"Liverpul" qishda Saloh bilan xayrlashmoqchi
Turkiyaning "Galatasaroy" klubi "Liverpul" hujumchisi Muhammad Salohga qiziqish bildirmoqda va shu qishdayoq uning transferi variantini ko‘rib chiqmoqda, deb xabar berdi Nefes.
Manbaga ko‘ra, istanbulliklar 33 yoshli misrlik futbolchini qishki transferlar davrida o‘z safiga qo‘shib olishga urinib ko‘rishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, "Liverpul" Saloh bilan kelasi mavsum oxirigacha amalda bo‘lgan shartnomaga qaramay, uni sotib yuborishga tayyor.
Qayd etilishicha, klubdagilar Salohning jamoadagi vaqti asta-sekin yakuniga etayotganiga ishonishadi va yulduz uchun maksimal miqdorda pul ishlab olish uchun takliflarni tinglashga tayyor.
Qizig‘i, Salohning o‘zi ham Chempionlar ligasida "Galatasaroy"ga qarshi o‘yinlardan biridagi muhitdan hayratga tushgandi. Qayd etilishicha, u hatto Ilkay Gyundogandan turk jamoasining har bir uy uchrashuvida haqiqatan ham tribunadagi bunday energiya bo‘ladimi, deb so‘ragan.
Joriy mavsumda Muhammad klub safida barcha musobaqalarda 9 ta o‘yinda 3 ta gol va 3 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.
Fikrlar