Kuchli hujum, ammo zaif himoya! Argentina U20 termasidan bugun ochko olamiz(mi)?! Tahliliy maqola

  • 20 may, 2023, 10:39
  • 3
  • Futbol

20 maydan 21 mayga o‘tar kechasi 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionati start olishidan xabaringiz bor. Musobaqani maydon egalari Argentina va O‘zbekiston U-20 terma jamoalari o‘rtasidagi bahs ochib beradi. Ravshan Haydarov shogirdlarini qanday raqib kutib turibdi? Ularning o‘yin uslubi qanday? Yigitlarimizning imkoniyati qay darajada? Raqibning zaif nuqtalari qaer? Aynan shu savollarga javob berish maqsadida kichik “Albiseleste” o‘yinini tahlil qildim. Har doimgidek, katta mavzuni kichik matnda tushuntirib beraman.

Argentina qanday o‘yin sxemasidan foydalanadi?

sxema 1

Xaver Maskerano jamoasining U-20 JCh saralash uchrashuvlarini tomosha qilib chiqqan inson sifatida aytishim mumkin-ki, murabbiy jamoasini yaxlit mexanizm sifatida shakllantira ololmagan. To‘g‘ri, Argentina va Maskerano so‘zlari ortidan bu jumla g‘alati eshitilishi mumkin, ammo haqiqatan ham mundial mezbonlarida jamoaviy o‘yin qurish borasida etarlicha muammolar mavjud. Har holda, 3 oy avvalgi rasmiy bellashuvlarda bu yaqqol ko‘zga tashlanib turgandi. Mutaxassis klassik 4-2-3-1 sxemasidan foydalanadi. To‘p nazorati kimda bo‘lishiga qarab, bu 4-3-3 ga ham o‘zgarishi mumkin.

Saralash bahslari doirasida 4 bor maydonga tushgan Argentina 3 marotaba mag‘lubiyat alamini tatib ko‘rishga majbur bo‘ldi. Paragvay, Braziliya va Kolumbiyaga qarshi uchrashuvlarda chempionat mezbonlari o‘yinidagi yoriqlar ko‘zga tashlanib qoldi. Umumiy qilib olganda, raqib taktik tomondan bizdan hech bir jabhada ustun emas. Shunchaki, boshqa faktorlar evaziga ular uchrashuv favoriti sanaladi.

Asosiy futbolchilari kim?

Aslida, yaxshi saviyadagi ijrochilari etarli. Shunga qaramay, biz Argentinaning o‘yin tempini belgilab beruvchi ikkita iste’dod sohibini alohida e’tirof etishga qaror qildik. Birinchi bo‘lib tayanch zonasida juda katta hajmda ish olib boruvchi 8-raqamdagi Jino Infantino (“Rosario Sentral”)dan boshlaymiz.

infantino

Qahramonimiz markaziy himoyachilar hududiga qadar chekinib, raqib pressingini engib o‘tishdan tortib, markaziy hujumchi ortidagi yashirin forvard vazifasigacha bajaradi. Chinakam universal yarim himoyachi, kuchli zarbasi ham bor. Jamoaning deyarli barcha standartlarini aynan u ijro etadi. Start tezligi pastroq bo‘lsa-da, buning o‘rnini sifatli ikkinchi qavatdan etkaziladigan uzatmalar bilan to‘ldirishga qodir.

Yana bir etakchi Maksimo Perroneni alohida e’tirof etamiz. “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tgan yigitning transfer qiymati 10 million evroni tashkil etadi. Tayanch zonasi va hujumchi ortida to‘p tepuvchi qahramonimiz bugungi Argentinaning asosiy suyanchiqlaridan biri, deyish mumkin.

perrone

Tezkor, kombinatsion futbolni xush ko‘ruvchi pleymeyker Haydarov “bandasi”ga qarshi bahsda mezbonlarning asosiy quroli vazifasini o‘tab berishi hech gap emas.

Shuningdek, tarkibdagi boshqa bir nechta futbolchi: Matias Soule (“Yuventus”), Valentin Karboni (“Inter”) va Roman Vegani (“Barselona”) ham o‘yinga ta’sir ko‘rsata oladigan kuchga ega. Eng qizig‘i shundaki, Maskerano bu musobaqada o‘zining asosiy yulduzlarisiz ishtirok etishga majbur bo‘lmoqda. Niko Pas, Alexandro Garnacho, Fakundo Buonanote singari katta klublardagi yigitlar kichik mundialda jamoasiga yordam bera olmayapti.

Kuchli va kuchsiz tomonlari

“Albiseleste” safida jamoa nomiga mos tarzda kuchli texnikaga ega ijrochilar harakat qiladi. Istalgan paytda bosimni engib o‘tib, o‘yinni o‘z qo‘liga olishga qodir yigitlar katta o‘yinlarda sahnaga chiqishga odatlangan. Jamoaning yarim himoyasi juda kuchli. Yaxshi saviyadagi markaziy hujumchiga ega. Qanotdagi vingerlar/yarim himoyachilar yaxshigina tezkor. Tezkor qanot va sifatli markaziy hujumchi yig‘indisi, albatta, raqibning kuchli ekanligidan dalolat beradi, biroq Argentina mudofaasida muammolar etarlicha. Birinchi navbatda, markaziy himoyachilarning darajasi oldingi chiziqdagilarnikidan anchagina past ekanligini e’tirof etish lozim.

songgi 5 oyin

Aynan ularning qo‘pol xatolari sababli Argentina tarkibida Garnacho, Pas singari ijrochilari bo‘la turib ham JCh saralashidan o‘ta olmadi. Boz ustiga, ishonchli darvozabon borasida ham Argentinada muammo bor. Aynan mudofaa vakillari va posbonning no‘noqligi sabab raqibimiz saralash o‘yinida Paragvayga 1:2 hisobida engilganiga guvoh bo‘ldik. Vaholanki, o‘sha bahsda Paragvay yoshlari raqib darvozasiga atigi 2 bor aniq zarba bergan edi, xolos. Braziliyaga qarshi bellashuvda bir chiziqda o‘ynashga intilgan himoya to‘rtligi juda qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydi. Kolumbiya bilan o‘yinda esa aynan ularning o‘z zonasini berkita olmagani sababli mag‘lubiyat bilan tugadi. Ko‘plab muxlislar jamoa tarkibi, murabbiy darajasiga razm solib, “Argentina qanday qilib mundial saralashidan o‘ta olmadi?”, deb o‘ylab qolgani aniq. Savolning javobi yarim himoya va hujum chizig‘idagi futbolchilardan klass bobida sezilarli darajada ortda qolayotgan mudofaa vakillarining tarkibda bor ekanligida. Qo‘shimcha bonus! Argentina asosan texnikasi kuchli futbolchilarga tayangan. Shu bois, jismonan baquvvat atletlari deyarli yo‘q. Bu standartlarda, to‘p uchun kurash va pressingda ularning bizdan kuchli emasligini anglatadi.

O‘zbekistonning o‘yinga tuzgan rejasi qanday?

2 ta terma sxema

Katta ehtimol bilan bu bahsni ham biz 3 ta markaziy himoyachi bilan boshlaymiz. Bu raqibning bir markaziy hujumchiga suyangan sxemasiga qarshi munosib himoyalanish imkonini beradi. Qanot himoyachilarimiz esa tezkor argentinalik vingerlarni qo‘riqlash bilan birgalikda himoyada 5-3 ko‘rinishidagi son jihatdan ustunlikda harakat qiladi. To‘g‘ri, bu sxema bizning gol kiritish imkoniyatimizni ancha pasaytirib yuborishi mumkin, biroq Abbosbek Fayzullaev, Po‘latxo‘ja Xoldorxonov, Nodirbek Abdurazzoqov singari yigitlar oldingi chiziqda nimadiy o‘ylab topishga qodir ekanligini qit’a birinchiligida ko‘rdik. Boz ustiga, yuqorida aytilganidek Argentina mudofaasi a’lo darajada emas. Bundan tashqari, raqiblar o‘z uyida, muxlislari qarshisida katta kuch bilan oldinga tashlanishga majbur. Bu yaxshi hujumlar uyushtirishimiz uchun ochiq zonalar paydo bo‘lishini anglatadi.

oTASh23

Umuman olganda, agar raqibning eng kuchli qismi bosimiga dosh bera olsak, hujumda bemalol omadimizni sinab ko‘rish imkoniga egamiz. Haydarov jamoasi to‘psiz juda yaxshi harakat qila olishini Avstraliya, Janubiy Koreya singari jamoalar bilan o‘yinda ko‘rsatib qo‘ydi. Zich himoya va raqibga bo‘sh zonalarni qoldirmaslik bizni kamida durang bilan mundialni boshlashimizga zamin yaratishi mumkin. Agar oldingi chiziqdagi yigitlar o‘zini ko‘rsatsa, taktik tomondan bahsni g‘alaba bilan yakunlash imkoniyatimiz bor.
Imkoniyatlar 50/50! Biroq, boshqa faktorlar ham yo‘q emas...

O‘yin sifati, jamoaviy futbol, ruhiy holat borasida biz Argentinadan umuman qolishmaymiz. Shunga qaramay, jahon chempionatini ochib beruvchi ilk turda tablodagi hisobga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa omillar ham bor: Muxlislar bosimi, kuchli hayajon, yangi iqlim va boshqa ko‘plab kichik detallar "oq bo‘rilar" zarariga ishlashi hech gap emas.

atsu4auts

Maydon tashqarisidagi muammolarni bartaraf etish uchun terma jamoamiz ruhshunoslari ancha avval ish boshlashi lozim edi. Balki shunday ham qilingandir. Har holda, Ravshan Haydarov katta musobaqalarda ishtirok etish nima ekanligini biladi. Undagi tajriba yigitlarning bor e’tiborini maydonga qaratish uchun etarli bo‘ladi, deb umid qilamiz. O‘yin tomondan olib qaralsa, Osiyoning birinchi raqamli jamoasi Janubiy Amerikaning 5 yoki 6-jamoasi sanalgan mezbonlardan hech bir aspektda qolishmaydi. Ha, ba’zi punktlarda raqib bizdan kuchli, biroq vakillarimizda ulardan yaxshiroq shakllangan qirralar mavjud. Optimizmni olib tashlagan holda aytilganda ham imkoniyatlar - 50/50!

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
jamolidin
20/05/2023 16:10
eng kami 0~1 bulsin
&
ELYORBEK_2003
20/05/2023 17:14
Omad yigitlarga Olloh yor bolsin sizlarga
&
voxid tursunov
20/05/2023 14:44
Омад жигитлар!