"JCh-2026" uchun yangi qoidalar: O‘zbekiston terma jamoasi libosiga maxsus belgi qo‘yiladi
2026 yildagi Jahon chempionatida FIFA bir qator yangiliklarni joriy qildi. Ulardan biri turnir ishtirokchilariga beriladigan maxsus esdalik shevronlari (libosga tikiladigan maxsus belgi) bo‘ldi.
FIFA uch turdagi shevronlarni taqdim etdi:
Debyut — Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etayotgan futbolchilar uchun;
Meros (Heritage) — mundialda beshinchi yoki undan ko‘p bor qatnashgan futbolchilar uchun;
Oltin shon-shuhrat (Golden Glory) — avvalgi Jahon chempionatlarida individual mukofotlarni qo‘lga kiritgan futbolchilar uchun.
Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasining barcha 26 futbolchisi Kolumbiyaga qarshi ilk uchrashuvda o‘ng yengida debyutant shevroni bilan maydonga tushadi. Birinchi o‘yinda qatnashgan futbolchilar keyingi bahslarda ushbu belgini taqmaydi. Zaxirada qolgan futbolchilar esa mundialdagi ilk o‘yini o‘tkazguniga qadar debyutant shevroni bilan maydonga tushishda davom etadi.
Shuningdek, Ispaniya yulduzi Lamin Yamal va Norvegiya hujumchisi Erling Holand ham turnirni debyutant shevroni bilan boshlaydi.
"Meros" va "Oltin shon-shuhrat" shevronlariga ega futbolchilar soni esa unchalik ko‘p emas. Ular orasida Xames Rodriges, Xarri Keyn, Kilian Mbappe, Tibo Kurtua, Emiliano Martines, Lionel Messi, Luka Modrich, Krishtianu Ronaldu, Manuel Noyer va Yuto Nagatomo kabi yulduzlar bor.
Qiziq, Lionel Messi va Luka Modrich ikki xil shevron bilan harakat qiladi. Messi mundialdagi oltinchi, Modrich esa beshinchi ishtirokini o‘tkazayotgani, shuningdek, avvalgi turnirlarda individual mukofotlarni qo‘lga kiritgani sababli ularning har ikki yengida alohida shevron bo‘ladi.

Fikrlar