Joel Dias:Bektemir Meliqo‘ziev uchun Sergey Kovalyovni so‘raganmiz

  • 4 oktabr, 2020, 12:14
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Murabbiy Joel Dias mashg‘ulot jarayonida o‘zini jarohatlashga qodir bo‘lgan, kuchli zarba sohibiga duch keldi.

Tecno

Dias Bektemir Meliqo‘zievning imkoniyatlarini inobatga olgan holda, uni hozirgi o‘rniga nisbatan bir muncha kuchlilar bilan jang qilishga tayyor, deb biladi.

- Rio Olimpiadasi kumush medal sohibi, 24 yoshli Bektemir amaldagi va sobiq jahon chempionlari uchun ham muammo bo‘la oladi,- dedi Dias.

Murabbiy Dias va Bektemirning menejeri Vadim Kornilov “Golden Boy” promouterlik kompaniyasiga sobiq jahon chempioni Sergey Kovalyovni raqib sifatida berishlarini so‘rab buni amalda ham isbotlamoqchi bo‘lgan edilar.

"Bektemir va uning jamoasi bizga Kovalyovni so‘rab murojaat qilishganida, men jiddiy gapiryapsizlarmi?, degan edim",- deydi “Golden Boy” kompaniyasining janglar tashkilotchiligi uchun mas’ul Roberto Dias.

bek

O‘zbekistonlik Bektemir Meliqo‘ziev boksda bir muncha tez ko‘tarilib kelayotgan yulduz bo‘lib, Kaliforniyaning Indio shahrini o‘z uyidek ko‘radi. Kovalyov bo‘yicha harakat samara bermadi. Chunki hali u qadar ham mashhur bo‘lib ulgurmagan bokschi bilan tushish Kovalyovga hech narsa bermasdi. Ammo Dias jang amalda bo‘lganida ham kim g‘alaba qozongan bo‘lishini biladi.

"Biz Kovalyov bilan hohlagan vaqtda jang qilishimiz mumkin va ishonchim komilki, Sergey 6-raunddan u yog‘iga o‘tmaydi",-deydi Joel Dias.

Bektemir Meliqo‘ziev 30 oktyabr kuni Alan Kampa ( 17-5, 11 KO) bilan jang qiladi.

"Kampa Bektemir uchun qiyin test. 2 ta kuchli “Golden Boy” bokschilari ham Kampani muddatidan oldin mag‘lub eta olmagan. Agar, Bektemir ishonch bilan uni mag‘lub etsa, uni kelasi yil katta kechalarning asosiy jangi kutib turadi. U hamma bilan jang qila oladi. Raqib kim bo‘lishini farqi yo‘q",- dedi Roberto Dias.

Bir necha yillardan buyon ushbu biznesda faoliyat yuritayotgan bo‘lishiga qaramay, Roberto Dias Bektemirning har bir jangida paydo bo‘ladigan, yangidan-yangi qobiliyatlari borligini yashirib o‘tirmadi. Bektemir shunchaki nokautchi emas. U ajoyib oyoq harakatlariga ega bo‘lgan chapaqay bokschi. Bektemir birdaniga raqib qarshisidan yo‘q bo‘lib qoladi va boshqa pozitsiyadan raqibiga kuchli zarba beradi. Raqibi buni payqashi mumkin, ammo himoyalanishga ojiz qoladi.

Shu sababli ham Bektemir Meliqo‘ziev o‘rta osiyolik boshqa bir o‘rta vazn chempioni Gennadiy Golovkinni ham eslatib yuboradi. Gennadiy ham 42 jangidan 35 tasida raqiblarini muddatidan oldin mag‘lub etgan.

"Bek sizni zavqlantira oluvchilardan biridir. U juda ajoyib. U muxlislar istagan zavqni ya’ni, nokautni taqdim eta oladi. U ringga jilmayib qadam qo‘yishni yoqtiradi", - deydi Roberto.

Bektemir 2019 yilning boshidan Indioda mashg‘ulot o‘tkaza boshlagandan buyon, bir nechta o‘zbekistonlik bokschilar bilan istiqomat qilib kelmoqda. Garchi, iqlimi va ko‘rinishi O‘zbekistondan farq qilsa-da, Indio u uchun ayni qulay joy ekanini ta’kidlaydi. Shu bilan birgalikda Bektemirning murabbiylar Joel va Antonio Diaslar bilan juda yaqin munosabatda bo‘lishi ham uning professional boks uslubiga moslashishiga juda yaxshi turtki bo‘ldi. Bektemir havaskor boksdagi 400 dan ortiq janglardagi tajribaga qo‘shimcha ravishda, aka-uka murabbiylar unga professional boksning sir-asrorini o‘rgatadilar.

"Biz bu erdagi muhitdan mamnunmiz. Antonio menga akam, Joel esa huddi amakim kabi va ular inson sifatida ham hurmatga loyiq... Murabbiy sifatida esa mutlaqo o‘zgacha, ikki uslub va bu menga ayni kerakli holat”,- deydi Bektemir.

Joel oldin 5 karra jahon chempioni Timoti Bredli kabi chempionlar bilan ishlagani, ammo ularning hech birida Bekniki kabi kuch yo‘qligini ta’kidlaydi. Hattoki, Diaslar uchun Bektemir bilan ringda, “mitt”larda ( lapali qo‘lqoplar), tana zarbalariga ishlashning o‘zi qiyin. Bu kabi mashg‘ulot so‘ngida har doimgidek tirsaklarda og‘riq paydo bo‘ladi. Bu ishni ko‘pincha Antonio o‘z zimmasiga olib, Joelning joniga oro kiradi.

Bektemir uchun sparring hamkorlar topish ham qiyin. Chunki, Bek ularni uzoqqa olib bormaydi. Ko‘pincha superog‘ir vazn toifasidagi bokschilarni sparringga olib kelinganida ham Bektemir ularning kuchli zarbasi bilan qulatavergan. To‘liq mashg‘ulotlar jarayonida ham sparringlarni mukammal o‘tkazishni imkoni yo‘q. Chunki, unga kimni olib kelsangiz barchasini jonini og‘ritadi.

Bektemir Meliqo‘ziyev Indio shahrida mashg‘ulotlar o‘tkazib, janglari orqali super o‘rta vazn reytingida tobora yuqorilab bormoqda. “Top Rank” kompaniyasi mijozi hisoblangan boshqa bir kuchli bokschi Edgar Berlanja 14 ta jangining barchasida raqiblarini 1 raundda nokautga uchratgan. Roberto Dias ijtimoiy tarmoqlarda uni Bektemir uchun yaxshi raqib bo‘la olishini takidlaganida ko‘pchilik muxlislar bunga qarshi fikr bildirib, Edgar hali Bektemirga tayyor emasligini ta’kidlashgan edi.

"14-0 natijaga ega bokschining 5-0 ko‘rsatkichli charmqo‘lqop ustasiga tajribasi etmasligini birinchi marta eshitishim. Bu meni xursand qildi, chunki boshqalar ham Bektemir aslida qanday ekanligini anglashmoqda" ,- deydi Roberto Dias jilmaygan holda...

Joel Dias esa uni sekin ko‘tarishdan ma’ni yo‘qligini takidlaydi. O‘zbekistonlik boshqa bir bokschi Murodjon Ahmadaliev 8 ta jang bilan allaqachon 2 yo‘nalish chempioni. Isroil Madrimov esa, ikkinchi jangida WBA International kamarini qo‘lga kiritgan. Bektemir ham havaskor boksda ular kabi katta tajribaga ega.

bek2

"Kutadigan nima bor? U barchasini ko‘rib bo‘lgan. Bu kabi ulkan havaskor boks tajribasiga ega bokschilarni ortga tortib, ularni faoliyatini sekinlashtirishdan foyda yo‘q. Ularni tezroq ko‘tarish kerak. Bekor sarflash uchun vaqt yo‘q."- deydi Joel.

"Mendagi barcha tajribalar va oldingi janglarimdan kelib chiqib aytishim mumkinki, darajam hozirning o‘zida jahon chempionlarini mag‘lub etish uchun etarlik ekanligiga ishonaman. Agar, menga chempionlik jangi berishganida, jang qilgan bo‘lardim. Barcha chempionlar ajoyib jangchilar, ammo men bunga tayyorman." – deydi Meliqo‘ziev murabbiyiga qo‘shimcha qilib.

Qolaversa Joel Dias kanadalik sobiq jahon chempioni David Lamiyu va boshqa katta nomlarni Bektemir uchun yaqin kelajakdagi ehtimoliy raqiblar, deb biladi va ularni o‘z rejasiga kiritgan. Bir so‘z bilan aytganda, Joel va Robertoning Bektemirga bo‘lgan  ishonchi juda yuqori.

“Bek juda o‘zgacha va biz hali eng yaxshi Bektemirni ko‘rganimiz yo‘q”,- deya suhbatni yakunladi, Joel Dias.

Xorij nashridan Jalol Ahmedov tarjimasi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!