Koreyada stadionga borolmaganman, o‘yinlarini ko‘rishga qo‘rqaman, O‘zbekiston va Koreyadan birini tanlash mushkul - Ikrom Aliboevning turmush o‘rtog‘i bilan intervyu

  • 27 yanvar, 2022, 17:42
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

SPORTS.uz eksklyuziv intervyularni davom ettiradi! Bungacha o‘zbek va xorij sportining mashhur vakillari bilan intervyular uyushtirgan saytimiz endi sportchilarimizning turmush o‘rtoqlarini suhbatga tortmoqda. Bizning navbatdagi mehmonimiz O‘zbekiston milliy terma jamoasi va "Paxtakor" klubi yarim himoyachisi Ikrom Aliboevning turmush o‘rtog‘i - Holida Aliboeva.

Tecno

Assalomu alaykum. Asosiy savollarga o‘tishdan oldin o‘zingiz haqingizda ikki og‘iz gapirib o‘tsangiz...

- Men Aliboeva Holida 1997 yilning 30 dekabrida Sirdaryo viloyati Guliston shahrida tug‘ilganman. 2017 yil Guliston Davlat Universitetining Pedogogika va psixologiya yo‘nalishiga o‘qishga kirganman. 3-kurs paytimda turmush o‘rtog‘imning ish joyi chet elda bo‘lganligi uchun birga ketishimga to‘g‘ri keldi. Shu sabab akademik ta’til oldim va o‘tgan yili o‘qishimni sirtqi ta’limga ko‘chirdim. Ayni paytda 4-bosqich talabasiman.

Turmush o‘rtog‘ingiz bilan qanday tanishgansiz?

- Turmush o‘rtog‘im bilan sovchilar orqali tanishganmiz. Qaynona oyijonim yoqtirib qolganlar. 

Birinchi uchrashuvingiz haqida aytib bera olasizmi?

 - To‘g‘risini aytsam, avval ularni tanimas edim. O‘zimning opam qo‘shnimizga kelin bo‘lgan. Turmush o‘rtog‘im va opamni oilasi ancha yaxshi tanish bo‘lgan. Opamdan maslahat so‘rab, uchrashuvga chiqqanman. Albatta, har bir qizda qo‘rquv bo‘ladi, lekin qachondir tanlashimiz kerak baribir. Birinchi gaplashgan paytimizdayoq gap-so‘zlaridan yaxshi inson ekanliklarini sezganman (shu vaqtda psixologiyada o‘qiganim foyda bergan) va rozilik berganman.

image_2022-01-26_16-25-48

Janubiy Koreyada yashagan paytingizda turmush o‘rtog‘ingizning o‘yinlarini ko‘rishga stadionga borganmisiz?

O‘zbekiston chempionatida harakat qilgan paytlarida stadionga borganman. Ammo Koreyada bunga imkon bo‘lmadi. 

Borolmagan o‘yinlaringizda nimalarni his qilasiz. Baribir hammasiga borishni istasangiz kerak...

Albatta, juda ham borgim keladi. Xudo xohlasa, bundan keyingi o‘yinlarga boraman. Imkon bo‘lmagan paytlarda faqat Allohdan sog‘-salomat, jarohat olmay, g‘alaba qozonib ortga qaytishlarini so‘rab duo qilib o‘tiraman. Ko‘pincha, o‘yinlarini tomosha ham qilmayman. Boisi, ozgina yiqilib tushsalar ham juda qattiq xavotir olaman. Uyga qaytgunlaricha "nima bo‘ldi ekan", "og‘rimayaptimikan" deb o‘ylanib o‘tiraman.

image_2022-01-26_16-30-01

Sizga qaerda yashash ko‘proq yoqqan? Koreya yoki O‘zbekiston.

Ikkisi ham o‘ziga yarasha yoqadi. Koreya juda boshqacha, odamni o‘ziga tortuvchi davlat. Menga u erda yashash yoqadi, faqat yaqinlar sog‘inchi qiynaydi. O‘zbekiston o‘zimiz tug‘ilib o‘sgan joy. Bu erning o‘rnini hech qaysi davlat bosa olmaydi! Qaerda bo‘lsak ham vaqtincha, baribir ortga qaytgimiz kelaveradi.

Koreyaga o‘rganish qiyin bo‘lmaganmi?

Koreyaga borishimdan oldin xo‘jayinim u erda 1 yil yashaganliklari sabab u qadar qiyin bo‘lmagan. Ular Koreyaga o‘rganib, moslashib qolgandilar va menga ham o‘zlari o‘rgatib, asta-sekinlik bilan tanishtirib borganlar. Lekin koreys tili qiyin bo‘lganligi sabab yolgiz o‘zim u erda yurishga qiynalganman. Keyinchalik, kundalik so‘zlarni o‘rganib, ozgina tushunadigan bo‘ldim.

Ikrom Aliboev yaqindagina "Paxtakor" bilan shartnoma imzoladi. Balki ular faoliyatini qaerda davom ettirish borasida siz bilan maslahatlashgandir.

Taklif Toshkentning "Paxtakor"idan bo‘lgani haqida aytgan edilar. Nima bo‘lsa ham keyingi faoliyatida omad tilayman.

photo_2022-01-20_12-24-12

Oldingi suhbatlarda "futbolchining ayoli bo‘lish qiyin" degan fikr aytildi. Siz bunga qo‘shilasizmi? Qiyin bo‘lsa qanday qiyinchiliklari bor?

Har bir kasbning o‘ziga yarasha mashaqqati bor. Jumladan, futbolchi bo‘lish ham oson emas. O‘z navbatida, futbolchining ayoli bo‘lishning ham qiyin va mas’uliyatli ekan. Qiyinchiligi haqida gapirsam, oila a’zolari ko‘pincha bir joyda bo‘lmaydi. 

O‘zi qaysi futbolchilarning ayollari bilan tanishsiz? Qaysilari bilan gaplashib turasiz?

Ashurmatova, Gadoeva, Tursunova, Ro‘zieva. Asosan, ular bilan gaplashib turaman.

Rustam Ashurmatov ham turmush o‘rtog‘i bilan Koreyada edi. Siz u erda dugonangiz Parizod bilan ko‘risha oldingizmi?

To‘g‘ri, ular ham Koreyada edi. Lekin ko‘risha olmadik. Hech imkon bo‘lmadi. Biz yashaydigan joy ulardan ancha uzoq bo‘lgan.

image_2022-01-26_16-34-10

Hozirda bir qizingiz bor. Uni ham futbolchi yoki sportchi bo‘lishiga qanday qaraysiz? Agar sport yo‘lidan ketishini istamasangiz, qaysi kasbga yo‘naltirgan bo‘lar edingiz?

Allohga shukur, qizim bir yoshga kirdi. Kasb tanlayotgan paytimda o‘zimning xohishim ustun kelgani uchun, shuningdek, turmush o‘rtog‘im ham o‘zlarini qiziqishi tufayli futbolchi bo‘lganligi uchun qizimning tanlovini hurmat qilamiz. O‘zi qaysi kasbga qiziqsa, o‘shanga yo‘naltiramiz. Agar sportni tanlasa, faqatgina xursand bo‘lamiz. Chunki oilamizda hamma sportni juda yaxshi ko‘radi.

Turmush o‘rtog‘ingizdan olgan birinchi sovg‘angiz nima bo‘lgan?

Birinchi sovg‘am atir edi. 

Turmush o‘rtog‘ingiz bilan sodir bo‘lgan biror unutilmas voqeani aytib berolasizmi?

Biz uchun eng unutimas voqea bu - birgalikda hayot boshlagan ilk kunimiz. Va farzandimiz dunyoga kelgan kun ham eng asosiy unutilmas voqea.

image_2022-01-26_16-37-40

Hayotingiz shunday kunlarga boy bo‘lsin...

Rahmat.

Ikrom Aliboevni ayoli 3 ta sifat bilan qanday ta’riflaydi?

Mehribon, haqiqatgo‘y, sabrli.

So‘nggi va hazil savol: Ikrom Aliboev yutqazib qo‘ygan o‘yinlaridan keyin mashhur kinodagidek tosh oynani izlab, jig‘ibiyron bo‘lmaydimi? O‘zi umuman, bunday hollarda unga qanday yordam berasiz?

Hech qachon ish bilan oilani bir-biriga aralashtirmaydilar. Ko‘chadagi gap-so‘z, kayfiyat o‘sha evrda qoladi. Menga hech bildirmaydilar yutqazib qo‘yganini. O‘zim ham mag‘lub bo‘lgan o‘yinlari haqida umuman gapirmayman. Aksincha, boshqa yaxshi gaplardan gapirib, kayfiyatlarini ko‘tarishga harakat qilaman. G‘alaba bilan kelgan paytlarida esa, birinchi bo‘lib o‘zim tabriklayman.

G‘alabalari ko‘p bo‘lsin. Suhbatga rozi bo‘lganingiz uchun katta rahmat!

Aytganingiz kelsin. Chiroyli savollar uchun sizga ham rahmat!

To‘yida "krossovka" kiygan, pazandalikka qiziquvchi yurist yoxud Rustam Ashurmatovning turmush o‘rtog‘i bilan intervyu

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!