Kannavaro Italiyanning mashhur nashriga o‘zbek futbolidagi yangi vunderkind haqida gapirib berdi

  • 11.10.2026 05:26
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi, italyalik mutaxassis Fabio Kannavaro jamoa rivoji va yaqinlashib kelayotgan Osiyo Kubogi haqida fikr bildirdi, deya xabar bermoqda Sports.kz nashri La Gazzetta dello Sport manbasiga tayanib.

«Men O‘zbekistondan mamnunman, hatto faxrlanaman. Biz bu yo‘lni yangicha tarkib bilan boshladik, jamoaning o‘rtacha yoshini sezilarli darajada pasaytirdik va shunga qaramay, yaxshi natijalarga erishdik. O‘yinlarni ishonch bilan yutdik, mag‘lubiyatlardan keyin ham — masalan, Janubiy Koreyaga qarshi bellashuvdan so‘ng — maydonni o‘z o‘yinimizdan qoniqqan holda tark etdik. Ishimdan katta zavq olyapman.

O‘zbekistonda tanlagan yo‘limizdan mamnunmiz. Jahon chempionatida katta ishtiyoq bilan ishtirok etdik, u bizga juda qimmatli saboqlar berdi. Natijadan qat’i nazar, jamoa sifati jihatidan o‘sdik. Men uchun bu unutulmas bir oy bo‘ldi, hayotimdagi eng yorqin davrlardan biri. Endi mening rolim ham, qarashim ham boshqacha.

Biz terma jamoada hali 18 yoshga to‘lmagan futbolchiga debut imkoniyatini berdik — u o‘yindan uch kun o‘tib 17 yoshga to‘lishi kerak edi. Bunday vaziyatda qoniqish hissini sezmaslikning iloji yo‘q. Endi oldimizda Osiyo Kubogi turibdi. Guruhimiz oson emas, lekin shu vaqt ichida orttirgan tajribamiz bilan musobaqaga tayyorlanamiz. Federatsiya biz birgalikda qurib borayotgan ishdan rozi», — deya ta’kidladi Kannavaro.

Osiyo Kubogi–2027 musobaqasi Saudiya Arabistonida 7 yanvardan 5 fevralgacha bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston terma jamoasi «B» guruhida Bahrayn, KXDR va Iordaniya terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi.

Eslatib o‘tamiz, Fabio Kannavaro boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi o‘zining ilk Jahon chempionati–2026 musobaqasida guruh bosqichidayoq to‘xtab qolgandi. Jamoa uchala o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi: Kolumbiyaga qarshi — 1:3, Portugaliyaga qarshi — 0:5, DR Kongo termasiga qarshi — 1:3.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!