
Kurashga qo‘shilgan Benzema, pastlagan Ronaldu va Messi: «Oltin to‘p»ga da’vogarlarning yangilangan reytingi
Quyida ushbu futbolchilar reytingi va ularning reytingdagi holati yuzasidan tahlil olib borishga harakat qilamiz:
20. Sadio Mane («Liverpul»). Avvalgi o‘rni: 19
«Liverpul» restartdagi dastlabki o‘yinda «Everton» bilan murosasiz bahs olib bordi. Mane uchrashuv davomida faolligi bilan ajralib turgan bo‘lsa-da, yakunda Mersisayd «qizillar»i durangga imzo chekishga majbur bo‘ldi.
Ushbu mavsumda Mane va uning jamoasi uzoq kutilgan APL chempionligi uchun qolgan barcha musobaqalardan voz kechdi. Ha, ular uchun premer-liga chempionligi ayni kundagi eng dolzarb masala. Ammo «France Football» yilning eng yaxshisini aniqlovchi sovrinni birgina APL chempionligi uchun berib yubora olmaydi.
*Paulo Dibala 20 talikdan chiqib ketdi.
19. Joshua Kimmix («Bavariya»). Avvalgi o‘rni: 20
Beshinchi mavsum «Bavariya» asosiy tarkibida harakat qilayotgan Kimmix xuddi shuncha chempionlik unvonini qo‘lga kiritdi.
Kimmix «Borussiya»ga qarshi o‘yinda chempionlik golining muallifiga aylandi. Mavsum davomida ajoyib harakatlari bilan mutaxassislar e’tirofiga sababchi bo‘lgan nemis futbolchisining ushbu goli uning top-20 talikdan joy olishiga sabab bo‘lmoqda.
18. Chiro Immobile («Latsio»). Avvalgi o‘rni: 18
Rimliklar restartdan keyingi dastlabki uchrashuvini chorshanba kuni «Atalanta»ga qarshi o‘tkazadi. Raqibning ahamiyati yo‘q. Har holda, ular chempionlik uchun «Yuventus» bilan jiddiy kurashga kirishgan.
O‘z navbatida, Immobile ham jamoasi bilan Skudetto uchun kurashishdan tashqari «Oltin butsa» uchun Levandovski bilan raqobat olib bormoqda. Chironing ustunligi, u polshalik raqibidan atigi 6 ta golga ortda qolmoqda. Bu farqni yo‘qqa chiqarish uchun unda 12 ta o‘yin bor.
17. Alfonso Devis («Bavariya»). Avvalgi o‘rni: 15
Kanadalik yosh iqtidor egasining klubining ketma-ket 8-chempionlikni qo‘lga kiritishidagi xizmatlari unutilmaydi. Uning reytingda pastlashiga «Verder»ga qarshi chempionlik bahsida olgan qizil kartochkasi sabab bo‘lmoqda. Ammo Devisda hali Germaniya kubogi finali va qolgan joyidan davom ettirilishi belgilangan Chempionlar Ligasida o‘zini ko‘rsatish imkoniyati bor.
16. Jordan Xenderson («Liverpul»). Avvalgi o‘rni: 13
Mersisaydliklar tarkibidagi eng muhim futbolchilardan biri restartdagi dastlabki bellashuvda jamoasini g‘alaba tomon boshlay bilmadi. «Everton»ning tartibli himoyasini yorib o‘tish na Xendersonga, na «Liverpul»ning boshqa futbolchilariga nasib etdi.
Natijada, jamoa sardorining qo‘llariga orziqib kutilgan chempionlik kubogi biroz kechroq tegadigan bo‘ldi.
15. Brunu Fernandesh («Manchester Yunayted»). Avvalgi o‘rni: 17
Ha, portugaliyalik xavbek ushbu haftadagi golini penaltidan kiritdi. Biroq eng muhimi, uning sermahsul o‘yinlar seriyasi davom etadigan bo‘ldi. Ushbu golning narxini uning hisobni tenglashtiruvchi maqomida ekanligi ham bir pog‘ona oshirib beradi.
Brununing kelgusi reytinglarda qaysi o‘rinlarni band etishini kuzatib borish uchun sabab bor. Pogba uzoq muddatli tanaffusdan so‘ng yana safga qaytdi…
14. Timo Verner («RB Leyptsig»). Avvalgi o‘rni: 11
Ushbu mavsumda jami 32 ta gol urgan Timo yakuniga etgan haftada «Chelsi» bilan shartnoma masalasida kelishib olganini rasman ma’lum qildi. Bu qadar pastlash uchun uning o‘yinida aytarli o‘zgarish bo‘lganicha yo‘q. Ammo joriy mavsum yakunlanishi bilan «aristokratlar» safiga borib qo‘shilishi ma’lum bo‘lgan nemis hujumchisi Chempionlar Ligasida bu yil boshqa o‘ynamaydi. Bu sharoitda «Ko‘hna qit’a»ning eng nufuzli musobaqasida qatnasha olmaydigan futbolchining «Oltin to‘p» uchun imkoniyatlari o‘z-o‘zidan pasayib ketadi.
13. Iosip Ilichich («Atalanta»). Avvalgi o‘rni: 12
A Seriya restartida «Sassuolo»ni 4:1 hisobida mag‘lub etgan bergamoliklarning ko‘nglini faqat bir jihat biroz xira qildi. Ma’lum qilinishicha, jamoaning tom ma’noda etakchi futbolchisi Ilichich to‘pig‘idan jarohat olgan. Bu uning bir nechta muhim uchrashuvlarni o‘tkazib yuborishini anglatadi. Sloveniyalik futbolchining tezroq safga qaytib, jamoasiga Italiya chempionati va avgustda o‘tkaziladigan Chempionlar Ligasida yordam berishiga umid qilamiz.
12. Serj Gnabri («Bavariya»). Avvalgi o‘rni: 10
Gnabri tobora «Oltin to‘p» da’vogarlari reytingida pastlab bormoqda. U so‘nggi bor «Bayer» darvozasini ishg‘ol qilgandi. U va «Bavariya» uchun Bundesliga g‘olibligi odatiy holga aylanib qoldi. 24 yoshli vunderkindning haqiqiy kuchiga Portugaliyada yakunlab qo‘yiladigan Chempionlar Ligasi davomida baho bera olamiz.
11. Kay Xaverts («Bayer»). Avvalgi o‘rni: 14
Ushbu haftada yana gol va assist muallifiga aylangan Xaverts 2020 yil boshidan buyon 21 ta golni o‘z hisobiga yozdirib qo‘yishga erishdi. Ammo 21 yoshli futbolchining bu ko‘rsatkichi ham Peter Bosh jamoasi uchun etarli bo‘lmasligi mumkin. Yuqori to‘rtlik uchun kurashayotgan leverkuzenliklar «Borussiya» Myunxengladbaxdan 2 ochko ortda bormoqda. Bundesliganing so‘nggi turi «Bayer» uchun Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi va Xavertsni saqlab qolishning oxirgi imkoniyati hisoblanadi.
10. Jeydon Sancho («Borussiya» Dortmund). Avvalgi o‘rni: 9
Futbolchiga bildirilayotgan bu kabi katta qiziqishlar tufayli yaqinlashib kelayotgan 34-tur Sancho uchun dortmundliklar futbolkasidagi so‘nggi uchrashuvdek tuyulmoqda.
Angliyalik futbolchining bu hafta reytingida pastlashiga sabab sensatsion tarzda «Maynts»dan uchralgan mag‘lubiyat hisoblanadi. Bundan tashqari, u «Leyptsig» ustidan qozonilgan g‘alabani zaxira o‘rindig‘idan kuzatib bordi.
9. Killian Mbappe (PSJ). Avvalgi o‘rni: 8
Mbappening «Oltin to‘p» uchun kurashida bu hafta yangragan eng yaxshi xabar Chempionlar Ligasining avgustda davom ettirilishi bo‘ldi. Endi Parij klubi ushbu musobaqaga 6 oylik tanaffus bilan etib bormaslik uchun nimadir qilishi kerak. Aks holda, avgustgacha Mbappening reytingda yuqorilashidan umid qilmasa ham bo‘ladi.
8. Karim Benzema («Real»). Top-20 ga yangi qo‘shildi
2 ta o‘yinda 3 bor gol urishga erishgan Benzema reytingga birdaniga otilib kirdi. «Valensiya»ga urgan goli bilan o‘z klassini namoyish etgan futbolchi ushbu o‘ringa chindan ham munosib o‘yin namoyish etmoqda. Uning goli «gallaktikos»ning La Ligada karvonboshilikni qo‘lga olishiga sababchi bo‘ldi.
7. Erling Xoland («Borussiya» Dortmund). Avvalgi o‘rni: 7
Xolandning keyingi 2 goli aynan «Leyptsig» darvozasiga kiritilgani bilan ham qimmatli. Shu tariqa, Lyusen Favr shogirdlari Bundesligada 2-pog‘onani naqd qilishdi. Xoland esa «Borussiya» tarkibida o‘tkazgan 14 ta o‘yinida 13 ta gol urishga erishdi. Ammo Germaniya chempionligini boy bergan, Chempionlar Ligasidan chiqib ketib ulgurgan klub futbolchisi uchun reytingda yuqorilash qiyin masala edi.
6. Neymar (PSJ). Avvalgi o‘rni: 6
Mbappe kabi Neymar ham reytingda bir joyda to‘xtab qolgan. Ularning baxtiga parijliklar Chempionlar Ligasida chorak finalga chiqib ulgurdi. Avgustgacha Neymar reytingda faqat pastlab borishga mahkum.
5. Tomas Myuller («Bavariya»). Avvalgi o‘rni: 5
Myullerning Bundesliga oltin medallari kollektsiyasiga 9 medal qo‘shildi. Ushbu mavsumda 30 yoshli futbolchi 20 ta assist va 7 ta gol muallifiga aylanib ulgurdi. Ammo u uchun ham mavsum yakunlanib bormoqda. Endi Tomas reytingda yuqoriroq pog‘onalarga ko‘tarilish uchun Germaniya kubogi finali va Chempionlar Ligasini kutishga majbur.
4. Krishtianu Ronaldu («Yuventus»). Avvalgi o‘rni: 3
Ba’zi italyan nashrlari Italiya kubogi finalida eng yomon harakat qilgan futbolchi sifatida aynan Ronalduni e’tirof etishdi. Ronaldu penaltilar seriyasida zarba bermadi. Beshinchi zarbaga hojat qolmaganligi sababli Ronaldu ushbu seriyani chetdan kuzatishga majbur bo‘ldi. A Seriyada ham chempionlik kurashi avjida. «Inter» va «Latsio» qarshiligini engish Krishtianu va uning jamoasiga oson kechmaydi.
3. Lionel Messi («Barselona»). Avvalgi o‘rni: 2
«Sevilya» bilan durang La Liga mavsumi so‘ngida chempionlik masalasini hal qilib berishi ham mumkin. Messi va jamoadoshlari bunga yo‘l qo‘ymasliklari lozim edi. Endi esa «ko‘k-anorranglilar» «Real»ning qoqilishiga umid qilishga majbur.
2. Kevin De Bryuyne («Manchester Siti»). Avvalgi o‘rni: 4
Kevin hayratlanarli hech narsa qilganicha yo‘q. Ammo u «Arsenal» ustidan qozonilgan g‘alabada asosiy figura vazifasini a’lo darajada o‘tab berdi. APL boy berib bo‘lindi. Ammo «shaharliklar» o‘zini boshqa frontda ko‘rsatib olish imkoniyatiga ega.
1. Robert Levandovski («Bavariya»). Avvalgi o‘rni: 1
Levandovski «Bavariya»ning chempionligida so‘zsiz eng katta rol o‘ynadi. Barcha musobaqalarda 48 ta gol urishga erishgan polshalik futbolchining yana maksimum 6 ta o‘yini qoldi. Ha, u asosiy da’vogar maqomida ancha mahkam o‘rnashgan. Ammo raqiblar ko‘proq o‘yin o‘tkazishadi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi.
“Manchester Yunayted”: 7-raqam siri yoxud o‘tgan asr yulduzlari nega erta so‘nggan?
Transferlar oynasi. A seriyadan kimlar ketadi: Kulibali, Pyanich, Martines (1-qism)
Transferlar oynasi. A seriyadan kimlar ketadi: Kulibali, Pyanich, Martines (2 qism)
Fikrlar