
Katanets "Navbahor" darvozabonini kuzatyaptimi yoxud O‘tkir Yusupov "Nasaf"ning qanday mag‘lub etilgani, motivatsiya va terma jamoa haqida gapirdi
“Navbahor” Qarshida “Nasaf” ustidan o‘ta muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Oxirgi paytlarda namanganliklar ushbu jamoaga qarshi bahslarda ancha ishonchli o‘yin ko‘rsatib, natijalarni yaxshilab boryapti. “Nasaf” oxirgi marta “Navbahor”ni 2017 yilgi mavsumning birinchi yarmida yutgan. Shundan beri yo durang, yo “Navbahor”ning qo‘li baland kelyapti.
Navbatdagi to‘qnashuv ham o‘ta murosasiz va keskin ruhda o‘tdi. Ushbu o‘yinda “Navbahor”ning g‘alaba qozonishida darvozabon O‘tkir Yusupovning xizmatlari katta bo‘ldi. U bir necha bor jamoasini muqarrar gollardan saqlab qoldi. Holbuki, qarshiliklar g‘alabaga yaqin edilar. Chunki mezbonlarda golga tortadigan imkoniyatlar ko‘proq edi. Ammo Yusupov shu kuni qahramonlik ko‘rsatdi. Shubhasiz, “Navbahor”ning eng yaxshi o‘yinchisi nomiga munosib bo‘ldi. Futbolchi Sports.uz uchun ushbu o‘yin borasida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Nasaf”ga qarshi o‘yin to‘g‘risida
- “Nasaf”ga qarshi o‘yindagi g‘alabamizni viloyat hokimi va muxlislarimizga bag‘ishlaymiz. “Bunyodkor”ga yutqazib qo‘yganimizdan keyin yuzimiz yorug‘ bo‘lishi uchun ham Qarshida yutishimiz kerak edi, biz uchun ortga yo‘l yo‘q edi. Shu ma’noda aytganda, u erga faqat g‘alaba uchun bordik. Xudoga shukr, yuzimiz yorug‘ bo‘lib qaytib keldik. U erda jamoaviy o‘yin hisobiga yutdik. Maydonga bir oila bo‘lib chiqdik. Futbolchilar bilan hamjihatlikda o‘ynadik va kerakli natijaga erishdik.
Jamoasini gollardan saqlab qolgani haqida
- Har o‘yinga bir xil tayyorlanaman. Jamoamning yutug‘i uchun qo‘ldan kelganicha harakat qilaman. Bu har bir posbonning ishi. Darvozabon borki, gol o‘tkazib yubormaslik uning asosiy maqsadi hisoblanadi. Shular qatori men ham har bir uchrashuvda o‘z darvozam daxlsizligini saqlash uchun o‘ynayman. Ota-onamni va Namangan axlining duolari bilan ushbu o‘yindan yorug‘ yuz bilan qaytdik va darvozamdan gol o‘tkazmadik. Bu bizning vazifamiz. Buni qo‘ldan kelganicha ado qildim.
“Nasaf” bilan o‘yinlar uning uchun alohida ahamiyat kasb etadimi?
- “Nasaf”da Ro‘ziqul Berdiev ancha yillardan beri ishlaydi. U tajribali murabbiy. Har yili “Nasaf” kuchli jamoa bo‘ladi. Chunki akademiyasidan doim yaxshi o‘yinchilar etishib chiqadi. Qarshida futbol o‘ynash juda maroqli. Shu bois ham Qarshiga kelgan har qanday jamoa jiddiy qiyinchiliklarga duch keladi. O‘yinlar murakkab kechadi. “Nasaf” sovrinlarni yutgan, OFK Kubogini ham bejizga qo‘lga kiritmagan. Mana, bu safar ham OFK Kubogida yaxshi ishtirok etyapti, yaqinda “Ahal”ni mag‘lub etishdi. “Nasaf” har doim yaxshi o‘ynab kelgan. O‘zim ham bu klubda o‘ynaganman va shuning uchun ham “Nasaf”ni qattiq hurmat qilaman.
Bu Yusupovning eng qiyin o‘yini bo‘ldimi?
- Yil boshidan beri biz uchun har bir o‘yin o‘ziga xos tarzda qiyin bo‘lyapti. Bugungi chempionatdagi barcha jamoalar o‘ziga yarasha kuchli va shu nuqtai nazardan qaraganda oson o‘yinning o‘zi yo‘q. Boya aytdim, “Bunyodkor”ga yutqazganimizdan so‘ng, Kubokdan chiqib ketdik va endi orqaga yo‘limiz yo‘q edi. Bu mag‘lubiyat biz uchun katta minus bo‘ldi deb o‘ylayman. Shuning evaziga “Nasaf” bilan bellashuvda ikki hissa bosim bilan maydonga tushdik. Viktor Jalilov bilan Samvel Babayan jamoani o‘yinga yaxshi tayyorlashdi.
Terma jamoa ustozi Qarshidagi o‘yinni kuzatganiga ishonadimi?
- Katanets “Nasaf”ga qarshi o‘yinimizni ko‘rdimi-yo‘qmi, buni bilmayman. Balki yonidagi murabbiylar kuzatgandir. Hali hamma o‘yinchilarda imkoniyat bor. Murabbiylar endi ish boshlashdi. Ular milliy terma jamoamizni chuqur o‘rganib chiqadilar. Hali rasmiy uchrashuvlar boshlangani yo‘q. Xudo xohlasa, terma jamoadan ham chaqiruv olarmiz, degan umiddaman. Biz ishlashda davom etamiz.
O‘tkir Yusupov Katanetsga o‘zini ko‘rsatish uchun ham o‘ynadimi?
- Maydonga bitta maqsad – jamoamning g‘alabasi uchun tushdim. Katanets bu o‘yinni ko‘ryaptimi, unga o‘zimni ko‘rsatishim kerak, degan o‘y-fikrlar xayolimda yo‘q edi. Hozir barcha fikr-u, xayolim “Navbahor” bilan bog‘liq. Yuqori pog‘onalarga ko‘tarilish uchun harakat qilyapmiz. Bosh murabbiy milliy terma jamoaga loyiq bo‘lsak chaqiradi, bo‘lmasa yo‘q.
Navbatdagi bahs oldidan
- “Nasaf” ustidan qozongan g‘alabamiz mustaqilligimizning 30 yillik bayrami uchun namanganlik muxlislarga yaxshi sovg‘a bo‘ldi. Har doim “Nasaf”ga qarshi qiziqarli o‘yinlar bo‘lib kelgan. Ishqibozlar bu muvaffaqiyatimizdan xursand bo‘lishdi. Bu yog‘iga to‘xtash yo‘q. O‘z maydonimizda AGMK bilan bo‘ladigan uchrashuvga ham jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz. O‘sha uchrashuvda ham muxlislarimizni g‘alaba bilan quvontirmoqchimiz.
Babayanning qanday foydasi tegayotgani xususida
- Samvel Vyacheslavovich klubga maslahatchi murabbiy bo‘lib keldi. Shu boisdan Viktor Jalilovga mashg‘ulotlar va o‘yinlar davomida yaqindan yordamlashyapti. O‘zining qo‘shimcha fikrlari bilan jamoaga katta foydasini bera oldi. Babayan kuchli ruhshunos. Futbolchilarning ochilmay qolgan potentsiallarini murabbiy o‘zining fikrlari va uslubi bilan ochyapti, g‘olibona ruh va ishtiyoqni oshiryapti. Samvel Babayan kelganidan keyin jamoaning motivatsiyasi kuchaydi.
Fikrlar