Kanada bosh murabbiyi Oʻzbekiston terma jamoasiga baho berdi

  • 01.06.2026 17:47
  • Muhammadqodir Ruzmatov
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Kanada terma jamoasi bosh murabbiyi Jessi Marsh Oʻzbekiston milliy jamoasiga qarshi boʻladigan oʻrtoqlik uchrashuvi oldidan raqib haqida oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.

Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrayotgan Kanada terma jamoasi avvalroq Sharlotta shahrida issiq ob-havo sharoitida jismoniy tayyorgarlik yigʻinini oʻtkazdi. Endilikda jamoa 1 iyun kuni Edmonton shahrida Oʻzbekistonga qarshi maydonga tushadi.

TSN nashri jurnalisti Lyuk Uaylmen bilan suhbatda Marsh Oʻzbekiston terma jamoasini hurmat qilishini yashirmadi.

"Menimcha, Oʻzbekiston biz uchun yaxshi raqib boʻladi", — dedi Kanada ustozi.

Mutaxassisning taʼkidlashicha, ushbu uchrashuv Kanada terma jamoasi uchun Jahon chempionati oldidan muhim sinov vazifasini oʻtaydi.

Shuningdek, Oʻzbekistonga qarshi oʻyin Kanada darvozabonlari Maksim Krepo va Dein Sent-Kler uchun ham oʻziga xos sinov boʻladi. Hozircha ulardan hech biri mundialdagi asosiy darvozabon maqomini qoʻlga kiritolmagan. Shu sababli murabbiy har ikki posbonni bahs davomida sinovdan oʻtkazishni rejalashtirgan.

Marshning maʼlum qilishicha, darvozabonlar oʻyinni teng taqsimlaydi va tanaffus vaqtda oldindan rejalashtirilgan almashtirish amalga oshiriladi.

Kanada bosh murabbiyi Edmonton muxlislarining qoʻllab-quvvatlashidan ham umidvor ekanini taʼkidladi.

"Edmontondagi muxlislarni koʻrishni intiqilik bilan kutyapmiz. Menimcha, stadion toʻlib-toshadi", — dedi Marsh.

Oʻzbekistonga qarshi uchrashuvdan soʻng Kanada terma jamoasi Jahon chempionati oldidan soʻnggi nazorat bahsini Irlandiya Respublikasiga qarshi oʻtkazadi. Shundan keyin jamoa mundialdagi ishtirokini boshlaydi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!