"Kimdir o‘yinning videoyozuvini ko‘rib chiqishi va o‘zi baho berishi mumkin". Himoyadagi ishidan ortib gollar ham urayotgan Bubanya barchasiga qanday ulguryapti?

  • 06.09.2022 10:17
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

“Andijon” klubi pro ligada peshqadamlikni o‘z qo‘liga olganidan xabaringiz bor. Jamoa puxta ishlab chiqilgan reja asosida o‘z o‘yinlarini o‘tkazib kelmoqda. O‘zbekiston Kubogida ham andijonliklar sarguzasht ko‘rsatishga urinib ko‘rdilar. Chorak finalda AGMKni qabul qilgan “Burgutlar” 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchragach, endi bor e’tibor pro ligadagi ishtirokiga qaratilishi shubhasiz.

Jamoa safida legionerlar ham bor bo‘lib, ayniqsa, serbiyalik Vladimir Bubanya futbol muxlislariga yaxshi tanish. Himoyachi “Andijon” tarkibida raqib hujumlarini bartaraf etishdan tashqari gollar ham urib turibdi. Albatta, uning jamoa uchun qo‘shayotgan hissasi ham katta bo‘lyapti. Shu sababli Bubanyaga bir qator savollar bilan murojaat qildik. Tabiiyki, suhbat AGMK bilan o‘yin haqidagi savol bilan boshlandi.  

- Dastlab O‘zbekiston Kubogi chorak finalida AGMKga qarshi o‘yin haqidagi fikringizni bilmoqchiman. Mag‘lubiyatga nima sabab bo‘ldi?

- Bu haqiqiy jangovar o‘yin bo‘ldi, deb o‘ylayman. AGMK jamoasi bizning xatolarimizdan foydalana oldi. Afsuski, o‘zimiz ularning xatolaridan foydalana olmadik. Hatto, jamoamizda bir qancha qulay imkoniyatlar yuzaga kelgan bo‘lsa ham, buni uddalay olmadik.

bubanya2

- Hakamning raqib darvozasiga penalti belgilamagani turli gap-so‘zlarga sabab bo‘ldi. Bunga nima deya olasiz?

- Penalti masalasida men hech nima deya olmayman. Kimdir xohlasa, o‘yinning videoyozuvini ko‘rib chiqishi va o‘sha vaziyatga o‘zi baho berishi mumkin.

- AGMK bilan o‘yingacha siz so‘nggi ikkita o‘yinda ikkita gol urdingiz. Umuman aytganda, himoyachi bo‘lishingizga qaramay, shu paytgacha 3 ta golga mualliflik qildingiz. Bu nima bilan bog‘liq?

- Ha, shunday bo‘ldiki, men oxirgi ikkita uchrashuvda gol urishga erishdim. Lekin bu butun jamoaning xizmati. Umuman aytganda, barchamiz har bir uchrashuvda gol urishga harakat qilyapmiz.

bubanya

- Odatda, hujumchilarning maydondagi asosiy vazifasi gol urish hisoblanadi. Sizda ham asosiy vazifangiz gol urishmi?

- Bizni standartlarni xush ko‘ruvchi jamoa ekanligimizni hamma biladi. Shu sabab biz himoyachilar ham gollar uryapmiz.

- Taqvim juda tig‘iz. 7 va 10 sentyabrda safarda yana ikkita bahs kutmoqda. AGMK bilan o‘yindan so‘ng jamoa ruhan va jismonan tiklanishga ulguradimi?

- Jamoamizni ikkita muhim uchrashuv kutib turibdi. Albatta, AGMKga qarshi uchrashuv oson kechmadi va holdan toydik. Lekin imkon qadar har taraflama tezroq tiklanishga harakat qilyapmiz.

bubanya3

- Andijonlik ishqibozlar har o‘yinda barchani qoyil qoldiryapti...

- Ha, Fikrimcha, “Andijon”ning ishqibozlari O‘zbekistonda eng hurmatga loyiqlari. Ular doimo biz bilan birga.

- Ayni chog‘da “Andijon” turnir jadvalida peshqadam. Jamoa o‘z o‘rnini oxirigacha saqlab qolishi uchun barqarorlik kerak bo‘ladi. Hozirgi vaziyatga kelib vazifani necha foizga uddaladik deb ayta olasiz?

- Ha, hozirgi paytda musobaqa jadvalida birinchi o‘rindamiz. Biroq oldinda bizni yana 10 ta o‘yin kutib turibdi. Tabiiyki, chempionat oxirigacha qiyin bo‘ladi. Chunki bu erdagi barcha klublar o‘ziga yarasha kuchli va sifatga ega. Oldimizga qo‘yilgan vazifani bajarish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!