ungacha esa hali vaqtim bor.

Shu o‘rinda ko‘pni ko‘rgan sobiq o‘yinchimizdan bugungi o‘zbek futboli haqidagi fikrlari bila ham qiziqib ko‘rdik. Uning bildirgan fikrlari esa sizni ham bee’tibor qoldirmasa kerak.

- To‘g‘risi, bugungi futbolimiz haqida nimadir deyishni ham bilmayman. Sport tamoyillari degan tushunchalar bor. Qanday qilib, birinchi ligadan kurashmasdan turib Superligaga chiqish mumkin? Mana shunday ishlardan hayron qolyapman. Har doim sport tamoyillariga amal qilish kerak. Bugun ikkita jamoani chiqardi, ertaga esa yana boshqalarni ham kurashsiz Superligaga chiqarishadi. Agar shunday bo‘laversa, u holda pro-ligani nima keragi bor? Pro-ligadan kurashib chiqqan jamoa anna shundan keyingina Superliganing qadrini biladi. Futbolimizdagi o‘sishni esa milliy terma jamoaga qarab belgilash mumkin. Terma jamoa o‘yiniga qarab, o‘zbek futboliga baho bersa bo‘ladi.

Ma’lumki, bizda ham yoshlar bilan ishlash va bolalar futbolini ko‘tarish borasida turli o‘zgarish va islohotlar amalga oshirilmoqda. Xo‘sh, bolalar futboliga bo‘lgan e’tibor va ular bilan ishlash borasida Janubiy Koreya bilan O‘zbekistonni qanday solishtirish mumkin? Hammasiga o‘z ko‘zlari bilan guvoh bo‘layotgan Sanjar Asqaraliev shunday javob qaytardi.

- Janubiy Koreyada ishga bo‘lgan munosabat juda yuqori darajada. U erda futbolchilar va yosh bolalarning mashg‘ulotga bo‘lgan munosabatini ko‘rsangiz hayron qolasiz. Javobgarlik hissisni juda yaxshi his etishadi. Shu bois u erda yoshlarning o‘z ishiga jiddiy yondashayotganini ko‘rib hayron qolaverasiz. Shuning uchun ham bugungi kunda Koreya futbolining mavqei bizdan ancha baland. Bundan tashqari, u erda murabbiyning roli juda katta va futbolchilar ustoziga nisbatan boshqacha hurmatda bo‘lishadi. Ularga yoshlikdan ta’lim tarbiya ham yuqori darajada berilar ekan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!