
Kovalyov Bektemirni sindirmoqchi. O‘zbek nokautchisi unga bosiqlik bilan “dahshat” javob qaytardi!
Bektemir Meliqo‘ziev aslida yangi yilni super uchrashuvi bilan boshlashi kerak edi. Sobiq jahon chempioni Sershey Kovalyovga qarshi o‘tkazilishi rejalashtirilgan ushbu jang dastavval, 30 yanvarga belgilangandi.
Sergey Kovalyovning navbatdagi jangini tashkil etishga mas’ul bo‘lgan Golden Boy promouterlik kompaniyasi unga qarshi o‘z bokschisi – Bektemir Meliqo‘zievni qo‘yishga qaror qilgandi.
Bu bejiz emas, albatta. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, DAZN va Golden Boy bundan buyon o‘zbekistonlik pancher Bektemir Meliqo‘zievning professional boks olamida yangi yulduzga aylanishini bilib, uning janglariga alohida urg‘u qaratishga qaror qilgan. Bek bugungi kunning etakchilaridan farqli o‘laroq, ancha yosh, yorqin va tomoshabop jang qiladi, o‘ta kuchli zarba evaziga nokaut bilan g‘alaba qozonadigan bokschi. Bunaqalar har qanday muxlisni translyatsiyalarga mixlab qo‘yadi.
Bu xususiyat DAZN va Golden Boy kompaniyalariga ayna muddao. Shu bois, o‘z davrida superchempion bo‘lgan Sergey Kovalyovga qarshi profboksga yaqinda qadam qo‘ygan, lekin yuqori salohiyatga ega Bekni ro‘baro‘ qilayotgan edi.
Biroq, o‘z vaqtida super o‘rta vaznning WBO, WBA (Super), IBF va IBA yo‘nalishlarida jahon chempionligi, WBC brilliant kamarini qo‘lga kiritgan 37 yoshli Sergey Kovalyov janggacha ikki marta doping tekshiruvidan o‘ta olmadi. Natijada Bektemirga qarshi bahs qoldirildi.
O‘zbek bokschisi bir necha kun avval, Kaliforniyada amerikalik Morgan Fitch bilan jang qilib, raqibini muddatidan oldin mag‘lub etdi. Bektemir ketma-ket ettinchi g‘alabasini nishonladi.
To‘g‘risi, Kovalyovga Bekning g‘alabasi yoqmadi. Jangdan so‘ng, u o‘z munosabatini bildirish chog‘ida, o‘zbek bokschining promouterlaridan Andrey Ryabinskiyning “Meliqo‘ziev Kovalyovni engishi mumkin”, degan gapiga javob ham qaytardi.
- O‘zbekistonlik “Buqa”ga bunaqa jang tashkil qilib berishganidan hammasi ayon bo‘ldi. Bir narsa aniqki, bu bolakay hali stol tagida yayov yuribdi. Ringdagi birinchi uchrashuvdayoq uni parchalab tashlayman. Hurmatli Andrey Ryabinskiydan esa, shoshilinch xulosa qilmaslikni so‘rayman, - dedi Andrey Kovalyov.
Meliqo‘ziev esa, rossiyalik mashhur bokschining gaplariga vazminlik bilan munosib javob qaytardi.
- Men Kovalyovning doping iste’mol qilmaganligi haqidagi gaplariga ishonaman. Har nima bo‘lishi mumkin. Bo‘lar ish bo‘ldi. Men uni oqlashlariga va keyingi jangimni Sergeyga qarshi o‘tkazishga umid qilaman. Agar Kovalyov haqiqatan “toza” bokschi bo‘lsa, hamma muammo bartaraf etiladi va o‘zaro jangimiz bo‘ladi.
Lekin, agar bokschi taqiqlangan moddalar iste’mol qilgan bo‘lsa, bu ancha xavfli ish. Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu xato bo‘lishi mumkin, avvallari ham shunga o‘xshash holatlarni ko‘rganmiz. Men hech kimni ayblamoqchi emasman. Rasmiy ma’lumot yo‘qligi uchun biron nima deya olmayman. Biroq, kimdir doping ishlatsa, bu dahshat, - dedi Bektemir Meliqo‘ziev.
Shuningdek, hamyurtimiz Kovalyovga qarshi jang bo‘lganida unda qanday natija qayd etilishi haqidagi savolga ham o‘ziga xos javob berdi.
- Men Kovalyov jang qilganida ham natija Fitchniki bilan bir xil bo‘lardi, deb o‘ylayman. Balki buning uchun ko‘proq vaqt ketishi mumkin edi. Ularning uslubi o‘xshash. Albatta, Sergeyning darajasi yuqoriroq, u kuchli raqiblar bilan to‘qnashgan, uch karra jahon chempioni bo‘lgan. Shunga qaramay, jang natijasi bir xil ko‘rinishda bo‘lardi, - dedi Bektemir Meliqo‘ziev o‘ziga ishongan holda.
Fikrlar