
"Katta oshpaz qanday masalliqlar"dan "taom" tayyorlayapti yoxud Kumikov va "Andijon" finalmonand o‘yinlar arafasida
Mavsum avvalida Superligada qolish uchun kurashadigan klublar borasida ko‘pchilikning aytgan taxminlari hozirga kelib o‘zini oqladi. “Turon”, “Andijon”, “Metallurg”, “Mash’al” hamda “Surxon” jamoalari ayni paytda elitada qolish uchun kurashishyapti. Ularning orasida “Turon”ning ahvoli og‘ir. Katta ehtimol bilan unga sherik bo‘ladigan klub kim bo‘lishi muxlislar uchun qiziq. Bu borada hech kim taslim bo‘lgisi kelmayapti. O‘yinlarga qarasak, har bir jamoa jon-jahdi bilan kurashyapti. Yana ikkita turdan keyin hammasi ma’lum bo‘ladi.
Ligada qolish uchun kurashayotgan “Andijon” klubi ham muxlislarini xafa qilgisi kelmayapti. Xususiy jamoaga aylangach, bir qator ishlar amalga oshirildi va oshirilyapti. Ijobiy tarafga o‘zgarishlarni bir qator misollarda keltirish mumkin. Ammo shunga yarasha natijaning ham ijobiyligi ishqibozlar uchun muhim. Ana shunda tashkiliy ishlarning ham samarasi ko‘rinadi. “Andijon” bunday ahvolga to‘satdan tushib qolgani yo‘q. O‘tgan yili ham qiyinchiliklarga duch keldi va pley-off o‘yinidagi g‘alaba orqali Superligada jon saqlab qoldi. Bu yil ham afsuski, jamoa mavsumni asosan autsayder maqomida ligada qolish uchun o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi.
Lekin jamoa o‘yini endi tanqid qilinadigan darajada emas. Ikkinchi davra boshlanishiga oz fursat qolganida Viktor Kumikov bosh murabbiylikka qaytarildi. U paytga kelib transfer oynasi yopilayotgandi va murabbiy asosan legionerlarni olib kelishga ulgurdi xolos. Asosan ungacha yig‘ilgan va etakchilar tark etgan tarkib bilan ishlashiga majbur edi. Boshida unga qiyin bo‘ldi, ilk g‘alabasini 17-turda safarda “Mash’al” bilan o‘yinda qo‘lga kiritdi. Ana shunda Kumikov “Andijon”da ham g‘alaba qozona olishini ko‘rsatdi. Ammo keyin o‘z maydonida “Metallurg”ga yutayotgan joyida alamli tarzda mag‘lubiyatga uchradi. O‘sha uchrashuvdan keyin ham klub haqida saytimiz orqali tahliliy maqola chop etgandik va taqvim bo‘yicha “Andijon”ni juda qiyin o‘yinlar kutayotganiga urg‘u berib, bundan Kumikov jamoasi qanday “tirik” chiqarkin, deya savol bilan murojaat qilgandik. Ammo ko‘pchilik ishonmaganda “Andijon” o‘sha murakkab taqvimdan deyarli “tirik” chiqdi. “Metallurg”ga o‘z maydonida yutqazgan andijonliklar to‘rt kun o‘tib “Paxtakor”ni qabul qildi. Hali mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan “Sherlar”ni autsayder tiz cho‘ktirishini kim o‘ylagandi? Hech kim! Ammo amalda Kumikov jamoasi “Paxtakor”ni mag‘lubiyatga uchratib hammani hayron qoldirdi va bu orqali osonlikcha jon taslim qilmoqchi emasligini ham barchaga ko‘rsatib qo‘ydi. Qizig‘i, ushbu o‘yin bilan qo‘shib hisoblaganda “Andijon” ketma-ket beshta o‘yinda mag‘lubiyatga uchramadi. Ammo alamli ochko yo‘qotishlarga ham guvoh bo‘lindi. Masalan, Qo‘qondagi uchrashuvda “Andijon” g‘alabaga juda va juda yaqin kelgandi. Biroq hakam tomonidan qo‘shib berilgan oxirgi daqiqada mezbonlar penaltidan gol urib durangga erishdi. Bu esa mehmonlar uchun mag‘lubiyatga teng durang, mezbonlarga g‘alabaga teng durang edi. Shuningdek, Toshkentda “Lokomotiv” bilan bahsda Zabelinning oxirgi soniyada urgan goli evaziga 2:2 hisobi qayd etilib, andijonliklar mag‘lubiyatdan qutulib qoldilar. Yoki bo‘lmasa, Andijondagi “Nasaf” bilan o‘yinni olaylik. 1:1 hisobida yakun topgan o‘sha uchrashuvda ham “Andijon” juda qulay imkoniyatlardan foydalana olmagani bilan yodda qoldi. Ayniqsa, oxirgi daqiqada ikki marta penaltidan gol ura olmadilar. Bu juda alamli durang bo‘ldi. O‘tgan turda Olmaliqda AGMK bilan uchrashuvda esa Kumikov jamoasi sal qolsa uyga ochko bilan qaytishi mumkin edi. Birin-ketin ikkita gol urganidan so‘ng “Andijon” futbolchilari biroz “qo‘rqib” ketdi shekilli, keyinchalik muvozanatni yo‘qotishdi va AGMKdan uchta golni o‘tkazib yuborishdi. Uch ochko cho‘ntakda bo‘lib turgan vaziyatda yakunda uyga quruq qo‘l bilan qaytish qanchalik alamli ekanligini “Andijon” futbolchilari o‘zlarida juda yaxshi sinab ko‘rishyapti.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, muxlislarda jamoaga nisbatan ishonch katta. Viktor Kumikov ixtiyoridagi bor o‘yinchilardan yaxlit, kurashuvchan jamoani shakllantira oldi. Agarda shu tarkibga ikki-uch nafar tajribali o‘yinchi bo‘lganidami, klubni hozir yuqori o‘rinlarda ko‘rardik. “Qo‘qon-1912” va “Nasaf”ni mag‘lub etganida-chi? Ha, jamoa Superligada qolish vazifasini bajarib hozir o‘zini engil his qilayotgan bo‘lishi tabiiy edi. Ammo hali imkon bor. Buning uchun o‘z maydonida “Navbahor” va safarda “Turon”ga qarshi o‘yinlar “Andijon” uchun katta finalga aylanadi. Nafaqat yutqazishga, balki durang o‘ynashga ham endi mutlaqo haqqi yo‘q. Muxlislarni biroz xotirjam qilayotgani shuki, Kumikov kelgach, o‘yin o‘zgardi, ishonch uyg‘ondi, mag‘lubiyatlar kamaydi. Shu bois ularda “Andijon”ning ligada qolishi yo‘lida shubha o‘rniga ishonch kuchlilik qilyapti.
Viktor Kumikov klubda ish boshlaganidan beri 2 ta g‘alaba, 5 ta durang va 4 ta mag‘lubiyat qayd etdi. Hozirgi paytda hech kim g‘alabani qo‘shqo‘llab topshirib qo‘ygisi kelmaydi. Shuning uchun Superligada qolish uchun kurash o‘ta jiddiy tarzda kechyapti. Aslini olganda, tarkib bo‘yicha “Andijon” u qadar maqtana olmaydi. Masalan, “Turon” bilan solishtirganda nom jihatdan yaypanliklar tarkibi yaxshiroq. Shunday ekan, Kumikov katta oshpaz sifatida qozondagi bor masalliqdan mazali taom tayyorlashga urinyapti. Bunda esa oshpazning mahoratiga ko‘p narsa bog‘liq bo‘lib qoladi. Kumikov bir necha tur oldin barchasini “Turon” bilan o‘yingacha hal qilishimiz kerak, deya aytgani yodimizda. Lekin endi aksincha, hammasi "Navbahor” va “Turon” bilan o‘yinlarda uzil-kesil hal bo‘ladi. Yuqorida aytdik, agar klub g‘alabalardan mahrum bo‘lmaganida hozir vaziyat ular uchun boshqacha tus olardi. Ammo hali “Burgutlar” uchun imkoniyat yo‘qolgani yo‘q. Hammasi oxirgi turda hal bo‘lar ekan, “Andijon” oldida turgan ikkala o‘yinni ham yutishga majbur. Buni Viktor Kumikov juda yaxshi tushunib turibdi. O‘z o‘rnida bosh murabbiy rahbariyat tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanyapti. Klub ta’sischisi Jur’atbek Quvvatov hamda vitse-prezidenti Jahongir Nuriddinovning sa’y-harakatlarini ham e’tirof etsa arziydi. Chunki futbolchilarga ish haqlari va ayniqsa, mukofot pullari vaqtida to‘lanyapti, kerak paytda ruhlantirilyapti. Shu bois rahbariyat bu borada qo‘lidan kelgan barchasini qilyapti. Bu yog‘i futbolchilarga bog‘liq.
Darvoqe, yaqinda futbol mutaxassisi bilan Superligani tark etishi mumkin bo‘lgan klublarni o‘zaro muhokama qilgan chog‘imizda “Andijon”ning qolishiga ishonayotganini aytdi. Bu kabi e’tiroflar ko‘pchilik tomonidan aytilyapti. Biroq “Andijon” o‘ziga bildirilayotgan ishonchlarni ikkala o‘yinda g‘alaba qozonish orqali oqlashi kerak. Javobini kutayotgan savol tez orada o‘z echimini topadi. Oz qoldi...
Fikrlar