
Jasur Jaloliddinov: Kelajagim borasida murabbiylarim va yaqinlarim bilan maslahatlashaman
Bugungi kunda «Bunyodkor»ning tarbiyalanuvchisi Jasur Jaloliddinov juda tez ko‘zga tashlanayotgani barchaga yaxshi ayon. Qolaversa, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining ham sardori va etakchisi sanaladi. Uning kelajagi borasida esa ko‘pchilikning fikri ijobiy ko‘rinish olmoqda. Bundan tashqari, Jaloliddinovga xorijdan ham takliflar bo‘layotgani borasida ma’lumotlar ham yo‘q emas. Biz esa barcha masalalarni jamlagan holda unga bir qator savollar bilan murojaat qildik.
- Yaqinda yoshlar terma jamoamiz safida Saudiya Arabistonidagi saralash bashlarida ishtirok etib qaytdinglar. Biroq kelasi yili yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati O‘zbekistonda o‘tkazilishi sababli Saudiyadagi saralash bahslarida qayd etiladigan natijalar terma jamoamiz uchun ahamiyatsiz edi. Bunday paytda sizlarda motivatsiya yo‘qolib qolmadimi?
- To‘g‘ri, Osiyo chempionati final bosqichi yurtimizda o‘tishini bilgan holda saralash bahslariga yo‘l oldik. O‘sha xabar e’lon qilinganida biz Iordaniyada yig‘in o‘tkazayotgandik. O‘sha xabar chiqqan kunning o‘zidayoq bosh murabbiyimiz Otabek G‘ulomxo‘jaev nima bo‘lganda ham saralash bahslarida maydonga chiqib o‘z kuchimizni isbotlashimiz kerak deb bizga yaxshilab tushuntirgandi. Baribir o‘zimizni nimalarga qodirligimizni ko‘rsata olishimiz kerak edi. Har qanday holatda ham biz saralashning yakunida Osiyo chempionatiga yo‘l olgan jamoalar qatorida bo‘lishimiz lozim edi. To‘g‘risi, bizning jamoamizga negativ qaraydiganlar ham ko‘payib qolgandi. Oxirgi paytlarda o‘rtoqlik o‘yinlaridagi natijalar ham bunga ta’sir ko‘rsatdi deb o‘ylayman. Lekin vaziyatga qaraydigan bo‘lsak, terma jamoamizning bir qator yig‘inlarida men bilan «Nasaf» darvozaboni Abduvohid Ne’matov qatnashmadik. Balki shuning uchun ham o‘rtoqlik bahslaridagi natijalar ko‘ngildagidek chiqmagandir. Odamlar esa hammasini bilib-bilmasdan noto‘g‘ri fikrlar ham bildirishdi. Agar saralash bahslarida yomonroq natija bilan qaytganimizda yana tanqid toshlari otilardi. Biz esa mana shunday gap-so‘zlar bo‘lmasligi uchun ham ijobiy natija ko‘rsatishga harakat qildik. Lekin barchamizga saralash uchrashuvlari oldidan katta motivatsiya bo‘ldi. Har bir futbolchining g‘ururi bor, hammasi ota-onasi, oilasini hurmat qiladi. Barcha yigitlar yuzini yorug‘ bo‘lishini va barchaga nimalarga qodirligimizni ko‘rsatish uchun ham harakat qildik. Yakunda Saudiya bilan bir xil – 7 ochkodan to‘pladik va guruhda ikkinchi bo‘ldik. Keyin qarasak, eng yaxshi ko‘rsatkichga ega beshta ikkinchi o‘rinni egallaganlar orasida uchinchi bo‘libmiz. Aytmoqchimanki, baribir ham Osiyo chempionatiga chiqqan bo‘larkanmiz.
- Joriy mavsum siz uchun katta ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Ayniqsa, 17 yoshingizdayoq «Bunyodkor»ning asosiy tarkibidan joy olishingiz va ko‘rsatayotgan o‘yinlaringiz tufayli sizni mavsumning kashfiyoti sifatida e’tirof etmoqdalar. Bu vaziyatga munosabatingiz qanday?
- Boshida shunday xabarlar paydo bo‘lganida va tarixga kirganim haqida aytishganida o‘zimda ham boshqacha xissiyotlar sezildi. O‘sha paytda yo oldinga qarab ketishim kerak yo shu joyda to‘xtab qolishim lozim edi. Taqdirimni hal qiladigan vaziyat edi. Men esa qat’iy qaror qabul qilib bo‘lgandim. Shu yo‘lni tanladimmi, endi orqaga yo‘l yo‘q, faqat oldinga qarab yurishim kerak deb o‘zimga-o‘zim so‘z berganman. Shuncha murabbiylarni menga katta yordamlari tekkan, ularning qancha asablari ketgan, hammasini o‘ylab, yanada ko‘proq mehnat qilishim kerakligini tushundim. Masalan, o‘tgan yili Mirjalol Qosimov menga dastlabki imkoniyatni bergandi. U meni o‘tgan mavsumda 8 daqiqa uchun maydonga tushirgandi. Shunga qaramasdan menga xuddi 90 daqiqa davomida o‘ynaydigan futbolchidek munosabatda bo‘lardi. Garchi bitta uchrashuvda ishtirok etgan bo‘lsam-da, hamisha asosiy tarkib bilan shug‘ullanardim va hatto ba’zida ulardan ham ko‘ra menga ko‘proq e’tibor qaratardi. Bu esa menga katta mas’uliyat yuklardi. Bir paytlari televizorda futbolimiz afsonasi Mirjalol Qosimovni ko‘rib yurgan bo‘lsam, taqdir taqozosi bilan mening ustozim bo‘lib turibdi. Bu yil esa qanday o‘sishga erishgan bo‘lsam, hammasi Vadim Abramovning mehnati va menga bildirgan ishonchi tufayli deb o‘ylayman. Vaholanki, Vadim Karlenovich hali bu yosh, keyinchalik vaqti keladi deb aytsa ham bo‘lardi. Lekin u menga ishonch bildirdi. Mening asosiy tarkibga kirishib ketishimga uchta o‘yin kifoya bo‘ldi. Mavsumdagi birinchi o‘yinda rosti qiynaldim. Chunki asosiy tarkibda ilk bor maydonga tushgandim. Shundan so‘ng endi ikkinchi uchrashuvda meni asosiy tarkibda maydonga tushirmasa kerak deb o‘ylaganman. Lekin meni yana boshlang‘ich tarkibda tushirdi. Natijada o‘zimga bo‘lgan ishonch ortdi. Keyin uchinchi o‘yinda maydonga tushishimdan avval Abramov menga endi gol urish vaqting keldi, urasanmi dedi va men ha deb javob qaytardim. «Navbahor»ga qarshi uchrashuvning dastlabki daqiqalaridayoq gol urib hisobni ochdim. Shundan so‘ng menda hech qanaqa shubha yoki qo‘rquv qolmagan. Keyingi o‘yinda «Andijon» darvozasiga uzoq masofadan gol urganman. Keyin jamoamning bir bo‘lagi ekanimni his qilganman.
- Xorijning nufuzli nashrlaridan biri dunyodagi eng iqtidorli bo‘lgan 50 nafar o‘smir futbolchilar orasiga sizni ham kiritishgani hammaning e’tiborini tortdi. Siz buni qanday qabul qildingiz?
- Oldin «Bunyodkor» akademiyasi bilan xorijdagi nufuzli turnirlarga ko‘p borardik. O‘shanda kuchli jamoalar bilan o‘ynaganimizda o‘zimiz uchun do‘stlar orttirganmiz. Bir kuni PSJda to‘p surayotgan germaniyalik o‘rtog‘im menga xabar yubordi va shularning qatoriga kirganing bilan tabriklayman deb yozdi. Buni ko‘rganimda boshida yaxshi tushunmadim. Nimanidir tahlili yoki so‘rovnoma bo‘lsa kerak deb o‘yladim. Keyin internetda bu xabar tezda tarqab ketganidan so‘ng buning jiddiyligini tushundim. Ro‘yxatda qarasam Ansu Fati kabi tanilayotgan bo‘lajak yulduzlar ham bor edi. Hali hech nimaga erishmagan bo‘lsam-da, ustozlarimning mehnatlarini his qildim. Men hali boshlanish yo‘lidaman. Murabbiylar meni qo‘llab-quvvatlamasdan ishonch bildirishmaganlarida hozir qaerda bo‘lardim, Xudo biladi.
- Kelasi yili katta ehtimol bilan xorijga ketishingiz haqida gap-so‘zlar bor. Shunga ham oydinlik kiritib o‘tsangiz.
- To‘g‘risini aytsam, o‘zim ham bir-ikkita joylardan takliflar bo‘layotganligini eshitdim. Lekin bundan boshqa aniq ma’lumotlarni bilmayman. Men «Bunyodkor» akademiyasining tarbiyalanuvchisiman. Shu bois hammasi o‘zimning xohishimga bog‘liq emas. «Bunyodkor»ni meni o‘sishimga sababchi bo‘lgan klub deb bilaman. «Bunyodkor» bo‘lmaganida esa hech nima qila olmasdim. Bu erga 8 yoshimda kelgan bo‘lsam, o‘tgan vaqt davomida menga ota o‘rnida ota, ona o‘rnida ona bo‘lishdi. Bu meni boqib katta qilgan klub. Shuning uchun «Bunyodkor» nima desa shuni qilaman. Agar klub ikki yildan keyin ketasan desa ikki yil o‘ynab keyin ketaman, agar hozir ketasan desa hozir ketaman. Hammasi «Bunyodkor»ning qaroriga bog‘liq. Meni olmoqchi bo‘lgan klub meni katta qilgan «Bunyodkor»ni ham rozi qilishi kerak-da. Har qanday holatda ham ketadigan bo‘lsam, «Bunyodkor»ni rozi qilib ketaman. Hech qachon jamoamni xafa qilib ketmoqchi emasman.
- Sizga ayniqsa Italiyaning «V» seriyasi klublaridan takliflar bo‘layotgani rostmi?
- Ha, menimcha shu haqida gaplashishyapti. Mavsum yakunlanganidan keyin barchasi oydinlashadi. Lekin men bu boradagi voqealar rivoji qanday ketayotganini to‘liq bilmayman. Faqat men to‘g‘rimda Italiyadan taklif bo‘lganini eshitdim. Shundan keyin Italiya «V» seriyasini qiziqib ko‘rib turibman. Jamoalarni va turnir jadvalini kuzatyapman. «V» seriyadan «A» seriyaga uchta jamoa chiqarkan va uchta jamoa tushib ketarkan. Agar hal bo‘lsa, o‘zim ham yaqin kunlarda bilib olsam kerak.
- Legioner sifatida o‘ynashga tayyorman deb o‘ylaysizmi?
- Bilmadim. Bu jismoniy holat va yana boshqa narsalarga ham bog‘liq. Xorijga ketyapsizmi, har tomonlama tayyor bo‘lib borishingiz kerak. Baribir hali bu masalada murabbiylarim va yaqinlarim bilan maslahatlashaman.
Fikrlar