
La Ligada 86 nafar futbolchi jamoasini tark etishi mumkin
Evropa ligalarining aksariyatida qishki transferlar oynasi ochildi. AS nashrining xabar berishicha, Ispaniya chempionatida 86 nafar futbolchining shartnomasi yakunlanishiga yarim yil vaqt qoldi.
FIFA qoidalariga ko‘ra, ularning barchasi boshqa klublar bilan muzokara o‘tkazish huquqiga ega.
Tarkib masalasida eng ko‘p bosh qotirishi kerak bo‘lgan jamoa “Atletik Bilbao” hisoblanadi. Bu jamoaning to‘qqiz nafar o‘yinchisi – Munyain, Ander Errera, Raul Garsiya, Guruzeta, Berenger, Yuri Berchiche, de Markos, Nolaskoayn, Dani Garsiyaning shartnomasi mavsum oxirida tugaydi.
“Vilyarreal”da erkin agentga aylanish arafasida turgan futbolchilar soni sakkiz nafarni tashkil qiladi. Pepe Reyna, Albiol, Alberto Moreno, Adriya Altimira, Koklen, Kapue, Parexo, Moralesga tez orada shartnoma taklif qilinmasa, ular yozda o‘ziga boshqa jamoa topishi talab etiladi.
Shuningdek, “Atletiko” ham etti futbolchisi kelajagi bo‘yicha bir qarorga kelishi kerak. Madridliklar safida o‘ynayotgan Koke, Ermoso, Vitsel, Savich, Aspilikueta, Grbich va Vitoloning mavsum oxirida shartnomasi tugaydi.
Ispaniya chempionati yuqori divizionida faqatgina “Real Sosedad”da yozga erkin agentga aylanadigan o‘yinchilar yo‘q.
Fikrlar