Kanada murabbiyi: "O‘zbekiston hech narsani osonlikcha bermaydigan jamoa"
Kanada milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Jessi Marsh Oʻzbekistonga qarshi uchrashuvdan keyin jamoasining oʻyiniga baho berdi.
"Menimcha, bu yaxshi oʻyin boʻldi. Jamoamizda koʻplab yaxshi oʻyinlar va yaxshi individual chiqishlar boʻldi. Oʻyindan keyin ham shu haqida gaplashdik: agar ayrim kichik kamchiliklarni bartaraf eta olsak, oʻyinni yanada koʻproq nazorat qilishimiz mumkin boʻladi.
Ammo Oʻzbekiston hech narsani osonlikcha bermaydigan jamoa. Ular himoyada juda ishonchli harakat qilishadi. Biz ikki gol urdik, hatto yana ham koʻproq kiritishimiz mumkin edi. Qarshi hujumlarda juda xavfli koʻrindik va koʻp futbolchilar yaxshi oʻyin namoyish qildi.
Futbolchilarning deyarli 100 foiz tayyor holatga yaqinlashayotganini, oʻzini yaxshi his qilayotganini va oʻyin surʼatini oshirayotganini koʻrish yoqimli. Men natijadan mamnunman. Bu biz uchun yaxshi birinchi oʻyin boʻldi.
Endi bu bahsdan saboq chiqarishimiz va keyingi oʻyinda yanada kuchliroq boʻlishimiz kerak. Ayniqsa, bugungi kabi ogʻir sharoitlarda, koʻp qoidabuzarliklar va jarohatdan qaytayotgan futbolchilar ishtirok etayotgan paytda", — dedi murabbiy.
Shuningdek, u uchrashuv davomida futbolchilarning ruhiy holati va maydon sifati haqida ham fikr bildirdi.
"Maydon aslida yaxshi holatda edi. Unda sirpanish, kurashish va toʻp uchun qattiq bellashish mumkin edi. Menimcha, maydon yaxshi oʻynash imkonini berdi.
Eng muhimi, jamoamizning kontsentratsiyasi yuqori darajada boʻldi. Baʼzan bunday oʻyinlarda futbolchilar jarohat olishdan qoʻrqib, intensivlikni pasaytirib qoʻyishadi. Biz esa ularga qanday vaziyat boʻlishidan qatʼi nazar diqqatni yoʻqotmaslik kerakligini qayta-qayta taʼkidladik.
Biz har bir kundan unumli foydalanishimiz, oldinga intilishimiz va maqsadlarimizdan koʻz uzmasligimiz kerak. Jamoa oʻsishda va rivojlanishda davom etishi lozim. Bugun futbolchilarning ruhiyati tom maʼnoda ideal darajada edi. Bu esa yaxshi oʻyin va yaxshi gʻalabaga yordam berdi", — dedi u.
Murabbiy jarohat olgan Moyesning holati haqida ham maʼlumot berdi.
"Yoʻq, jiddiy muammo yoʻq. Hujumga chiqilgan vaziyatda u Derek bilan toʻqnashib ketdi va zarba oldi. U yaxshi holatda. Ilgari ham shunga oʻxshash holatlar boʻlgan — zarba oladi, lekin tez tiklanadi.
U yaxshi 30 daqiqa oʻynadi. U tiklanib oladi va keyin Irlandiyaga qarshi oʻyinga tayyorlaymiz", — dedi mutaxassis.
Shuningdek, murabbiy jarohatdan keyin maydonga qaytgan futbolchilar haqida ham iliq fikr bildirdi.
"Avvalo, ularning har ikkisi ham bu darajaga qaytish uchun juda koʻp mehnat qildi. Ular oʻzlariga imkoniyat yaratdi.
Albatta, biz hali toʻliq ravishda chap oyogʻ bilan zarba berish mashqlarini bajarayotganimiz yoʻq. Mushak toʻliq tiklanishi uchun vaqt berishga harakat qilyapmiz. Ammo shunga qaramay, u darvoza bilan yakkama-yakka chiqqan vaziyatda chap oyogʻi bilan aniq zarba berib, gol urdi. Ūzi ham oʻzini ajoyib his qilganini aytdi.
Menimcha, bu unga 100 foiz tayyor holatga juda yaqinlashganini va jahon chempionatiga tayyor ekanini his qilishga yordam beradi", — dedi u.
Jonatan Osorioning boshqa pozitsiyada oʻynagani haqida soʻralganda murabbiy quyidagicha javob berdi:
"Oso haqida gap ketganda, biz uning juda aqlli futbolchi ekanini yaxshi bilamiz. Men kelganimdan buyon ikki yil ichida u oʻyin intensivligini sezilarli darajada oshirdi.
Hozir u juda yaxshi holatda. Mashgʻulotlarda ham juda yaxshi ishlayapti. Turli pozitsiyalarda harakat qila olishi uning katta ustunligi hisoblanadi. Ūyin qanday kechganini hisobga olsak, bugun uni aynan shu joyda ishlatish eng toʻgʻri qaror boʻldi.
Men undan juda mamnunman. Jeyden Nelson ham yaxshi oʻyin koʻrsatdi. Umuman olganda, koʻp futbolchilar yaxshi koʻrinish bermoqda", — dedi murabbiy.
Soʻnggida u yomgʻirli ob-havoga qaramay stadionga tashrif buyurgan muxlislarga minnatdorchilik bildirdi.
"Menimcha, Edmontон aholisi yomon ob-havoni yaxshi ob-havodan ham koʻproq yaxshi koʻradi.
Muxlislar ajoyib boʻlishdi. Hamma erta keldi. Terma jamoaga boʻlgan qoʻllab-quvvatlash juda yaxshi darajada. Biz oldinga qarab harakat qilar ekanmiz, bu qiziqish yanada ortadi.
Keyingi bir necha hafta davomida muxlislar yanada ruhlanishi uchun maydonda qiziqarli futbol koʻrsata olganimizdan xursandman", — dedi Kanada terma jamoasi bosh murabbiyi.

Fikrlar