Kicker: "Borussiya" O'zbekiston terma jamoasi futbolchisini oladi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yildgi jahon chempionatidagi ishtirokini guruh bosqichida yakunlagan bo‘lsa-da, ayrim o‘yinchilarimiz Yevropa va boshqa mamlakatlar klublari nazariga tushib ulgurgandi.
Fabio Kannavaro shogirdlari orasida Kolumbiya, Portugaliya va Kongo Demokratik Respublikasi milliy terma jamoalariga qarshi o‘tkazgan uchrashuvlarda o‘z salohiyatini namoyish qila olganlari ham bo‘ldi.
Xususan, Eldor Shomurodov va Abduqodir Husanov top-ligalar vakillari orasında ancha yaxshi tanilgan bo‘lsa, Abbosbek Fayzullaev, Jahongir O‘rozov va Behruz Karimov singari ijrochilar xalqaro futbol jamoatchiligi uchun tom ma’noda kashfiyot bo‘ldi, deyish mumkin.
Jahon chempionati davomida ayrim o‘zbek futbolchilarining agentlari o‘z mijozlariga qiziqish va hatto takliflar bo‘layotganini ma’lum qilgan edi.
Endi bu masalalar ancha oydinlashib bormoqda. Germaniyaning mashhur va nufuzli manbalaridan Kicker nashri O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida mundialda o‘z iqtidorini namoyish etgan Jahongir O‘rozov faoliyatini Bundesligada davom ettirish imkoniga ega ekanini yozdi.
Manbaning ta’kidlashicha, klublar miqyosida Samarqandning "Dinamo" jamoasi sharafini himoya qilib kelayotgan himoyachiga Myonxengladbaxning "Borussiya" klubidan chorlov bo‘lyapti.
Ekspertlarga ko‘ra, futbolchiga myonxengladbaxlik "Borussiya"ning qiziqishi ancha jiddiy.
Myonxengladbaxliklar yangi mavsum oldidan jamoaning markaziy himoya chizig‘ini kuchaytirishni rejalashtirmoqda va bu yo‘lda yosh hamda istiqbolli futbolchilarni izlamoqda.
Ana shunday talablariga javob beradigan nomzodlardan biri sifatida Jahongir O‘rozov tilga olinmoqda. Jismonan baquvvat himoyachi O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida jahon chempionati ikkita uchrashuvda maydonga tushdi. 22 yoshli markaziy himoyachi nemis klubi bilan bog‘lanayotgan bir nechta futbolchilar orasida qayd etilgan.
Jahongir O‘rozov aslida "Bunyodkor" tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Asosiy jamoada bir yil o‘ynagandan keyin iqtidorlu himoyachi 2023 yili Turkiyaga yo‘l olgan edi. Xorijda u “Eyupsor” jamoasi sharafini himoya qildi.
2024 yilning yozida Samarqandning “Dinamo” jamoasi O‘rozovni turk klubidan yarim mavsumga ijaraga oldi va keyingi yili to‘liq erkin agent maqomida to‘liq o‘z tarkibiga qo‘shib oldi.
Jahongir O‘rozov O‘zbekiston milliy terma jamoasida jami beshta uchrashuv o‘tkazib, bitta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. 2026 yildgi jahon chempionatida yosh himoyachi Kolumbiyaga qarshi o‘tkazilgan birinchi tur o‘yinida ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun, nufuzli Transfermarkt portali O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Jahongir O‘rozovni 600 ming yevro atrofida baholamoqda.

Fikrlar