«Liverpul»ning Premer-liga davridagi eng yaxshi futbolchilari ramziy jamoasi: Jerrard, Saloh va boshqalar!

  • 12 noyabr, 2020, 10:00
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Angliya Premer-ligasi har doim o‘zining shiddati, kuchli raqobati va intrigaga boy o‘yinlari bilan omma e’tiborini qozonib kelgan. Ushbu ligada dunyodagi eng tarixiy va ko‘plab muxlislarga ega katta klublar ham talaygina. Eng ko‘p top-jamoalar ham aynan “Tumanli Albion”da ekanligi hech kimga sir emas. Ular orasida o‘z tarixi bilan ham, buguni bilan ham bemalol maqtana oladigan klublar esa sanoqligina. Mana shundaylardan biri - «Liverpul». 

Mersisaydning «Liverpul» klubi Angliyada sovrindorlik jihatidan MYudan keyingi 2-o‘rinda turadi. Klub tarixida bir qator kuchli va afsonaviy futbolchilar ham to‘p surgan. Hozirgi kunda esa jamoaning tarkibi mutlaqo super tarzda tuzilgan va ko‘plab mutaxassislar tomonidan aynan shu tarkib «Liverpul» tarixidagi eng kuchli tarkib deya baholanmoqda. Shunday ekan, «Liverpul»ning ramziy jamoasini tuzishda uning hozirgi paytdagi ko‘plab futbolchilaridan foydalanishimiz aniq. Albatta, o‘tmish va bugun uchrashgandagi holat ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi shubhasiz.

Demak, Angliyaning birinchi raqamli chempionati bo‘lmish liganing 1992 yildan «Premer-liga», deb atalganidan boshlab to hozirgacha bo‘lgan paytdagi «Liverpul»ning eng yaxshi futbolchilari ramziy jamoasini terib chiqamiz. 

Darvozabon: Alisson Bekker

2018 yil yozida «Liverpul» tomonidan rekord summaga xarid qilinib, o‘sha paytdagi dunyoning eng qimmat darvozaboniga aylangan Alisson allaqachon klub tarixidan joy olishga ulgurgan. Sababi, Mersisayd klubida har doim himoya va darvoza chizig‘i eng muammoli va og‘riqli nuqta bo‘lib kelgan. Aynan Alisson tufayli eng kuchsiz chiziq jamoaning eng kuchli jihatiga aylandi. Braziliyalik darvozabon bor ekan, «Liverpul» o‘z himoyasidan hech ham nolimasa kerak. Undan oldingi barcha darvozabonlar «qizillar» uchun omadsiz bo‘lgan: Minole va Karius kabi darvozabonlar o‘zlarining mashhur «qovun tushirishlari» bilan muxlislar yodida qolganligi sir emas. Bekkerda esa bu kabi xatolar deyarli bo‘lmaydi ham. Buning isboti sifatida uning debyut mavsumidagi sovrinlarga ko‘z tashlash kifoya: Chempionlar Ligasi kubogi, UEFA tomonidan «yilning eng yaxshi darvozaboni», deb topilishi. 2-mavsumda ular orasiga klubni 30 yil kuttirgan Premer-liga kubogi ham qo‘shildi. Qisqa muddat ichida kiper shuncha narsani qo‘lga kiritdi va klubning Premer-liga davridagi eng yaxshi darvozaboni, deb ham topildi. U bunga loyiq!

alisson-liverpool-2020_1twu6i3bp4l0y1narlbh4aw1nn

O‘ng qanot himoyasi: Trend A. Arnold

«Liverpul»da ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishgan Stiv Finnan, Markus Babbel va Glen Jonsonga hurmat saqlagan holda 22 yoshli Trend Aleksandr-Arnoldni bu pozitsiya uchun munosib ko‘rmoqdamiz. Sababi, himoyachi o‘zining tezkorligi, universalligi, yarim himoyada ham o‘ynay olishi hamda ajoyib golli uzatmalari orqali juda tez ravishda dunyoning eng yaxshi o‘ng qanot himoyachisi, deya e’tirof etilgan. 2016 yilda qizillar safida debyut qilganidan so‘ng, Klopp boshqaruvida u zamonaviy superyulduzga aylandi va 22 yoshga to‘lmay turib, Chempionlar Ligasi va Premer-ligada zafar quchdi. Hozirda u jamoaning almashtirib bo‘lmas o‘yinchisiga ham aylanib ulgurgan.

trent-alexander-arnold-liverpool-2019-20_12rwp90ejua5y1nz9ij6tys27e

Markaziy himoya: Jeymi Karrager

Bugungi kunda Angliya televideniesida futbol mutaxassisi sifatida faoliyat olib borayotgan afsonaviy himoyachi o‘z nomini klub tarixiga o‘chmas harflar bilan yozib ketgan. «Liverpul» tarixida hech bir o‘yinchi Karragerdek ko‘p o‘yinda maydonga tushgan emas! U klub safida 1997 yilda debyutini amalga oshirgan va qariyb 16 yildan so‘ng - 2013 yilda klubni tark etib, faoliyatini yakunlagan. Bungacha u 508 ta bahsda maydonda harakat qilgan.

Dastlab, markaziy yarim himoya pozitsiyasida o‘ynagan, o‘ng va chap qanot himoyasida ham o‘zini sinab ko‘rgan futbolchi, keyinchalik, 2001 yilgi muvaffaqiyatli mavsumda Rafa Benites tomonidan markaziy himoyada ham sinab ko‘rilgan va shundan keyin bu pozitsiyaga muqim o‘rnashib olgan. 2005 yilgi EChL g‘olibligi va Karragerning eng yaxshi himoyachi, deb topilishi uning o‘sha paytdagi obro‘sining o‘sishida katta rol o‘ynaydi. 2013 yilda u ketganidan so‘ng, «Liverpul» uzoq vaqt unga munosib o‘rinbosar topa olmagani ham Karragerning qay darajadagi muhim futbolchi bo‘lganligidan dalolat berishi shubhasiz.

nevilles-liverpool-xi-jamie-carragher_1mo9fpu4gmghz1gm53eeqog5n6

Markaziy himoya: Virjil van Deyk

75 million funt-sterlingga xarid qilinish uchun futbolchi qay darajada zo‘r bo‘lishi kerak? Albatta, top darajada. Virjil 2018 yil yanvar oyida «Sautgempton»dan «Liverpul»ga shuncha summa evaziga o‘tdi va jamoaning himoyasini darhol o‘zgartirib yubordi. Undagi etakchilik qobiliyati, himoyani nazorat qilishi, bosh bilan yaxshi o‘ynashi va xotirjam qaror qabul qilishi uni eng yaxshilar qatorida ta’riflanishiga yordam berdi. Debyut o‘yinidayoq «Everton» darvozasiga gol urgan gollandiyalik futbolchi ilk mavsumda klub himoyasida kuchli tartib o‘rnatib, «Liverpul»ni EChL finaliga qadar etaklab bordi. Biroq final Kariusning xatolari evaziga boy berildi va kelasi mavsum Alisson xarid qilindi. Alisson va van Deyk juftligi mersisaydliklar himoyasini haqiqiy devorga aylantirdi va dunyoning eng kuchli himoyasini yuzaga keltirdilar. 2019 yilda esa Van Deyk Chempionlar Ligasida zafar quchdi, APLda yilning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi va «Oltin to‘p» sovrinida Messidan keyingi 2-o‘rinni egalladi, APL va EChLda yil ramziy jamoasidan joy oldi. 2020 yilda esa uzoq kutilgan Premer-liga kubogi yutildi. Bularning hammasida van Deykning o‘rni beqiyos! Shunday ekan, u ramziy jamoadan joy olish uchun mutlaqo haqli.

virgil-van-dijk-liverpool-2019-20_17os4x1toy5z01u7ti6b0nmlur

Chap qanot himoyasi: Endryu Robertson

2017 yil yozida «Liverpul» «Hall Siti»dan yosh iqtidor egasini 8 million funt evaziga xarid qilganida ko‘pchilik shotlandiyaliklar Robertsonning bu erda muvaffaqiyatga erishishi qiyin, deb baholashgan edi. Biroq Yurgen Klopp boshchiligida u oz muddat ichida o‘ta yuqori darajali futbol namoyish etadigan himoyachiga aylandi. Klopp o‘ng qanotda Arnoldning va chap qanotda Robertsonning tezkorligidan mohirona tarzda foydalanib, o‘yinni ularning ustiga quradi, yosh iqtidorlar birgalikda juda ko‘plab golli uzatmalarga mualliflik qilib, jamoaning muvaffaqiyatlariga munosib hissa qo‘shadi. Robertsonning kamtarligi va ajoyib o‘yini ham uning mashhur bo‘lishiga va klub tarixidagi eng yaxshi transferlardan biri, deya e’tirof etilishida katta hissa qo‘shgan.

andy-robertson-liverpool-03032019_1dn3aac0eecs2zrih9tbeyc00

Markaziy yarim himoyachi: Stiven Jerrard (s)

Shubhasiz, «Liverpul»ning yangi avlodi tarixidagi eng buyuk futbolchi! Sardorlik bog‘ichini aynan Stivga topshiramiz. Sabablar etarlicha.  Jerrard «Liverpul»dagi 17 yillik faoliyati davomida o‘zining har tomonlama kuchli o‘yinlari bilan omma e’tiborini qozongan va klubning afsonaviy o‘yinchilaridan biriga aylangan. Yarim himoyachi «qizillar» safida Premer-ligada 504 o‘yin o‘tkazib, 120 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Uning aksariyat gollari shedevr chiqqan. Muxlislar haligacha uning «MYu»ga uzoq masofadan urgan golini, «Arsenal»ga, «Midlsbro»ga va «Everton»ga urgan super gollarini faxr bilan eslashadi. U jamoada Maykl Ouen va Fernando Torres bilan ajoyib trio hosil qilgan va bu bilan o‘z vaqtida ko‘plab ingliz klublarini dahshatga solgan. Brendan Rojers qo‘l ostida markaziy yarim himoyada qayta kashf etilgan Jerrard, afsuski, bir xatosi bilan ko‘p bora eslanadi. O‘sha «Chelsi» bilan kechgan bahsdagi sirpanib ketish sahnasi uning tushlariga kirib chiqqan bo‘lsa ham ajabmas. Lekin, nima bo‘lganda ham, u klub afsonasi, etakchisi va faxri. Bitta xato uning butun faoliyatiga rahna sololmaydi. Shunday ekan, u bu o‘ringa mutloq haqli!

steven-gerrard-leicester-city-premier-league-2014-15_t33m6qtv2yg41vid4tcz7cd8e

Markaziy yarim himoyachi: Xabi Alonso

Ispaniyalik maestro «Liverpul» klubi muxlislarining rosmana ma’nodagi muhabbati edi. 2004 yilda u «Real Sosedad»dan Mersisaydga kelganidan so‘ng, o‘zining mehnatsevarligi, zargarona uzatmalari, tezkorligi va g‘aroyib gollari bilan barchaning e’tiboriga tushadi hamda Rafael Benitesning eng yaxshi shogirdlaridan biriga aylanadi. Alonsoning Xaver Maskerano va Stiven Jerrard bilan hosil qilgan uchligini o‘z vaqtida nafaqat klub muxlislari, balki Angliya va Evropaning ko‘plab mutaxassislari ham «Dunyoning eng kuchli yarim himoya chizig‘i», deya e’tirof etishadi. Xabi kamdan kam yulduzlarga xos bo‘lgan juda kamtar va kamgapligi bilan ham ajralib turardi. Ispaniyalik futbolchi «Liverpul»dagi 5 mavsumida jami 200 dan ortiq bahsda maydonga tushadi va ketayotgan paytida ham muxlislarning sevimlisi bo‘lib qoladi.

O‘zidan shu qadar yaxshi va ajoyib xotiralar qoldirolgan Xabi Alonso 2009 yilgi Benites bilan kelishmovchilik natijasida oxir-oqibat «Real»ga o‘tib ketadi va shundan so‘ng jamoada muammolar davri boshlanadi: klub uning o‘rniga munosib futbolchi topish uchun uzoq vaqt qiynaladi.

xabi-alonso-liverpool_1qzi50kcwcxqu1trwsosxh6jzg

Markaziy yarim himoyachi: Stiv Makmanaman

Bizningcha, u haqida ta’rif berish uchun bir voqeani eslashning o‘zi kifoya. 90-yillar futboli yulduzi bo‘lgan Stiv bilan ko‘p qiziq voqealar bo‘lgan. Ulardan biri MYuning afsonaviy murabbiyi Ser Aleks Fergyusson nomi bilan ham bog‘liq. Bir safar MYu - «Liverpul» bahsidan oldin Fergi o‘z shogirdlariga bor yo‘g‘i bittagina ko‘rsatma bergani haqida haligacha aytib yurishadi: «Makmanamanni to‘xtating, qolgani oson!» Fergyussondek inson tomonidan shunday alqov olish uchun futbolchi albatta, super bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, Stiv so‘nggi 30 yillikdagi “Liverpul”da ochilishi qiyin», deya baholangan futbolchilar orasida ham eng zo‘r o‘yin ko‘rsatgani sifatida tan olinadi.

Makmanaman 1999 yilda klubni erkin agent sifatida tark etib, «Real» safiga borib qo‘shiladi. Bungacha u 240 ta o‘yinda maydonga tushib, 41 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan hamda o‘z vaqtida sardorlik bog‘ichini ham munosib himoya qila olgan.

steve-mcmanaman-liverpool_1la4j25jc1n1711a9qs2gs8ptl

Vinger (o‘ng qanot) - Muhammad Saloh

Misrlik superyulduz faoliyatining dastlabki yillari ancha omadsiz kechgan. Dastlab, «Chelsi»da o‘zini ko‘rsata olmagach, «Fiorentina» va «Roma»da bir muddat ijarada bo‘ladi. Aynan Rimdagi o‘yinlari tufayli Yurgen Kloppning e’tiboriga tushib, «Liverpul»ga taklif qilinadi. «Liverpul»dagi debyut mavsumidayoq barcha musobaqalarda 44 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan futbolchi Premer-liga “oltin butsa”sini qo‘lga kiritadi va Angliyada “yilning eng yaxshi o‘yinchisi” deb topiladi. Bu erda haqiqiy yulduz darajasiga ko‘tarilgan Muhammad Saloh kelasi mavsum jamoasi bilan Chempionlar Ligasi kubogini boshi uzra baland ko‘taradi va APLning “oltin butsa”sini yana bir bor qo‘lga kiritadi. 2019-20 yilgi mavsumda esa jamoasi bilan klub muxlislarini uzoq kuttirgan Premer-liga kubogini yutishga muvaffaq bo‘ladi. Hujumda Saloh o‘z sheriklari Firmino va Mane bilan fantastik trio hosil qilib, barchani hayratga soluvchi gol mashinasiga aylangan.

Shubhasiz, haqiqiy afsona!

mohamed-salah-liverpool-leeds-2020-21_gl0x0547rb7p1wc0kkw49bzs2

Vinger (chap qanot) - Sadio Mane

Senegallik super iqtidor egasi Sadio Mane 2016 yil yozida «Sautgempton»dan «Liverpul»ga o‘tganidan to hozirgacha o‘zini dunyoning eng yaxshi hujumchilaridan biri sifatida ko‘rsatib kelishdan charchamayapti. U Klopp qo‘l ostida «Sautgempton»dagiga qaraganda bir necha barobar o‘sdi va dunyoga tanildi. Shubhasiz, uning raketa tezligi, olovli zarbalari, hal qiluvchi gollari va shedevr uzatmalari Sadioni muxlislar uchun eng sevimlilardan biriga aylantirgan. Ilk mavsumida 13 ta, ikkinchi mavsumida chap qanotda sinab ko‘rilgach 20 ta, 3-mavsumida esa 26 ta va «Liverpul» APL chempioni bo‘lgan yili 22 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan hamda aynan shu yili u Premer-liga “oltin butsa”sini ham qo‘lga kiritgan.

U jamoasi uchun har narsani qilishga qodir va eng muhim paytlarda u doim o‘zini ko‘rsatgan. Oddiy misol qilib, Kariusning kulguli xatolari bilan eslanadigan EChL finalini yodga olish kifoya. O‘shanda «Liverpul»ni o‘yinga qaytargan yagona golga aynan bizning qahramonimiz mualliflik qilgan edi.

«Saloh-Firmino-Mane» triosi hali-hanuz dunyoning eng dahshatli hujum chizig‘i sifatida e’tirof etiladi va bu Kloppning ilk buyuk imzosi sifatida tarixga muhrlanadi.

sadio-mane-liverpool-2019-20_14uvaynrbh2121g3q7o2kla4vc

Forvard - Luis Suares

«Liverpul»ning Premer-liga davridagi hujumchilari orasida Suaresdanda ko‘proq o‘yin o‘tkazgan va ko‘proq gol urgan o‘yinchilar ham topiladi, biroq Suareschalik muxlislar «og‘zini ochirib qo‘ygan»lari deyarli topilmaydi. Robbi Fauler va Maykl Ouendan farqli o‘laroq, Luis klubda atigi 3 yarim yil o‘ynaydi va shu muddatning o‘zida o‘z nomini klub tarixiga o‘chmas harflar bilan yozib ketadi. 2011 yil yanvarida «Ayaks»dan «Liverpul»ga o‘tgan Suares klub bilan atigi bitta sovrinni - 2012 yilgi Angliya Liga kubogini qo‘lga kiritganiga qaramay, 2 yil ketma-ket Premer liga va Evropaning “oltin butsa”larini qo‘lga kiritadi. 133 o‘yinda 82 ta gol urgan urugvaylik super hujumchi 2013-14 yilgi mavsumda Brendan Rojers qo‘l ostida chempionlikka juda yaqin keladi va aynan shu yili «Barselona»ga o‘tib ketadi. Uning Mersisayddagi 3 yarim yillik o‘yinlarini hayrat bilan tomosha qilgan muxlislar esa haligacha uni unutishmagan va Suaresni doim yaxshi xotiralar bilan eslashadi.

liverpool-striker-luis-suarez_1ckp24z7y6kro1nwf7a2d88cvf

Bosh murabbiy: Yurgen Klopp

Shubhasiz, u zamonaviy futboldagi eng mohir murabbiylardan biri! Aynan uning mahorati evaziga «Liverpul» avvalgi shon-shuhratini qaytarib oldi va 30 yil deganda APL chempioni bo‘ldi. Uning sharofati bilan jamoa yangidan tuzildi va Evropaning eng kuchli jamoalaridan biriga aylandi. Klopp - «Liverpul» afsonasi!

5cad04bf71cd0_yurgen_klopp

Zaxira o‘rindig‘i

Asosiy tarkibga kira olmay qolgan eng yaxshi futbolchilarni zaxira o‘rindig‘i uchun munosib ko‘rdik va ularni ham birin-ketin tanishtiramiz.

Darvozabon: Pepe Reyna (Alissondan keyingi eng yaxshi darvozabon. Reyna zaxira o‘rindig‘i uchun aniq tanlov);

Himoyachi: Sami Xyuyupya, Martin Shkrtel (Jamoaning ko‘p yillik barqaror va super himoyachilari);

Yarim himoyachilar: Jordan Xenderson, Jeyms Milner (Premer-liga kubogini boshi uzra baland ko‘targan ikki qahramon: ikkisi ham etakchi, jamoa sardori, penaltilar ustasi);

Hujumchilar: Maykl Ouen, Fernando Torres, Robbi Fauler va Roberto Firmino (Fauler klub tarixidagi eng yaxshi to‘purar. Fidokorona yorqin xizmatlari evaziga Saloh va Manening tanilishida katta rol o‘ynagan Firminosiz esa, Klopp bu natijalarning birortasiga ham erisha olmasligi aniq edi. Shunday ekan, ular bu joy uchun munosib! Torres va Ouen esa hamon mersisaydlik muxlislar ko‘z o‘ngida yoqimtoy bolakaylar bo‘lib gavdalanaveradi. Ularning yosh va jo‘shqin futboli butun “Enfild”ni larzaga sola olgan).

 

Abdulla Mannonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!