
Legioner sifatida akam bosib o‘tgan yo‘ldan bormoqchiman - Sanjar Rashidov "So‘g‘diyona"dagi holati va rejalari xususida
Rashidovlar oilasini ko‘pchilik bilsa kerak, Sardorning yana ikita ukasi – Sanjar bilan Sahob ham futbolchi sifatida faoliyat olib borishyapti.
Bilasiz, ikkalasi “So‘g‘diyona” sharafini himoya qilmoqdalar. Ayniqsa, Rashidovlarning o‘rtanchisi – Sanjar klubining etakchilaridan biri. Qolaversa, futboldagi faoliyatini asosan “So‘g‘diyona”da o‘tkazib kelmoqda. Faqat orada yarim mavsum “Nasaf”da to‘p surib qaytdi.
U yangi mavsumni ham Jizzaxda o‘tkazadimi yoki ketadigan payti keldimi? Futbolchi sports.uz muxbiriga bir qancha masalalar bo‘yicha gapirdi va keyingi taqdiri xususida ham to‘xtaldi.
- Bu yilgi mavsum rostdan og‘ir o‘tdi. Ayniqsa, pandemiya sababli 2020 yil turli sinovlarga boy bo‘ldi. – deya gap boshladi Rashidov. - Chempionatimizda ham ancha uzilishlar bo‘ldi. Shuning uchun mavsum aslo engil o‘tmadi, buni hamma ko‘rdi. “So‘g‘diyona”ning maqsadi oltitalikka kirish edi, buni bajardik. Jamoamiz uchun 6-o‘rin qoniqarli bo‘ldi. O‘z o‘yinimga kelsak, bu yilgi ishtirokimdan qoniqish hosil qilmadim. O‘yin amaliyotim kam bo‘ldi. Ayniqsa, pandemiya sabab hamma bir xil sport formasida bo‘lmadi.
Mening “So‘g‘diyona” bilan yana bir yillik shartnomam bor. To‘g‘ri, menga boshqa klublardan takliflar bor. Buni jamoamiz bilan ko‘rib chiqqan holda keyin bir qarorga kelamiz. Men har doim “So‘g‘diyona” va Jizzax xalqi uchun to‘p suraman. Hammasini rahbarlar bilan gaplashamiz. Vaqt ko‘rsatadi, agar nasib bo‘lsa klubni o‘zgartiramiz.
Nega asosiy tarkibda kamroq o‘ynadim? Bu murabbiyning xohishi va taktikasi bilan bog‘liq. Men bu narsaga aralashmayman va norozilik ham bildira olmayman. Raqiblarni mag‘lub etish uchun har xil taktikalar asosida o‘yin ko‘rsatdik. Lekin har qanday futbolchiga zaxirada qolib ketish yoqmasa kerak va buni xohlamaydi. Biroq jamoa turli taktikalar bo‘yicha harakat qilishi bois buni to‘g‘ri qabul qilaman.
O‘zimga ishonaman va Xudodan menga ham akamning yo‘lini berishini so‘rayman. Legioner bo‘lib to‘p surish bo‘yicha mening ham niyat va orzularim bor. Xuddi akam bosib o‘tgan yo‘ldan yurmoqchiman.
Albatta, mening faoliyatimda akamning o‘rni katta. Undan qaysi ma’noda yordam kutaman? Ko‘p yillardan beri legioner bo‘lib o‘ynab kelmoqda. Menga ham xorijda to‘p surish nasib qilsa, akamdan bu borada kerakli maslahatlarini olib turaman, shu ma’noda yordam kutaman.
“So‘g‘diyona”da ko‘p yillar davomida to‘p surishimga sabab, jizzaxlik bo‘lganim uchun. Yoshligimdan “So‘g‘diyona”ning o‘yinlariga borardim va klubining mavqeini ko‘tarilishiga hissam tegishini maqsad qilgandim. Har doim rahbarlar bilan yaxshi munosabatdaman. Albatta, boshqa klubda ham o‘zimga ishonaman va 100 foiz to‘p sura olaman. – deydi Sanjar Rashidov.
Fikrlar