
Kumikov-Agamurodov-Haydarovni nima bog‘lab turibdi?
Futbolda yutsa jamoa yutadi, yutqazsa murabbiy yutqazadi, degan yozilmagan qonun bor. Tushunib turgan bo‘lsangiz, bu safar futboldagi “rejissyorlar” deb ataluvchi murabbiylar haqida so‘z yuritamiz. Bizni bunday maqola yozishga esa chempionatimizdagi ayrim mutaxassislarimizning faoliyati turtki berdi. Aniqrog‘i, hozirgi paytga qadar uchta klubda bosh murabbiy o‘zgardi. Pandemiya chog‘idagi iste’fo “Andijon”da kuzatilgan bo‘lib, unda Aleksandr Xomyakovning o‘rnini Viktor Kumikov egalladi, so‘ng “Qizilqum”da bosh murabbiy Hamid Aktamov o‘z joyini Tachmurod Agamurodovga bo‘shatib bergan bo‘lsa, yaqinda Ravshan Haydarov “Surxon”da ish boshladi. Ushbu vaziyatga yaxshilab e’tibor bersak va tahlil qiladigan bo‘lsak, ushbu murabbiylarni bir-biriga bog‘lab turgan jihatlari bor. Quyida shu haqida to‘xtalamiz.
Kumikov boshchiligidagi “Andijon”da duranglar epidemiyasi...
“Andijon” klubi turnir jadvalida 8 ta o‘yinda 5 ochko jamg‘arib, 11-o‘rinni egallab turibdi. Bir qarashda bu hol tabiiy manzaradek ko‘rinishi mumkin. Lekin fakt shuki, andijonliklar hisobida hali birorta ham g‘alaba yo‘q. Besh ochko esa beshta durang ortidan qo‘lga kiritildi. Natijada bu jamoa hozircha chempionatimizdagi eng ko‘p durang qayd etgan klub bo‘lib turibdi. Bunday paytda “Andijon”ga nisbatan yutqazishni istamayotgan va g‘alaba qozonishga kuchi etmayotgan jamoa, deb ta’rif bersak ham bo‘laveradi. Yodingizda bo‘lsa, dastlabki uchta turdan keyin rossiyalik murabbiy Aleksandr Xomyakov “Andijon”ni tark etgandi. O‘shanda “Burgutlar” ikkita mag‘lubiyat va bitta durang qayd etgandi. Shundan so‘ng may oyiga kelib jamoada yana bir rossiyalik mutaxassis - Viktor Kumikov ish boshladi. O‘ziga yarasha nomi chiqqan va ko‘pni ko‘rgan murabbiynig “Andijon”da ish boshlagani balki ko‘pchilik uchun kutilmagan yangilik bo‘lgandir.
Nima bo‘lganda ham, Viktor Balyutovich andijonliklarning taklifini qabul qilib ishga kirishdi. Albatta, u klubning holati yaxshi bo‘lmagan bir paytda faoliyatini boshladi. “Andijon” uning boshchiligida beshta o‘yinda maydonga tushgan bo‘lsa, shundan to‘rttasida durang va faqat bittasida mag‘lubiyatga uchrashgan. Ko‘rib turganingizdek, o‘ziga yarasha ajabtovur natija, desak ham bo‘laveradi. Kumikovning debyut bahsida andijonliklar Muborakda “Buxoro” bilan 2:2 hisobida durang o‘ynashdi. So‘ng o‘z uyida “Metallurg”ga 0:2 natijasi bilan engilgandi. Shundan beri “Andijon” qatorasiga uchta turdan beri bir ochkodan ishlab kelyapti. Jizzaxda “So‘g‘diyona” bilan 1:1, Andijonda “Bunyodkor”ga qarshi 0:0 va Navoiyda “Qizilqum” bilan 1:1 hisoblarini qayd etdi. E’tiborlisi, Jizzax hamda Navoiydagi bellashuvlarda “Andijon” oxirgi daqiqalardagina mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Bu esa jamoa a’zolarida iroda va xarakter borligining belgisidir.
Umuman aytganda, futbolchilar asta-sekin Viktor Kumikovning o‘yin uslubini o‘zlashtirib borayotganliklari sezilib turibdi. Qolaversa, mutaxassis hozircha Xomyakov tuzgan tarkib bilan ishlashga majbur. Lekin g‘alaba qozonish uchun hozircha futbolchilarning salohiyati kamlik qilayotgandek tasavvur uyg‘otmoqda. Balki transfer oynasi ochilgan paytda bosh murabbiy o‘zi birga ishlashni xohlagan o‘yinchilarni tarkibga qo‘shib olar. Hozircha klubda bir qator muammolar bor. Aytishlariga qaraganda, yaqinda orada klub rahbariyatida ham o‘zgarish yuz berishi mumkin. Buni esa albatta vaqt ko‘rsatadi.
“Qizilqum”dagilar Agamurodov borasida sabrli bo‘la olisharmikin?
Chempionatimizdagi g‘alabasiz seriyasini davom ettirayotgan yana bir klub – “Qizilqum”da ham bosh murabbiy o‘zgarganini yaxshi bilasiz. Pandemiya tufayli yuzaga kelgan tanaffusning oxirgi lahzalarida Tachmurod Agamurodov “Qizilqum”ning bosh murabbiyiga aylandi. Lekin hozircha jamoada murabbiy o‘zgargani bilan o‘yin borasida bunday deya olmaymiz. Pandemiyadan keyin ham “Qizilqum” raqiblariga ochko ulashishda davom etyapti. Agamurodov boshchiligidagi navoiyliklar ketma-ket to‘rtta o‘yinni gol urmasdan holda yutqazishdi. Faqat 8-turga kelib “Andijon”ga qarshi g‘alabaga bo‘lgan imkoniyatlari biroz yuqori baholangan uchrashuvda durang o‘ynashdi va shu tariqa, Agamurodov yangi klubidagi dastlabki ochkosini qo‘lga kiritdi. Qiziq, klub rahbariyati Tachmurod Shamakovich masalasida qanchalik sabr qila olisharkin? Negaki, oldinda navoiyliklarni qiyin uchrashuvlar kutmoqda. Taqvim bo‘yicha “Qizilqum” 9-turda “Navbahor” maydonida mehmon bo‘lsa, keyin o‘z uyida “Buxoro”ni qabul qiladi. 11-turda Bekobodda “Metallurg”ga qarshi maydonga tushgach, Navoiyda “So‘g‘diyona” bilan bellashishadi. Birinchi davraning oxirgi turida esa safarda “Bunyodkor”ga qarshi o‘ynaydi.
Ko‘rib turganingizdek, Agamurodov va uning jamoasiga havas qilib bo‘lmaydi. Ustiga-ustak “Qizilqum” futbolchilarining ko‘zida g‘alabaga bo‘lgan kuchli ishtiyoq ham ko‘rinmayapti. Demak, Agamurodov hali ko‘p mehnat qilishiga to‘g‘ri keladi. Ammo ma’lumotlarga qaraganda, u birinchi davradan keyin tarkibda jiddiy o‘zgarishlarga qo‘l urmoqchi. Ungacha esa “Qizilqum” birinchi davra oxirigacha g‘alaba qozona olarmikin, buni Xudo biladi. Agar ochko yo‘qotishlar davom etaversa, balki Agamurodov birinchi davra oxirigacha etib bora olarmikin, degan savol ham yangrashi shubhasiz.
Haydarov ham mag‘lubiyat bilan boshladi
Chempionatda mag‘lubiyatlar girdobiga tushib qolgan yana bir klub – “Surxon” ham vaziyatdan chiqish uchun bosh murabbiyini almashtirdi. Qizig‘i, Superliga boshlanganidan beri bu jamoada ikkinchi murabbiy o‘zgartirildi. Birinchi turdan so‘ng farg‘onalik Bahrom Haydarov bosh murabbiylikka tayinlangandi. Ungacha jamoani Vladimir Andreev boshqarib turgandi. Biroq Haydarov boshchiligida bir bor g‘alaba qozonishgach, so‘ng ketma-ket mag‘lubiyatlar kuzatildi. Oqibatda u ham iste’foga chiqdi va o‘rnini tajribali Ravshan Haydarov egalladi. Uning debyuti esa “Lokomotiv”ga qarshi o‘yinga to‘g‘ri keldi. O‘sha o‘yinda “Surxon” yomon taassurot qoldirmadi. Biroq yangi murabbiy keliboq biror nimani o‘zgartirib yuborishi ham qiyin. Ko‘rinib turibdiki, Ravshan Akmalovichga ham vaqt kerak. Baribir u ham “Surxon”dagi debyutini mag‘lubiyat bilan boshlagani tarixdan joy oladi.
Maqolaning sarlavhasini bejizga Kumikov-Agamurodov-Haydarovni nima bog‘lab turibdi, deb nomlamadik. E’tibor bergan bo‘lsangiz, o‘zlari uchun yangi klublarda ish boshlagan murabbiylar hozircha g‘alaba nimaligini bilmay kelmoqdalar. Odatda, yangi murabbiy ish boshlasa, uning jamoasida qandaydir ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishi kutiladi. Albatta, yuqorida nomlari keltirilgan bosh murabbiylarning natijalari turlicha.
Masalan, Kumikov boshchiligidagi “Andijon” duranglar iskanjasiga tushib qolgan bo‘lsa, Agamurodovning “Qizilqum”dagi ishlari yaxshi emas. Haydarov esa endi bitta o‘yinda ishladi va u ham mag‘lubiyat bilan tugadi. Balki mavsum davomida yana boshqa iste’folarga ham guvoh bo‘lishimiz hech gap emas. Har holda bu borada turli gap-so‘zlar quloqqa chalinib turibdi. Masalan, “Buxoro” ham hali g‘alaba nimaligini bilmay kelmoqda. Tabiiyki, bunday paytda bosh murabbiy tanqidlarga uchramoqda. Ammo hozircha Muhsin Muhammadiev o‘z joyida. Shuni unutmaslik kerakki, murabbiylarning faoliyati ular qayd etayotgan natijalarga bevosita bog‘liq.
Fikrlar