Ko‘rinish bermayotgan "Mash’al" ustozining sog‘ligi qanday?

  • 15.03.2026 00:07
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Yangi mavsumni omadsiz boshlagan klub sifatida tilga olinayotgan "Mash’al" uchta turda uchta mag‘lubiyatga uchradi. To‘plar nisbati 0\7. Ko‘rinib turibdiki, muborakliklarda vaziyat barqaror emas.

Yodingizda bo‘lsa, chempionat avvalida bosh murabbiylik postiga rossiyalik Igor Surov taklif qilingan edi. U bunga qadar Qirg‘iziston chempionatida "Bars" klubini boshqargan. Undan avval esa uch yil davomida Tojikistonning "Eskhata" jamoasiga bosh murabbiylik qilgan. Bu yildan esa u "Mash’al" boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan. Lekin uning debutdagi o‘yinlari muvaffaqiyatsiz boshlandi. Avvaliga Farg‘onada "Neftchi"ga 3:0 hisobida yutqazishgan bo‘lsa, ikkinchi turda "Lokomotiv"ga 0:2 natijasi bilan yengildilar. Uchinchi tur doirasida Navoiyda "Qiziqlum" bilan uchrashuvga esa muborakliklar bosh murabbiysiz bordilar.

O‘yindan oldin klub matbuot xizmati bosh murabbiy Igor Surov betobligi sababli o‘yinni o‘tkazib yuborishini ma’lum qildi. Shundan keyin rossiyalik mutaxassisning klubdan ketgani haqida ham gap-so‘zlar paydo bo‘ldi. Lekin "Mash’al" matbuot xizmati Surov haqida yangi xabar e’lon qildi.

“Mash’al” jamoasi bosh murabbiyi Igor Surovning sog‘ligi asta-sekin tiklanmoqda. Ayni vaqtda mutaxassis jamoa shifokorlari nazorati ostida bo‘lib turibdi.

Ma’lum qilinishicha, murabbiy to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tdi va shifokorlar uning holatini doimiy ravishda nazorat qilib borishmoqda. Jamoa shifokorining ta’kidlashicha, Igor Surovning holati kun sayin yaxshilanmoqda va u yaqin kunlarda jamoa bilan to‘liq mashg‘ulotlarga qaytishi mumkin. Shuningdek, mutaxassisning kelgusi uchrashuvlarga tayyor bo‘lishi kutilmoqda", - deyiladi rasmiy xabarda.

Demak, Surov klubdan ketmagan va rostdan ham muolaja jarayonlarini davom ettirmoqda. Uchinchi turda yordamchi murabbiy Otabek Narzullaev jamoani boshqarib turdi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida esa u Igor Surov taktikasiga ko‘ra o‘yin tashkil qilinganini aytdi.

"Mash’al" 19 mart kuni safda "Andijon"ga qarshi maydonga tushadi. Unda Igor Surovning o‘zi jamoani olib tushadimi yoki Otabek Narzullaev bu ishni bajaradimi, bunga oy dinlik kiritilmagan. Ammo Narzullaev "Mash’al"ni bo‘lajak uchrashuvga tayyorlayotgani turgan gap. Klub esa Surovni kelgusi uchrashuvlarga tayyor bo‘lishi haqida yozib o‘tdi. Demak, voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!